Линклар

Шошилинч хабар
06 март 2025, Тошкент вақти: 20:31

Allamjonov: Kimdir suiqasdga qo‘l uradi deb o‘ylamagandim


Komil Allamjonov prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin shaxslardan biri sanaladi.
Komil Allamjonov prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin shaxslardan biri sanaladi.

O‘zbekiston Prezident administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonov 2024-yil 26-oktyabrida unga nisbatan bo‘lgan suiqasddan so‘ng ilk bor intervyu berdi.

Sobiq mulozim Britaniyaning Financial Times nashriga bergan intervyusida Toshkent chekkasida sodir bo‘lgan qurolli hujum haqida so‘zlab bergan. Uning aytishicha, hujum bo‘lgan kecha avtomobili temiryo‘l kesishmasi yonida to‘xtaganida o‘q ovozlari eshitilgan va mashinaga to‘rtta o‘q tekkan. Hujumchi qo‘lidagi qurolning nosozligi Allamjonovning joniga oro kirgan.

Prezidentning sobiq matbuot kotibiga ko‘ra, u avvaliga nima bo‘layotganini tushuna olmagan.

“Yomg‘ir yog‘ar, atrof qorong‘i edi, hech nimani ko‘rganim yo‘q. Temir yo‘l yoqasidagi chiroqlarda qisqa tutashuv bo‘lgandir deb o‘yladim”, deydi Allamjonov o‘sha tunni xotirlar ekan. Birdan o‘q ovozlari yangrab, mashinaga to‘rtta o‘q tegadi va u haydovchiga buyuradi: “Gazni bos!”

Ushbu voqea siyosiy qotilliklar aytarli sodir bo‘lmaydigan O‘zbekistonni larzaga soldi. Suiqasd ortidan boshlangan tergov-tekshiruv ko‘lami Janubiy Koreya va Chechenistonni ham qamrab oldi, hatto mamlakat hokimiyatining yuqori eshelonlarigacha yetib bordi.

Siyosiy doiralar orasidagi eng yirik tozalash kampaniyasida xavfsizlik xizmatining bir nechta yuqori martabali xodimi lavozimidan chetlatildi.

Ekspertlar suiqasdni hukmron elita ichida taranglik kuchayishi bilan bog‘lashdi. Berlindagi Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi markazi eksperti Temur Umarov Financial Times'ga bergan izohida suiqasdni O‘zbekiston uchun misli ko‘rilmagan voqea deb atarkan, elita ichidagi nizolar odatda imi-jimida hal qilib kelinganini ta’kidladi.

2016-yilda iqtidorga kelgan Shavkat Mirziyoyev oldingi prezident Islom Karimovga qiyosan, o‘zini 35 million nufusli davlatning zamonaviy va islohotchi lideri deb ko‘rsatayotganiga qaramay, avtoritar rahbarligicha qolayotir, deb yozadi Britaniya nashri.

Sovet Ittifoqi parchalanishi natijasida mustaqillikka erishgan O‘zbekiston o‘nlab yillar mobaynida inson haqlari qo‘pol buzilishi, Islom Karimovning kleptokratik boshqaruvi hamda uning qizi Gulnoraning hashamatli hayoti bilan bog‘lab kelindi.

Biroq 2016-yilda Karimov o‘lganidan so‘ng uning vorisi Shavkat Mirziyoyev islohotlarga kirishdi va mamlakat imijini yangilay boshladi. Yangi prezident qator taniqli siyosiy mahkumlarni ozod etdi, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, OAV erkinligini mustahkamlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo‘yish niyatini ta’kidladi. Ushbu qadamlar xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortdi, G‘arbdagi ayrim nashrlar va mulozimlar muhtamal “o‘zbek bahori” haqida gapira boshladilar.

