AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan dahanaki jangdan so‘ng "u Amerika ishtirok etadigan tinchlikka tayyor emas" deya bayonot berdi.
"Bugun Oq uyda juda muhim uchrashuv bo‘ldi. Biz hozirgidek bosim va taranglik sharoitida o‘zaro muloqot qilmasdan turib tushunib bo‘lmaydigan ko‘p narsalarni bilib oldik. His-tuyg‘ular orqali qanday narsalar namoyon bo‘lishini ko‘rish ajablanarli. Men shunday xulosaga keldimki, agar tinchlik jarayonida Amerika qatnashadigan bo‘lsa, Prezident Zelenskiy tinchlikka tayyor emas, Chunki u bizning ishtirokimiz muzokaralarda unga katta ustunlik beradi, deb o‘ylaydi. Menga ustunlik kerak emas, menga TINCHLIK kerak. U Qo‘shma Shtatlar uchun muqaddas bo‘lgan Oval ofisda AQSHga hurmatsizlik ko‘rsatdi. U qachon tinchlikka tayyor bo‘lsa, o‘shanda qaytib kelishi mumkin", deyiladi Trampning Truth ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda.
Oval kabinetdagi brifing qizishgan ohang bilan tugadi. Jurnalistlar oldida chiqish qilish chog‘ida Zelenskiyning Kiyev otashkesimga tayyor emasligi va Ukraina Vashingtondan xavfsizlik kafolatini olishi zarurligi haqidagi bayonotidan keyin Ukraina va AQSH prezidentlari o‘rtasida tortishuv boshlandi.
“Bizga o‘t ochishni to‘xtatishning o‘zi kifoya emas <...> Men avval Makron va Merkel ishtirokida Putin bilan shartnoma imzolaganman. Qanaqa diplomatiya haqida gap ketyapti bu yerda?” - deya iqtibos keltirgan Ukraina prezidenti so‘zlaridan “RBK-Ukraina” nashri.
Tramp Kiyev tinchlik bitimini tuzishda “murosa” qilishi lozimligi, agar Ukraina rasmiylari bitimdan bosh tortishsa, Qo‘shma Shtatlar bu ishda ishtirok etmasligini qo‘shimcha qildi.
“Bizsiz sizning qo‘lingizda qarta yo‘q, siz bizdan minnatdor bo‘lishingiz kerak. Biz sizning mamlakatingizni qutqarishni va urushni to‘xtatishni istayapmiz. Siz: “Men urushni to‘xtatishni istamayman”, deyolmaysiz. Biz sizga 350 milliard dollar berdik, ammo siz hali ham minnatdor bo‘lmayapsiz. Sizning bizga hech qanaqa buyruq berishga haqqingiz yo‘q. Siz hozir uncha ustun pozitsiyada emassiz”, dedi Tramp.
Tramp, Zelenskiy va vitse-prezident Jey Di Vens muzokaralarining ochiq qismi yakunida ikki davlat liderlarining matbuot anjumani bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo Oq Uydagi tortishuvdan so‘ng matbuot anjmumani bekor qilindi. Reuters agentligining xabar berishicha, Zelenskiy Oq Uyni shoshilinch tarzda tark etgan.