Линклар

Шошилинч хабар
06 март 2025, Тошкент вақти: 20:31

40 ga yaqin mulozim uyushgan jinoiy guruh a’zosi bo‘lgan - DXX


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘n yetti nafar soliq idoralari xodimi, bir nafar bojxonachi, bir nafar bankir, bir nafar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va o‘n sakkiz nafar tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslaridan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

DXX matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2020-2023-yillar davomida 8 ta soxta korxona tashkil qilgan ushbu jinoiy guruh xorijga soxta eksport qilingan mebel mahsulotlari uchun qaytarilishi belgilangan 15 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) salbiy farq summasini asossiz qaytarib olish orqali jami 24 mlrd 580 mln so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Jinoiy guruh faoliyatini soliq idoralarining sobiq xodimi muvofiqlashtirib borgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167, 179, 184, 209 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilgan.

Tergov davomida 6 mlrd 808 mln so‘m davlat hisobiga undirilgan. Shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash uchun 6 mlrd 300 mln so‘mlik mol-mulk, jumladan, 1 ta ko‘p qavatli xususiy tibbiy klinika binosi, 1 ta avtomobillar yuvish shoxobchasi, 2 ta xonadon, 6 ta avtomashina hamda telefon va kompyuter jihozlari xatlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan 38 nafar sudlanuvchining 14 nafari 5 yil 6 oydan 7 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilingan. Qolgan sudlanuvchilarga esa moddiy zararni qoplash majburiyati bilan sinov muddati, ozodlikni cheklash kabi jazolar tayinlangan.

Avvalroq mahalliy blogerlar davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori doxil 30 kishilik boshqa bir jinoiy guruh QQSni soxta sxemalar orqali qaytarish yo‘li bilan davlatga qariyb 168 mlrd so‘m zarar yetkazgani haqida xabar qilgandi.

XS
SM
MD
LG