AQSH prezidenti Donald Tramp yangi muddatida ilk bor Kongressga murojaat qildi. Qariyb ikki soat davom etgan murojaat “Amerikaning qaytishi” va “Amerika tarixidagi eng buyuk davr”ga bag‘ishlandi.
“Amerika qaytdi!” – deya o‘z so‘zini boshladi AQSH prezidenti respublikachi kongressmenlarga minnatdorlik bildirganidan so‘ng. Shundan so‘ng Tramp prezidentligining olti haftasi mobaynida ma’muriyat tomonidan qanday ishlar bajarilganini eslatdi. U tashqi siyosat masalalarini nutqining xulosa qismida muhokama qildi va eng oxirida Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga to‘xtaldi.
Ukraina atrofidagi vaziyat
Donald Tramp Ukraina prezidentidan maktub olganini, unda Zelenskiy sulh muzokaralariga tayyorligini bildirganini ma’lum qildi.
“Bugun men Ukraina prezidenti Zelenskiydan muhim maktub oldim. Maktubda: “Ukraina mustahkam tinchlik yaqinlashishi uchun mumkin qadar tezroq muzokara stoliga o‘tirishga tayyor. Tinchlik bo‘lishini hech kim ukrainlardan ortiqroq istamaydi”, deyilgan”, dedi Tramp.
Unga ko‘ra, Zelenskiy shuningdek foydali qazilmalar bo‘yicha bitimni “istalgan paytda” imzolashga shayligini ham bildirgan.
“Ayni chog‘da biz Rossiya bilan ham jiddiy muhokamalar qilib, uning sulhga tayyorligi to‘g‘risida kuchli mujdalar oldik”, qo‘shimcha qildi AQSH prezidenti.
“Ukrainadagi shafqatsiz mojaro tugasin deb tinim bilmay ishlayapman, – davom etdi Tramp. – Adog‘i ko‘rinmayotgan bu dahshatli va qattol mojaroda millionlab ukrainlar va rossiyaliklar bekorga o‘lib ketdi yoki yaralandi. AQSH esa Ukraina mudofaasini dastaklashga yuzlab milliard dollar pul sarfladi”.
“Siz bu hol yana besh yil davom etishini istaysizmi?” – savol qo‘ydi Tramp va AQSH Ukrainani dastaklashga Yevropadan ancha ko‘p pul sarflaganini yana bir karra pisanda qildi.
“Afsuski, Yevropa Ukrainani himoya qilishdan ko‘ra, Rossiyadan neft va gaz sotib olishga ko‘proq mablag‘ sarfladi. Bu haqda o‘ylab ko‘ringlar”.
Amerika prezidenti Rossiyaning Ukrainaga bosqinini “agressiya” deb atamadi, shuningdek urushga barham berishga doir rejalarini ham ochiqlagani yo‘q.
AQSH Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi. Nima ma’lum?
Prezident Tramp o‘tgan hafta Oval kabinetda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan to‘qnashuvdan so‘ng Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘ydi. Tramp xavfsizlik kafolatlari bermasdan turib, Rossiyabilan tinchlik bitimi tuzishga majburlash uchun Kiyevga bosim o‘tkazmoqda.
"Biz yordamimiz muammoni hal qilishga hissa qo‘shishiga ishonch hosil qilish uchun uni to‘xtatib, qayta ko‘rib chiqmoqdamiz, – deya Oq uyning bir rasmiysi uchinchi mart kuni anonim holda aytgan so‘zlaridan iqtibos keltiradi OAV. – Prezident tinchlikni maqsad qilganini aniq aytdi. Hamkorlarimiz ham shu maqsadga sodiq bo‘lishi kerak."
"Bu yordamni butunlay to‘xtatish emas, bu vaqtinchalik to‘xtash," deya Tramp ma’muriyati vakilidan iqtibos keltiradi Fox News. Bloomberg va Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, bu to‘xtash Tramp Ukraina tinchlikka intilmoqda deb xulosaga kelmaguncha davom etadi.
Biroq, yordamdagi bu tanaffus Qo‘shma Shtatlarning Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi qo‘llab-quvvatlashi haqidagi mavjud savollarni yanada kuchaytirmoqda. Chunki Rossiya qo‘shinlari ko‘p oylar davomida katta yo‘qotishlar evaziga ustunlik qilmoqda, Ukraina esa kadrlar bilan bog‘liq muammolar va 1945-yildan beri Yevropadagi eng yirik urushdagi boshqa qiyinchiliklar ichida qolgan.