Mirziyoyev o‘ziga matbuot kotibi etib tayinlagan Komil Allamjonov prezidentning islohotchi obrazini shakllantirishda, shuningdek, O‘zbekistonni avvalgidan ancha ochiq va investitsiyalar uchun jozibali mamlakat o‘laroq targ‘ib qilinishida muhim rol o‘ynadi.

Ammo va’da qilingan ko‘plab islohotlar baribir amalga oshmadi, jarayon sustlashib ketdi, deb yozadi Financial Times.

Tahlilchilar O‘zbekiston iqtisodiyoti hanuz markazlashgan va shaxsiy hokimiyatga tobeligicha qolayotganini, OAV erkinligi esa yana cheklana boshlanganini aytadi.

2022-yilda Qoraqalpog‘istonda namoyishlar ayovsiz bostirilib, kamida 21 kishi halok bo‘ldi.

2023-yilda o‘tkazilgan konstitutsiya islohoti esa prezident hokimiyatini battar kuchaytirdi.

Shunga qaramay, Komil Allamjonov hamon eng nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi va bu asosan prezidentning to‘ng‘ich qizi, 40 yoshli Saida Mirziyoyeva bilan yaqinligi sharofatidir. Mazkur tandem mamlakatda qatag‘onlar qaytadan kuch ola boshlaganiga qaramay islohotlar va so‘z erkinligini faol qo‘llab-quvvatladi.

Allamjonovga suiqasd O‘zbekistonda taranglik ortayotgani ramzi bo‘ldi va prezident Mirziyoyevning islohotchilik yo‘li barqarorligini shubha ostiga qo‘ydi.

To‘ng‘ich qizning nufuzi ortgani sayin kuzatuvchilar u bilan kuyov – kichik qiz Shahnozaning eri Otabek Umarov o‘rtasida raqobat avj olayotganini qayd etishgandi. Biroq oila birligini namoyish etdi.

Berlindagi Karnegi markazi eksperti Temur Umarov dabdabali hayotga o‘chligi, aralash jang san’atlari va ko‘chabop kiyim-kechak brendini qo‘llab-quvvatlashi ortidan tanilgan familiyadoshi Otabekni “Toshkentdagi oltin avlodning xos vakili” deya ta’riflaydi. Shuningdek, Otabek Umarov prezident xavfsizlik xizmati rahbariga o‘rinbosar bo‘lib ishlagan davrida katta obro‘-e’tibor qozongan edi.

Joriy yil fevralida harbiy sud yopiq majlisda suiqasd ishi bo‘yicha 10 kishiga nisbatan hukm o‘qildi. Biroq faqat besh mahkuming ismlari e’lon qilindi. Ular orasida hukmron oila vakillari yo‘q edi, binobarin, Allamjonovga hujumda prezident oilasidan biron kishi, xususan Umarovning qo‘li bor, deb taxmin qilish uchun asos mavjud emas. Ammo sudlanganlardan uch nafari kuchishlatar idoralar xodimlari ekani suiqasd yuqori darajada rejalanganidan dalolat beradi.

“Hujum meni qattiq shokka soldi. Kimdir shunaqa ishga qo‘l ura oladi deb sira o‘ylamagandim”, deydi Allamjonov. U Financial Times bilan telefon orqali muloqot chog‘ida suiqasd bo‘lgan tun haqida so‘zlab bergan, ammo sud jarayoni davom etayotgani sababli boshqa izoh bermagan.

Ozodlik surishtiruvida Allamjonovga hujum qilgan ikki kishi mototsikllarda voqea joyidan tezda yashirinib, Farg‘ona shahriga jo‘nab ketgani va u yerdan Qirg‘izistonga o‘tib ketish niyatida bo‘lgani o‘rtaga chiqqan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ularni qo‘lga oldi. Bundan oldinroq esa ikkovlon video yozib, ijtimoiy tarmoqda e’lon qiladilar. “Biz bu ishni faqat pul uchun qildik”, deydi ulardan biri va Allamjonov piar uchun o‘zi bu hujumni uyushtirganini aytar ekan.

