Линклар

Шошилинч хабар
07 март 2025, Тошкент вақти: 02:19

"Aholini gazsiz qoldirgani uchunmi?" Hokimlarga mukofot puli va amaldorlar biznesi


Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uning viloyatga tashrifi chog‘ida. 14-mart 2023-yil. Video skrinshoti.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uning viloyatga tashrifi chog‘ida. 14-mart 2023-yil. Video skrinshoti.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov mahalliy amaldorlarni mukofotlash uchun 661 million so‘m ajratish haqida shu yil 20-yanvar kuni chiqargan farmoyishini oradan bir hafta o‘tib bekor qildi. Mahalliy nashrlar ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchragan qaror e-qaror.gov.uz platformasida “shaxsga doir ma’lumot borligi” vaji bilan yashirib qo‘yilganiga e’tibor qaratmoqda.

Hokimlik mablag‘lar “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga yo‘naltirilishini ma’lum qilgan.

Ayni paytda o‘tgan yili O‘zbekistonda mansabdor shaxslar davlatga 3.6 trillion so‘m zarar yetkazgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, bu 2023- yilga (1,55 trillion so‘m) nisbatan 2,3 barobar ko‘pdir.

Viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tuman hokimlariga yuzlab million so‘m mukofot puli to‘lab berishni rejalagan Surxondaryo viloyat hokimligining 12 ta ijro hujjatlari bo‘yicha jami 48 million 795 ming so‘m qarzdorligi mavjudligi va ayrimlari bir necha yillardan buyon to‘lanmay kelayotgani o‘rtaga chiqqan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2024-yilda viloyatda mahalliy byudjet daromadlari 3,1 trln so‘mni, xarajatlari esa 4,9 trln so‘mni, defitsit 1,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Hozirda AQSHda istiqomat qilayotgan Smail Ospanov 1995-2002-yillarda Navoiy viloyati Konimeh tumaniga hokimlik qilgan, 2003-2004-yillarda Navoiy viloyati hamda Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Uning aytishicha, mahalliy hokimlarning byudjet mablag‘larini mukofot puli uchun sarflashga vakolati yo‘q.

"Bu yerda biz soliq to‘lovchilarning pullari haqida gapiryapmiz. Bu pullarni hokimlar o‘zlari va yordamchilariga mukofot puli sifatida taqsimlashga vakolati yo‘q", deydi Ospanov.

Iqtisodchi professor, ro‘yxatga olinmagan “Haqiqat‌ ‌va‌ ‌Taraqqiyot”‌ sotsial-demokratik ‌partiyasi‌ ‌yetakchisi Xidirnazar ‌Allaqulov jamoatchilik Surxondaryo viloyat hokimining qaroridan faqat ijtimoiy tarmoq orqali xabar topganiga e’tibor qaratadi.

"Surxondaryo hokimining qarori tarmoqqa chiqib ketmaganida hokimlar shu mukofot pulini olar edi. Hozir bu narsa fosh bo‘lganidan keyin pulni kambag‘allikni kamaytirishga sarflaymiz deyishyapti. Nima qilgan ishi uchun hokimlarga mukofot berilishi kerak? Aholini qishda gazsiz qoldirgani uchunmi? Bolalarga beriladigan pulni kesishdi, lekin hokimlarga 2 ming dollardan mukofot pullari yozilyapti", deydi professor Allaqulov.

Hokimlar o‘zlariga va muovinlariga mukofot puli chiqarib bergani bilan bog‘liq holatlar bundan oldin ham bo‘lgan.

Avvalroq Toshkent shahrining Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov o‘z sektorini “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi, deb e’lon qilgani va sektor rahbari sifatida mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan hisobidan o‘zini o‘zi taqdirlab, 61 mln 875 ming so‘m ajratgani xabar qilingandi.

O‘tgan oy Muborak tumani hokimi birinchi o‘rinbosariga bir kunda 29 million so‘mga yaqin mukofot puli chiqargani, bundan oldin 2023-yilda yaxshi ko‘rsatkichi uchun 14 million 578 ming so‘m, keyin Konstitutsiya bayramini bahona qilib faqat o‘ziga 2 oylik ish haqi miqdorida 14 million so‘m rag‘bat puli olgani tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Uch yil avval Toshkentning Sergeli tumani hokimi o‘ziga 35 mln. so‘mlik mukofot puli yozgani haqida ham xabarlar o‘rtaga chiqqandi.

Sergeli tumanining o‘sha paytdagi hokimi Elbek Shukurov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida tuman hokimlarining oylik maoshi 5 mlndan 6 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkinligi, bundan tashqari, u o‘ziga xodimlari bilan bir hil miqdorda rag‘bat puli ajratishini aytib o‘tgandi.

"Hokim "premiya“ bilan 5 mlndan 6 mln so‘mgacha oladi. Ish haqi miqdori bir xil, lekin tumanlar hokimlari o‘z xodimlariga o‘zlari bajargan budjetiga qarab rag‘bat pullarini belgilash huquqiga ega. Ma’lum bir mablag‘ bo‘ladi, agar siz bu byudjetni amalga oshirsangiz hisobingizda qanchadir miqdorda mablag‘ paydo bo‘ladi. Ulardan ma’lum miqdorini ehtiyojlarga yo‘naltira olasiz, ya’ni o‘zingiz uni taqsimlashingiz mumkin", deb aytgan sobiq hokim.

U o‘ziga boshqa xodimlar bilan bir xil «premiya» puli ajratishini ham qo‘shimcha qilgan.

