Линклар

Шошилинч хабар
07 март 2025, Тошкент вақти: 05:36

"Men uyimda o‘lishni istayman." Falastinliklar Trampning G‘azo rejasi haqida


G‘azo bo‘lgasi. 15-may, 2024-yil. Illyustrativ surat
G‘azo bo‘lgasi. 15-may, 2024-yil. Illyustrativ surat

Said Abu Elayshning rafiqasi, ikki qizi va katta oilasidan yigirma kishi so‘nggi 15 oy ichida Isroil havo hujumlari natijasida halok bo‘ldi. Uning G‘azo shimolidagi uyi vayron bo‘lgan. Hozir u omon qolgan oilasi bilan uyi xarobalari ustiga o‘rnatilgan chodirda yashamoqda.

Ammo u prezident Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar G‘azoni egallashi va uni boshqalar uchun qayta qurish maqsadida barcha falastinliklarni G‘azodan ko‘chirishga chaqirganidan keyin ham bu yerdan ketmasligini aytmoqda. Huquq himoyachilari Trampning so‘zlari "etnik tozalash" va majburiy ko‘chirishga chaqiriq bilan barobar ekanligini ta’kidlashdi.

"Biz o‘z yerimizdan deportatsiya qilish va ko‘chirishga qaratilgan har qanday rejalarni qat’iy rad etamiz va ularga qarshilik ko‘rsatamiz," dedi u Jabaliya qochqinlar lageridan turib.

Trampning G‘azoni aholidan xoli qilishga chaqirig‘i falastinliklarni esankiratib qo‘ydi. Hududdagi yuz minglab odamlar Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘tgan oyda erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng, iloji boricha tezroq o‘z uylariga – hatto vayron bo‘lgan bo‘lsa ham – qaytishga shoshilishdi.

Garchi ba’zi ekspertlar Trampning taklifi muzokaralar taktikasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan bo‘lsa-da, falastinliklar buni o‘z vatanlarini butunlay yo‘q qilishga urinish, 1948-yilda Isroil tashkil etilishi bilan boshlangan urushda yuz minglab falastinliklarni hozirgi Isroil hududidagi uylaridan haydab chiqarish va ko‘chirishning davomi sifatida qabul qildilar.

O‘sha voqea falastinliklar orasida "Nakba" (arabchada "Fojia" degan ma’noni anglatadi) nomi bilan mashhur. Trampning bayonoti Isroildagi o‘ta o‘ng siyosatchilarning falastinliklarni G‘azodan Misrga siqib chiqarishga chaqiriqlari bilan hamohang edi.

"Biz ota-bobolarimiz fojiasi takrorlanishini istamaymiz," deydi tibbiy xodim Abu Elaysh.

Ko‘pchilik singari Abu Elaysh ham o‘z oilasi boshidan o‘tkazganlarini misol keltira olardi. Uning aytishicha, 1948-yil may oyida Isroil qo‘shinlari uning buva-buvisini va boshqa falastinliklarni hozirgi G‘azo sektori yaqinidagi Isroil janubidagi Hoj qishlog‘idan haydab chiqarib, ularning uylarini buzib tashlagan. Oila G‘azoning Jabaliya lageriga ko‘chib o‘tgan, bu joy o‘nlab yillar davomida zich qurilgan mahallaga aylangan. Isroil qo‘shinlari so‘nggi oylarda HAMAS jangarilari bilan shiddatli janglar davomida bu yerning katta qismini yo‘q qildi.

Mustafo al-G‘azzorning aytishicha, uning oilasi va boshqa aholi 1948-yilda Isroil qo‘shinlari hozirgi Isroil markazidagi Yabneh shahriga hujum qilganda qochishga majbur bo‘lganida u 5 yoshda edi.

Hozir 80 yoshda, u G‘azo janubidagi Rafah shahridagi havo hujumidan vayron bo‘lgan uyi oldida o‘tirib, 15 oylik urushdan keyin bu yerdan ketishni tasavvur qila olmasligini aytdi.

"Meni chet elga haydab yuborib, o‘rnimga boshqa odamlarni olib kelaman deb o‘ylayapsizmi? Men o‘z chodirimda, xarobalar ostida yashaganim ma’qul, – deydi u. – Ketmayman. Buni qulog‘ingizga quyib oling."

U hozirgi Isroil markazidagi Yavne yaqinida joylashgan Yabnehni nazarda tutib: "Chet elga jo‘nash o‘rniga, o‘zim tug‘ilib o‘sgan va o‘ladigan asl yurtimga qaytishim kerak," deb aytdi. Uning aytishicha, Tramp ikki davlat yechimini izlashi kerak. "Bu ideal, aniq yechim, isroilliklar uchun ham, yonma-yon yashayotgan falastinliklar uchun ham tinchlik," deydi u.

Seshanba kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan yonma-yon turib, Tramp o‘z izohlarida G‘azodagi falastinliklarni Misr, Iordaniya yoki boshqa yerlarga ko‘chirish kerakligini aytib, ularga "yaxshi joy" va’da qildi. Misr va Iordaniya Trampning falastinliklarni o‘z yerlariga ko‘chirish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi.

