Toshkent viloyati Ohangaron shahri hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zufar Karimov ishdan bo‘shatildi.
Ohangaron shahri hokimi Muzaffar Rajabboyevning 2025-yil 3-martdagi qarorida Karimovning ishdan olinishiga asos sifatida uning arizasi hamda Mehnat kodeksining 160-moddasi (xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish) keltirilgan.
2022-yil iyul oyidan buyon Ohangaron hokimi muovini vazifasida ishlab kelgan Zufar Karimov nomi avvalroq Kun.uz nashri surishtiruvi tilga olingan edi.
Surishtiruvda qayd etilishicha, 2007-yilda odam o‘ldirishga suiqasd jinoyatida ayblanib, 19 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Rustam Qurbonovga tegishli Ohangaron shahridagi uyni tanishi Zufar Karimov sudning hal qiluv qarori bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudida ko‘rilgan sud ishida kvartira egasi ishtirok etmagan. Ammo sud hujjatlarida aslida uzoq muddatga qamalgan mulk egasi “Rossiyaga ishlash uchun ketdi va 4 yildan beri undan xabar bo‘lmadi” deb rasmiylashtirilgan.
Surishtiruvdan keyin Bosh prokuratura holat o‘rganilayotgani va vaziyatga huquqiy baho berilishini ma’lum qilgan. Ammo hozircha tekshiruv natijalari e’lon qilinmagan.
So‘nggi vaqtlarda hokim o‘rinbosarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida bot-bot xabar berilayotganini kuzatish mumkin.
Ozodlik joriy yil yanvar oyida Sirdaryo viloyati Guliston shahri hokimining sobiq o‘rinbosari Qodir Dodoyev juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda aybdor deb topilib, 9 yilga qamalgani haqida xabar qilgandi.
2024-yil noyabr oyida esa Toshkent viloyati Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari 1 million dollar pora olgan vaqtida ushlangan edi.