Линклар

Шошилинч хабар
06 март 2025, Тошкент вақти: 23:10

Intelligence Online: Rustam Inoyatov Vanuatuning “oltin pasporti”ni olgan


Rustam Inoyatov
Rustam Inoyatov

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX, hozirgi DXX) sobiq raisi Rustam Inoyatov va oilasi a’zolarining bir necha nafari “oltin pasport” dasturi doirasida Vanuatu davlati fuqaroligini olishgan. Bu haqda 2022 va 2023-yillarda sarmoya evaziga Vanuatu pasportini olgan shaxslar ro‘yxatini o‘rganib chiqqan Intelligence Online nashri xabar qildi.

Nashr qaydicha, Rustam Inoyatov hamda uning O‘zbekiston va Rossiyada agrobiznes va ko‘chmas mulk bilan shug‘ullanib kelgan o‘g‘li Sharif Inoyatov Tinch okeanidagi orol davlatlaridan biri fuqaroligini olishgan.

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lib hisoblangan Rustam Inoyatov birinchi prezident Islom Karimov hukmronligi davrida qudratli Milliy xavfsizlik xizmatiga qariyb 23 yil (1995-yildan 2018-yilgacha) rahbarlik qilgan. MXX raisi lavozimidan olinganidan keyin Rustam Inoyatov prezident Shavkat Mirziyoyevning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. Biroq 2021-yil noyabrida u prezident maslahatchisi lavozimidan ham ozod etilgan.

Intelligence Online ro‘yxatida 1961 kishi bo‘lib, ularning aksariyati Xitoy va Rossiya fuqarolaridir. Ular orasida sanksiya ostiga tushgan milliarderlar hamda razvedka va jinoiy to‘dalar bilan bog‘liq shaxslar ham uchraydi.

“Oltin pasport” dasturi 130 ming AQSH dollari evaziga orol davlati fuqaroligini olish imkoniyatini yaratadi, bu pasport bilan esa dunyoning 130 mamlakatiga vizasiz kirib borish mumkin.

Rustam Inoyatov MXX raisligidan chetlatilganidan so‘ng ham avvalgi ta’sirini saqlab qolgan, deb ishoniladi. U rahbarlik qilgan maxsus xizmat, garchi nomi va rahbarlari o‘zgargan esa-da, hanuzgacha yopiq va qudratli tuzilma bo‘lib hisoblanadi.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rustam Rasulovich Inoyatov 1944-yilning 22-iyunida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Pashxurt qishlog‘ida tug‘ilgan.

1968-yilda Toshkent davlat universitetining Eron filologiyasi fakultetini bitirgan. 1965-67-yillarda o‘qish bilan birga Toshkentdagi qurilish trestlaridan birida beton qoruvchi bo‘lib ishlagan.

Inoyatov tojik, fors, rus, ingliz tillarini yaxshi biladi.

Universitetdan so‘ng SSSR armiyasida xizmat qilgan va o‘sha yerda SSSR KGBga (Davlat xavfsizlik komiteti) ishga kirgan. SSSR va O‘zbekiston KGBsida bir qator mansablarda ishlagan.

SSSR armiyasi Afg‘onistonga bostirib kirishidan oldin, KGBning kontrrazvedka xodimi bo‘lgan Rustam Inoyatov 1976-yilda Afg‘onistondagi elchixonada diplomatik niqob ostida ish boshlagan va bu xizmati 1981-yilgacha davom etgan.

Rustam Inoyatov 1995-yilning 27-iyunida pensiyaga kuzatilgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi G‘ulomjon Aliyev o‘rniga tayinlangan edi.

O‘sha paytda O‘zbekiston MXXsida ishlab yurgan Rustam Inoyatov mashina o‘g‘riligida nom chiqargan Shuhrat Dombrabadskiy guruhini qo‘lga olish tadbiri bilan Islom Karimov nazariga tushgani aytiladi.

1996-yilda Inoyatovga general-leytenant va 1999-yildagi Toshkent portlashlaridan so‘ng general-polkovnik unvoni berilgan.

1999-yilning 16-fevralida Toshkent shahrining bir necha joyida sodir etilgan portlashlarni MXX avvaldan bilgani va bu portlashlarning oldini olmay, maxsus qo‘yib bergani haqida o‘sha portlashlarda ayblanib qamalgan, keyinchalik qamoqda o‘lgan Zayniddin Asqarov xorij radiolari muxbirlariga aytib bergan edi.

Bu voqealardan so‘ng O‘zbekistonda boshqacha fikrlovchi shaxslarga va dindorlarga nisbatan bosim va ta’qib kuchaydi. Minglab odamlar qamalgani, yana yuzlab odamlar ta’qiblardan qochib, mamlakatni tark etgani haqida inson huquqi himoyachilari xabar bergan va bu holat xalqaro tashkilotlar ro‘yxatlarida qayd qilingan.

2005-yilning may oyidagi Andijon voqealaridan so‘ng Rustam Inoyatov Yevropa Ittifoqi tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan sakkiz amaldordan biri bo‘lgan.

​2005-yil 13-may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda rasmiy Toshkent hisobicha 187 kishi, jumladan, ayollar va bolalar nobud bo‘lgan.

​Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijon xunrezliklari oqibatida 1000dan ziyod odam halok bo‘lgan.

​2005-yilning noyabrida Yevropa Kengashi O‘zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiya joriy qildi. Bir yillik muddatga joriy qilingan jazo choralarining birinchi punkti o‘laroq, Andijonda namoyishchilarga qarshi ëppasiga o‘t ochish va nomutanosib kuch ishlatilishi uchun mas’ul bo‘lgan hamda qonli voqealar yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan O‘zbekiston rasmiylarining Yevropa ittifoqi hududiga kiritilishi taqiqlandi.

Qora ro‘yxatga o‘sha paytdagi Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov, Mudofaa vaziri Qodir G‘ulomov, Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov kabi rasmiylar kiritilgan edi.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati sobiq raisi Rustam Inoyatovning mamlakat ichkarisida va xorijda katta biznes-imperiyasi borligi aytiladi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, “Ochiq manba tadqiqotlari” (Open Source Investigations, OSI) jurnalistlari 2018-yilning 22-yanvar kuni Inoyatovlar oilasining Dubayda 12 million dollar sarflab, turarjoy inshooti qurgani haqida xabar qilgan.

Ayni paytda Ozodlik tasarrufidaInoyatovning biznes-imperiyasi mavjudligini to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlovchi ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG