Tramp ma’muriyati Baydenning tashqi siyosatini o‘zgartirish uchun tez harakat qildi, bu ayniqsa Rossiya bilan munosabatlarni tezda yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarda ko‘zga tashlandi. Biroq, Bayden davridan qolgan bir meros borki, Tramp davlat departamenti uni saqlab qolishga intilayotganga o‘xshaydi, deb yozmoqda Eurasianet nashri.
Bu C5+1 formati deb ataluvchi AQSHning Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirish tashabbusidir.
Nashrga ko‘ra, Davlat kotibi Marko Rubio 21-fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan suhbat chog‘ida AQSHning C5+1 tizimini mustahkamlashdan manfaatdorligini ta’kidlagan. Davlat departamenti vakili aytishicha, Rubio "tinchroq va farovonroq Markaziy Osiyoni qo‘llab-quvvatlash maqsadida C5+1 diplomatik platformasi orqali hamkorlikni davom ettirishni muhokama qilgan."
AQSHning Markaziy Osiyoga qiziqishining asosiy sababi mintaqaning boy tabiiy zaxiralari, nafaqat neft va tabiiy gaz, balki yuqori texnologiyali qurilmalar, toza energiya va mudofaa maqsadlarida ishlatiladigan qimmatbaho minerallar va nodir yer elementlaridir, deb yozadi Eurasianet. Geografik omil ham muhim rol o‘ynashi mumkin: Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyning g‘arbiy chegarasida joylashgan bo‘lib, Trampning ikkinchi muddatidagi e’lon qilingan maqsadlaridan biri Xitoyning global iqtisodiy ta’sirini cheklashdir.
Rubio o‘zbekistonlik hamkasbi bilan suhbatda "Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan muhim minerallar va fuqarolik yadro energetikasi texnologiyalariga sarmoya kiritishning o‘zaro manfaatli imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni istayotganini" alohida ta’kidladi.
Saidov O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik qilishga intilayotganini ko‘rsatib, Rubio bilan suhbatini "samimiy va samarali" deb baholadi. U Telegram'da e’lon qilgan bayonotida O‘zbekiston "biznes doiralari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va farovon rivojlanishni ta’minlash"ga e’tibor qaratgan holda, "barcha sohalarda istisnosiz" ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish ustida ishlashini qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston C5+1 doirasida tayanch davlatlar hisoblanadi. O‘sha paytdagi davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilda C5+1 formatini boshlagan edi. Ammo Bayden ma’muriyati 2023-yilda C5+1 rahbarlarining prezident darajasidagi ilk sammitini o‘tkazish orqali tuzilma mavqeini sezilarli darajada oshirdi. Keyingi yili Bayden ma’muriyati savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun B5+1 jarayoni deb nomlangan aloqador tashabbusni yo‘lga qo‘ydi.
Rubio-Saidov muloqoti Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ko‘rsatdi. Tramp Oq uyga qaytishidan oldin, dekabr oyida ikki davlat o‘zaro bozorlariga kirishni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. O‘shanda AQSH rasmiylari O‘zbekiston hukumatining mamlakat iqtisodiyotini ochishdagi "sezilarli yutuqlari"ni olqishlagan edi.
21-fevral kungi muzokaralar, shuningdek, O‘zbekistonning noqonuniy o‘zbek muhojirlarini qaytarish masalasida AQSH bilan hamkorlik qilishini tasdiqladi. Rubio O‘zbekistonning "noqonuniy migratsiyani cheklashdagi hamkorligi" uchun Saidovga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, 24-fevral kuni deportatsiya qilingan 7 nafar fuqaro Toshkentga yetib kelgan. AQSHning qo‘shimcha o‘zbekistonlik deportatsiya qilinganlarni Panama va Kosta-Rikaga jo‘natgani haqida ma’lumotlar bor.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Afg‘onistondagi "Tolibon" hukumati bilan aloqa o‘rnatish bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarda yetakchilik qilmoqda. Toshkent Afg‘onistonni Markaziy Osiyo bilan yaqinroq savdo doirasiga jalb etish orqali O‘zbekiston va boshqa mintaqaviy davlat vakillarining Tolibon bilan mintaqaviy muammolar, xususan, Qo‘shtepa kanali qurilishi masalasida muzokaralar olib borish imkoniyatlarini kengaytirishga umid qilmoqda.
22-fevral kuni Toshkentda "Tolibon" harakatining yuqori darajali delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan savdo muzokaralari natijasida temir yo‘llarni takomillashtirish, o‘zbek-afg‘on chegarasida erkin savdo hududini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi eksportini erkinlashtirish, kon-qazilma va neft-gaz sohalarini rivojlantirish hamda elektr uzatish liniyasi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.