Amerika qurollarini front chizig‘iga yetkazib berishdagi har qanday uzilish Ukrainaning Rossiya bosqinini qaytarish imkoniyatlarini tezda zaiflashtiradi. To‘xtatib turish "AQSHning hozirda Ukraina hududida bo‘lmagan barcha harbiy texnikasiga, jumladan, samolyot va kemalarda yo‘lda bo‘lgan yoki Polshadagi tranzit zonalarida kutayotgan qurollarga" taalluqli, deb yozadi Bloomberg.
To‘xtatilgan harbiy yordamning aniq hajmi noma’lum, biroq sobiq prezident Jo Bayden davrida Kongress tomonidan tasdiqlangan 3,85 milliard dollarlik qurol-yarog‘ o‘tkazmasi Oq uy tomonidan hali taqsimlanmagan. Yanvar oyida Donald Tramp o‘z lavozimini egallaganidan beri yangi harbiy yordam ham tasdiqlanmagan.
2022-yil fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri AQSH Kongressi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 180 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi, bu mablag‘ning uchdan ikki qismi harbiy yordamdir.
"Avvalo, Amerika yordamining to‘xtatilishi zenit raketalari, HIMARS o‘q-dorilari va artilleriyaga ta’sir qilishi mumkin, – deb yozdi ukrainalik deputat Aleksey Goncharenko Telegram'da. – Qo‘shma Shtatlar HIMARS va ATACMS tizimlarining yagona ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, agar ular tugab qolsa, Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari chizig‘idan uzoqqa zarba berish va o‘z front orti pozitsiyalarini himoya qilish qobiliyati xavf ostida qoladi."
"Yevropa joriy yil boshidaAQSH tomonidan yetkazib berilgan o‘q-dorilar bilan birgalikda Ukrainaning artilleriya o‘q-dorilariga bo‘lgan ehtiyojining katta qismini qondirish uchun choralar ko‘rishi mumkin, – deydi Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi katta ilmiy xodimi Maykl Kofman The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida. – Muammolar yoz yaqinlashgan sari yaqqolroq namoyon bo‘la boshlaydi."
Agar AQSH tomonidan harbiy yordam butunlay to‘xtatilsa, Ukraina bugungi kunda qurolli kuchlar tomonidan qo‘llanilayotgan barcha qurollarning 30 foizigacha qismini yo‘qotishi mumkin, dedi Defense Express harbiy-tahliliy sayti bosh muharriri Oleg Katkov Ukrainaning «Suspilne» nashriga bergan intervyusida.
Kongressdagi demokratlar Trampning qarorini darhol qoraladi. "Putinni harbiy jinoyatchi deb atagan va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da bergan respublikachi hamkasblarim menga qo‘shilishlari va prezident Trampdan bu halokatli va noqonuniy muzlatishni zudlik bilan bekor qilishni talab qilishlari kerak," dedi kongressmen, Nyu-York shtatidan demokrat Gregori Miks.
Oq Uydagi janjal
Harbiy yordam ko‘rsatishdagi tanaffus Vladimir Zelenskiyning 28-fevral kuni Oq uyga muvaffaqiyatsiz tashrifidan keyin yuz berdi. Tashrifda Ukrainaning noyob minerallari va uglevodorod resurslarini birgalikda qazib olish bo‘yicha kelishuv tuzilishi kutilgandi, Tramp buni Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik yo‘lidagi eng muhim qadam deb atadi. Buning o‘rniga Oval kabinetdagi kameralar oldidagi uchrashuv shov-shuvli tortishuvga aylanib ketdi: Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens Zelenskiy AQSHning qo‘llab-quvvatlashi uchun ko‘proq minnatdorchilik bildirishi kerakligini va talablar qo‘yishga haqqi yo‘qligini aytdi.
Minerallar bo‘yicha bitim imzolanishi barbod bo‘ldi, Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi, Tramp esa "tinchlikka tayyor bo‘lganida qaytishi" mumkinligini aytdi. Amerikaning yuqori martabali amaldorlari Zelenskiyni munosabatlarni buzganlikda ayblab, uni kechirim so‘rashga chaqirdi. Uchinchi mart kuni Donald Tramp Zelenskiyning Kiyev aniq xavfsizlik kafolatlarsiz o‘t ochishni tezda to‘xtatishga qarshiligini tanqid qilib, sabr-toqati tugayotganini bildirdi.
"Prezident Zelenskiydan sodir bo‘lgan voqeadan afsusda ekanligini, minerallar bo‘yichakelishuvni imzolashga va tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga tayyorligini eshitishimiz kerak," deb ta’kidladi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts 3-mart kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
Zelenskiy urushning tugashi "juda-juda uzoq" ekanini aytganidan so‘ng, Tramp ijtimoiy tarmoqlarda shunday deb yozdi: "Bu Zelenskiy aytishi mumkin bo‘lgan eng yomon bayonot va Amerika bunga uzoq chiday olmaydi!"