Tramp AQSH G‘azoni egallashini va uni "dunyo xalqlari" uchun "Yaqin Sharq Rivyerasi"ga aylantirishini aytib, falastinliklar ketishdan bosh tortishi yoki qaytishni istayotgani haqidagi fikrni inkor etdi. Trampning yuqori martabali diplomati va uning bosh so‘zchisi chorshanba kuni prezidentning taklifini yumshatib, G‘azoni qayta tiklashga imkon berish uchun falastinliklarni faqat vaqtincha ko‘chirish haqida gapirdi.

G‘azo markazidagi Dayr al-Baloh shahrida yashovchi 71 yoshli Omina Umar Tramp "aqldan ozgan" deydi.

Umar urush paytida turmush o‘rtog‘iga oshqozon osti bezi saratoni tashxisi qo‘yilgandan keyin Misrga ketgan. Qohirada shifokorlar uning saratoni uzoq vaqt davolanmaganini va u oktyabr oyida vafot etganini aytishgan.

U Misrdagi boshqa falastinliklar singari imkon qadar tezroq vataniga qaytmoqchi ekanini aytdi.

"G‘azo bizning yerimiz, uyimiz. Biz g‘azoliklar bu yerga haqlimiz va uni qayta qurishni istaymiz, – dedi u. – Men erim kabi Misrda o‘lishni istamayman. Men uyimda o‘lishni istayman."

Уруш анатомияси: Араб-Исроил урушлари, Исроил-Фаластин зиддияти тарихи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:23 0:00

Falastinliklar deyarli butun aholi urush tufayli ko‘chirilganidan keyin o‘z uylariga qaytish uchun kuchli qat’iyat ko‘rsatdi. Shodon olomon Isroilning bombalashlari va quruqlikdagi hujumlaridan vayron bo‘lgan G‘azo shimoli va Rafahga qaytdi.

Mahallalari vayronalarga aylangani sababli, ko‘plab qaytib kelganlar boshpanasiz, suv tanqis va aksariyat hududlarda elektr ta’minoti yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik uchun bu vayronagarchilik ularning qolish istagini so‘ndirmagan.

"Boshqa joyda xor bo‘lib yashagandan ko‘ra, uylarimiz vayronalarida yashasak ham, shu yerda qolamiz, – dedi Rafahga qaytib, uyini vayron holda topgan Ibrohim Abu Rizq. – Bir yarim yildan beri bizni qirib, bombalab, yo‘q qilishdi, endi shunchaki ketamizmi?"

AQSH, Misr va Qatar vositachiligidagi otashkesin kelishuvi falastinliklarning o‘z uylariga qaytishini, shuningdek, Isroil va HAMAS hududni kim boshqarishi bo‘yicha kelishuvga erishgan taqdirda, uchinchi bosqichda keng ko‘lamli xalqaro tiklanish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

Xalqaro huquq aholini majburan ko‘chirishni taqiqlaydi. Isroilning "B’tselem" huquqni himoya qilish tashkiloti Trampning bayonoti "taxminan 2 million kishini ildizi bilan qo‘porib tashlash va majburan ko‘chirish orqali etnik tozalashga chaqiriq" ekanligini aytdi. "Bu Tramp va Netanyaxuning G‘azo sektoridagi falastinliklarning ikkinchi Nakbasi uchun yo‘l xaritasi."

Falastinlik qochqinlar xalqaro huquqda qochqinlar uchun keng tan olingan qaytish huquqiga asoslanib, hozirgi Isroil hududidagi uylariga qaytishga ruxsat berilishini talab qilib kelmoqda. Isroil esa bu huquq falastinliklarga taalluqli emasligini ta’kidlab, ommaviy qaytish mamlakatda yahudiylar ko‘pchilik bo‘lishiga barham berishini aytadi.

G‘azodagi 15 oylik urush davomida ko‘plab falastinliklar Isroilning maqsadi aholini qo‘shni Misrga haydash ekanidan xavotirda edi. Hukumat bu maqsadni rad etdi, biroq koalitsiyaning ba’zi qattiq o‘ngchi a’zolari falastinliklarni G‘azoni tark etishga va u yerda yahudiy aholi manzilgohlarini tiklashga undashga chaqirdi. Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda ham bir yildan ko‘proq vaqt davomida zo‘ravonlik kuchaydi.

Trampning chaqirig‘ini G‘arbiy Sohildagi va Iordaniya hamda Livan kabi ko‘p sonli qochqinlar yashaydigan qo‘shni arab mamlakatlaridagi falastinliklar ham rad etdi.

"Agar u G‘azo aholisini ko‘chirmoqchi bo‘lsa," dedi Tramp haqida G‘arbiy Sohildagi Ramalloh shahrida yashovchi Muhammad al-Amiriy, "u holda ularni 1948-yilda ko‘chirilgan asl vatanlariga, Isroil ichidagi aholisi ko‘chirilgan qishloqlarga qaytarishi kerak."

XS
SM
MD
LG