Kalava yechila boshlangach, uning bir uchi Chechenistonga boshlab bordi. Ozodlik surishtiruvida Allamjonovga hujum qilishda ayblanganlardan biri 2021-yilda Turkiyada Ramzan Qodirovning chechen tanqidchilarini o‘ldirish uchun til biriktirgan degan gumon bilan ushlangani aniqlandi.

Huquq tartibot idoralari Rossiya fuqarolari bo‘lmish ikki chechen hujum uchun qurol yetkazib berish maqsadida O‘zbekistonga kelib-ketishganini ma’lum qildi. Toshkent ularni hibsga olishga xalqaro order berdi, biroq Qodirov chechenlarning bu ishga daxli yo‘qligini iddao qilib, ularni O‘zbekistonga topshirishdan bosh tortdi.

“OAV go‘yo suiqasdda men ishtirok etganim haqida yozmoqda. Ammo, agar men tayyorlaganimda bu ishni oxiriga yetkazgan bo‘lardim”, deb yozdi Qodirov Telegram'da. U o‘zini O‘zbekistondagi eng nufuzli oilaning do‘sti, yuz berayotgan voqealarni esa “prezidentning yaqinlarini zaiflashtirishga urinish” deb atadi. Keyinroq Telegram kanalida yana shunday yozdi: “Komil Allamjonov bilan Dmitriy Liga o‘zlarini jabrdiyda qilib ko‘rsatishda haddan oshmaslikni tavsiya qilaman. Nimani o‘ylagan bo‘lishmasin, vaqtida to‘xtaganlari ma’qul. Aks holda, barcha fitnalar-u bo‘htonlar uchun javob berishlariga to‘g‘ri keladi. Men bu yerda o‘z odatimiga xos javob haqida gapiryapman”.

Hujumdan bir oy o‘tib xavfsizlik xizmatidagi bir necha yuqori martabali xodimning lavozimi tushirildi. Umarovning o‘zi ham obro‘li lavozimdan ayrilib, mamlakat Olimpiya qo‘mitasiga ishga o‘tkazildi.

Gumonlangan shaxslarning uylarida o‘tkazilgan tintuvlarda yangi dalillar o‘rtaga chiqdi, oqibatda Janubiy Koreyada o‘zbek tadbirkori Javlon Yunusov hibsga olindi. U O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinib, yopiq o‘tkazilayotgan sud jarayoniga jalb etildi.

Pirovardida Yunusov – 18,5 yilga, prezident qo‘riqchilarining sobiq boshlig‘i Shuhrat Rasulov – 23 yilga, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari 7 yilga qamaldi. Ikki hujumchiga esa 23 yildan qamoq jazosi tayinlandi.

O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov qizi Gulnoraning diplomatik lavozimlarda ishlashiga ruxsat bergan bo‘lsa-da, real hokimiyat va davlat ishlaridan uzoq tutardi.

“Gulnora elita ichidagi muvozanatga ta’sir qilishga uringani zahoti Karimov shaxsan o‘zi uni uy qamog‘iga oldirgandi”, deb urg‘ulaydi Temur Umarov.

Bir paytlar potensial voris deb ko‘rilgan Gulnora Karimova hozirda Toshkent yaqinidagi koloniyalardan birida jazo muddatini o‘tamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Allamjonov ishiga ochiq izoh bergan emas. Biroq, inson huquqlari bo‘yicha yurist va Janubiy Kaliforniya universiteti professori Stiv Sverdlovga ko‘ra, u “Gulnora voqeasidan katta saboq olgan bo‘lishi turgan gap”.

“Menimcha, u o‘z oilasida va o‘z prezidentlik davrida bunday shekspirona fojia bo‘lmasligi uchun zo‘r berib urinmoqda”, deya qo‘shimcha qiladi ekspert.

XS
SM
MD
LG