Vens 3-mart kuni efirga uzatilgan intervyusida ukrainaliklar uchun eshik ochiq qolishini ta’kidladi. "Ular tinchlik haqida gaplashishni xohlaganda, menimcha, prezident Tramp birinchi bo‘lib go‘shakni ko‘taradi," dedi Vens Fox News telekanaliga. Agar Zelenskiy qo‘ng‘iroq qilib, "tafsilotlarni jiddiy muhokama qilishga" tayyorligini aytsa, unda biz ukrainaliklar bilan so‘zlashishni albatta xohlaymiz," deya qo‘shimcha qildi u.
Vitse-prezident Fox News telekanaliga bergan intervyusida Yevropa yetakchilari Zelenskiyga urush abadiy davom etishi mumkin emasligini aytishi kerakligini ta’kidladi. Uning aytishicha, ular buni shaxsiy muloqotda tan olishadi, ammo jamoatchilik oldida Zelenskiyni "yoqtirish"ga intilishadi. U, shuningdek, prezident Trampning pozitsiyasini himoya qildi. Unga ko‘ra, Vashingtonning Ukraina kelajagidan iqtisodiy manfaatdorligi xavfsizlikning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qiladi. "Agar sizga haqiqiy xavfsizlik kafolatlari kerak bo‘lsa, Vladimir Putin Ukrainaga qayta bostirib kirmasligini istasangiz, unda xavfsizlikning eng yaxshi kafolati amerikaliklarga Ukraina kelajagida iqtisodiy ustunliklar berishdir," dedi Jey Di Vens.
"Bu 30 yoki 40 yil davomida urush olib bormagan tasodifiy mamlakatning 20 ming askaridan ko‘ra ancha yaxshi xavfsizlik kafolatidir," deya qo‘shimcha qildi u. 3-mart kuni Tramp mineral resurslar bo‘yicha bitimni "o‘lik" deb hisoblamasligini ma’lum qildi.
Oval kabinetdagi to‘qnashuvdan keyin AQSHning qo‘llab-quvvatlashi katta shubha ostida qolgani sababli, Yevropa yetakchilari ehtimoliy tinchlik muzokaralarini nazoratga olishga va Ukrainaga harbiy yordamni oshirishga qaror qilishdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning vakili 3-mart kuni stol ustida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning "bir necha variantlari" borligini ma’lum qildi. Bu bayonot Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida havo, dengiz va energetika infratuzilmasiga zarba berish bo‘yicha bir oylik sulh ittifoqchilarga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘t ochishni to‘liq va barqaror to‘xtatishga sodiqligini baholash uchun vaqt berishini aytganidan keyin berildi.
Mers: "Bu qo‘zg‘atilgan keskinlashuv"
Shu bilan birga, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni "Yevropani qayta qurollantirish rejasi" haqida xabardor qilishini aytdi, chunki Yevropa hukumatlari Ukrainadagi urush bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar bilan kuchayib borayotgan kelishmovchiliklarni yumshatishga harakat qilmoqda. "Biz keng ko‘lamli mudofaani kuchaytirishimiz kerak. Biz mustahkam tinchlikni xohlaymiz, ammo mustahkam tinchlik faqat kuchga asoslanishi mumkin, kuch esa o‘zimizni mustahkamlashdan boshlanadi," dedi fon der Lyayen.
Sodir bo‘layotgan voqealar bo‘yicha Yevropaning eng keskin izohlaridan biri sifatida Germaniyada yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar g‘olibi, ehtimoliy navbatdagi kansler Fridrix Mersning so‘zlarini keltirish mumkin. U Oq uyda sodir bo‘lgan voqeani "qo‘zg‘atilgan keskinlashuv" deb baholadi, buni Tramp va uning ma’muriyatini biroz yashirin tanqid deb hisoblash mumkin. "Bu Zelenskiyning so‘zlariga o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan reaksiya emas, balki aniq qo‘zg‘atilgan keskinlashuv edi," dedi Mers 3-mart kuni Gamburgda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida va Yevropa " mustaqil harakat qila olishini ko‘rsatishi kerakligini" qo‘shimcha qildi.
Yevropaning o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha qizg‘in va doimiy munozaralarga hamda Moskva va Vashington o‘rtasidagi ritorikaning iliqlashuvi va aloqalarning kuchayishi haqidagi xavotirlarga qaramay, Yevropa yetakchilari AQSHning yangi ma’muriyati bilan o‘zaro hamkorlik ustuvor vazifa ekanligini ta’kidlamoqda. O‘sha Mersning o‘zi "amerikaliklar Yevropada qolishi uchun hamma narsani qilish" niyatida ekanligini ham aytdi.