"Agar o‘zimga rag‘bat pulini yozmasam, «unga ish haqi kerak emas, kimdir unga [pul] olib kirib beradi» deb o‘ylashi aniq. Ko‘proq yozish — adolatdan emas. Chunki ular mendan kam ishlashmasliklarini ko‘raman. Shuning uchun o‘rtacha «premiya» yoziladi. Qaysidir xodimlarimning «premiya"si menikidan ham ko‘p bo‘ladi. Men o‘zim belgilayman. Ularning orasida haqiqatda ko‘proq ishlab, o‘zini ko‘rsatganlar bo‘ladi".

Hokimlar to‘q bo‘lsa pora olmaydimi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida moddiy rag‘bat poraxo‘rlikning oldini olishga hissa qo‘shishi, amaldor moddiy tomondan to‘q bo‘lsa, korrupsiyaga yo‘l qo‘yishi ancha kamayishini aytgan.

Hokimlarning qancha maosh olishi haqida rasmiy statistika yo‘q, ammo hokimiyat tizimida ishlaydigan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon maoshlar "karrasiga oshgan".

Ayni paytda karrasiga oshgan narsa faqat hokimlar va boshqa mulozimlarning maoshlarigina emas.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, o‘tgan yili mansabdorlarning korrupsiya jinoyati davlat haznasiga 3 trillion 608 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

2024-yilda korrupsiya, xizmat lavozimini suiiste’mol qilish, talon-tarojlik kabi 3821 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 4906 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagiga nisbatan ortgan 2023-yilda 3412 nafar mansabdorga jinoyat ishi ochilgan bo‘lsa 2024-yilda bu raqam 3575 tani tashkil etgan.

Shularning 4425 nafari tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar bo‘lgan.

Shu oy boshida Ozodlik vazir va hokimlar Yangi yilda Bosh vazir Aripovning maxsus farmoyishi bilan davlat hisobidan dam olgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda hokimlarning o‘zboshimcha qarorlari va davlat mablag‘larining talon-toroj qilinishini faollar parlament nazorati yo‘qligi bilan tushuntirishadi.

Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev davriga kelib mintaqaviy yalpi ichki mahsulot tushunchasi paydo bo‘ldi va soliq tushumlarining bir qismi viloyatlar byudjetlariga qoldirilishi aytildi. Mahalliy byudjetlar ijro hokimiyatidan mustaqil bo‘lmagan mahalliy kengashlar timsolida to‘liq hokimlar tomonidan nazorat qilinadi.

Mahalliy hokimliklar o‘zlariga qimmatbaho mashina sotib olish yoki hashamatli tadbirlar uyushtirishga ajratilgan moliya ko‘pincha "budjetdan tashqari mablag‘lar"dan shakllantirilgani aytiladi. Ammo aholining elektr, gaz, yo‘l va ichimlik suvi kabi muammolarini hal qilolmayotgan mahalliy hokimiyatlarda bu mablag‘lar qayerdan shakllanayotgani ochiqlanmaydi.

Davlat amaldorlari daromadi qachon ochiqlanadi?

O‘zbekistonda amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish haqida ilk bor 2017-yilda rasmiy darajada gapirilgan. Adliya vazirligi ishlab chiqayotgani aytilgan loyihada davlat xizmatida lavozimni egallagan (“kichik mutaxassis” toifasidan tashqari) davlat xizmatchilari har yili mulki, daromadlari va xarajatlari, shuningdek, o‘z oila a’zolarining mulki, daromad va xarajatlari haqidagi deklaratsiyani taqdim etishi ko‘zda tutilgan.

2019-yil 27-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida ham deklaratsiya masalasiga alohida urg‘u berilgan. Deklaratsiyani joriy etishda asosiy ijrochi sifatida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ko‘rsatilgan.

Keyinroq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Prezidentining “Davlat xizmatchilari ayrim toifalarining mol-mulkini, daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash va zarur texnik infratuzilmani bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi rus tilida joylashtirildi.

Hujjatda 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekistonda davlat xizmatchilari ayrim toifalarining, shuningdek ularning oila a’zolarining (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i va farzandlari, shu jumladan, farzandlikka olingan oila a’zolari) mol-mulki, daromadlari va xarajatlari har yillik deklaratsiyalash yo‘li bilan nazoratga olinishi rejalashtirilgani aytilgan. Ammo oradan besh yil o‘tgan esa-da, bu tizim hanuz ishgan tushgani yo‘q.

Озодбек Назарбеков фирмаси. Манфаатлар тўқнашуви қачон барҳам топади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:19 0:00

O‘tgan yil iyunida qariyb bir yil kechikkan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun, nihoyat prezident Mirziyoyev tomonidan imzolandi. Qonun rasman e’lon qilingandan olti oy o‘tib, 2024-yil 6-dekabrdan kuchga kirgan. Ammo hozirgacha qonun amalda qanday tadbiq etilayotgani borasida rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar hamda ularning oila a’zolari biznes bilan shug‘ullanishi keng tarqalgan ko‘rinish. Oldinroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qator mansabdor shaxslar tadbirkorlik subyektlarida ta’sischi yoki ulushga ega ekani haqidagi ma’lumotlarni ochiqlagandi. Ular orasida Energetika vaziri o‘rinbosari, qator tuman hokimlari va agentlik rahbarlari bor. Aksilkorrupsiya agentligi hozirdabu mulozimlar rahbarlik qilgan xususiy korxonalar faoliyati tugatilganini aytgan, ammo qay shaklda tugatilgani va manfaatlar to‘qnashuvi natijasida yetkazilgan zararni ochiqlamagan.

XS
SM
MD
LG