6-mart kuni soat 09:00 dan boshlab O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (metan zapravkalar) faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi, deb ma’lum qildi Energetika vazirligi.
Vazirlik qaydicha, mart oyining dastlabki kunlarida mamlakatda havo harorati keskin tushib, tabiiy gaz iste’moli ortishi va quvurlarda bosimning pasayishi kuzatilgan. Mazkur holatda birinchi navbatda aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlashga ustuvorlik qaratilgan va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.
“O‘tgan kunlar mobaynida olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida quvurlarda gaz bosimi normallashtirildi. Bu esa metan zapravkalar ish faoliyatini tiklash imkonini yaratdi”, deyiladi rasmiy xabarnomada.
Energetika vazirligi keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘ragan.
O‘zbekistonliklar bu yilgi ayozni ham gaz muammosi, metan shoxobchalaridagi uzun navbatlar va elektr energiyasidagi uzilishlar bilan o‘tkazishdi. Hukumatning bu yil qishda gaz va svet muammosi bo‘lmaydi, qabilidagi va’dalari va’daligicha qoldi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024-yil 9-dekabrdan iste’mol yuqori bo‘lgan hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga cheklov kiritilgandi.
Avvalroq Energetika vazirligi mulozimining energobo‘hronni oqlashga urinishi jamoatchilikning keskin tanqidiga sabab bo‘lgandi.