Donald Tramp, Ukrainadagi urush, NATO va Rossiya haqida yangilik chiqmagan kun yo‘q. Ukraina tegrasida diplomatik harakatlar shu qadar qizib ketdiki, barini kuzatib borish qiyin bo‘lib qoldi. Ularning asosiy 4 jihatiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Ukrainadagi nodir metallar
Bayden ma’muriyati Rossiyaning Ukrainaga hujumini xalqaro huquqni buzgan asossiz tajovuz deb baholab, Moskvaga sanksiyalar orqali bosim o‘tkazish yo‘lini tutdi.
Tramp esa mutlaqo boshqacha, “sizdan ugina, bizdan bugina” tarzidagi diplomatiyani boshladi. U Ukrainadagi strategik ahamiyatga ega nodir yerosti boyliklaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha bitimni urushni tugatish rejasining asosiy qismi sifatida ilgari surmoqda.
Trampga ko‘ra, AQSH Ukrainadagi ma’danlarga ega chiqish orqali Ukraina mudofaasi uchun sarflagan pullarini qoplashi kerak. Bu Trampning “Avval Amerika” (America First) siyosatiga xos yondashuv.
Ukraina tomoni uchun esa bu bitim hayotiy ahamiyatga ega. Prezident Vladimir Zelenskiyning Oq uyga borib ushbu kelishuvni imzolashi Ukraina–AQSH hamkorligini saqlab qolish uchun muhim qadam bo‘ladi. So‘nggi paytlarda bu ittifoq zaiflashgani sezilmoqda.
Diplomatik harakatlar tezlashar ekan, bu bitim Ukrainadagi urush kelajagiga qanday ta’sir qilishi katta savol bo‘lib qolmoqda.
Makron va Starmerning diplomatik sa’y-harakatlari
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer joriy hafta Donald Tramp bilan uchrashdi. Ular nafaqat AQSH bilan hamkorlikni mustahkamlashga, balki Vashingtonning NATOdagi roli masalasida ham Tramp bilan kelishuvga erishishga harakat qilib ko‘rdi.
Tramp NATO ittifoqchilarini ko‘p bor tanqid qilib, ularni AQSH mudofaa budjetiga “yuk bo‘lish”da ayblagan. Shundan kelib chiqib, Makron va Starmer o‘z tashrifi davomida AQSH bilan munosabatlarni mustahkamlashga harakat qildi.
Makron Vashingtonga tashrifi chog‘ida Tramp bilan do‘stona uchrashuv o‘tkazdi, uzoq davom etgan qo‘l siqishlar va tabassumlar yangilik sahifalarini bezadi. Biroq uchrashuvning aniq natijalari darhol bo‘y ko‘rsatgani yo‘q.
Bundan tashqari, ikki yetakchi Ukraina masalasida o‘zaro raqobat ruhida muloqot qilgani sezildi. Tramp va Makron qaysi davlat Ukrainaga ko‘proq yordam bergani borasida diplomatik odob doirasidan chiqmagan holda keskin fikr almashdi.
Tramp Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning Britaniya mudofaa byudjetini oshirish haqidagi va’dasidan xursandligini yashirmadi. Britaniya ommaviy axborot vositalari bu uchrashuvni Starmerning siyosiy faoliyatidagi eng muhim tashriflardan biri sifatida baholadi.
Starmerning asosiy maqsadlaridan biri Ukrainaga Yevropa tinchlikparvar missiyasini joylashtirishda AQSHdan xavfsizlik kafolati olishdir. Starmer Yevropa davlatlari Ukrainadagi sulh yoki tinchlik bitimini himoya qilishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, AQSHning bu boradagi yordamini ta’minlashga harakat qilmoqda.
Yevropa qo‘shinlari Ukrainada
NATOga a’zo Yevropa davlatlarining Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish ehtimoli tobora jiddiy muhokama qilinmoqda. Biroq, harbiy tahlilchilar fikricha, Yevropa qo‘shinlari bunday missiyani AQSHsiz o‘z kuchi bilan amalga oshirishga qodir emas. Ayniqsa, razvedka, logistika va harbiy aviatsiya kabi sohalarda NATOning Yevropa qanoti zaif.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bundan bir yil oldin Yevropa qo‘shinlarining Ukrainaga yuborilishi ehtimolini aytgan edi. Biroq bu taklif endi ochiq muhokama qilinmoqda.
Donald Tramp ushbu masala yuzasidan Vladimir Putin bilan gaplashgani va Putin bu rejaga qarshi emasligini aytdi. Biroq, dastlab Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, so‘ng Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu rejani inkor qildi.
Hozircha Vladimir Putindan Trampning bu bayonotiga rasmiy munosabat bildirish kutilmoqda. Yevropa qo‘shinlarining Ukrainada joylashtirilishi siyosiy va harbiy jihatdan qanday oqibatlarga olib kelishi mavhumligicha qolmoqda.
Tramp va Putin
So‘nggi haftalarda AQSH va Rossiya prezidentlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon suhbatlari xalqaro diplomatik muhitni sezilarli darajada o‘zgartirdi. Bu muloqotlar ortidan o‘tgan hafta Saudiya Arabistonining ar-Riyod shahrida yuqori darajadagi AQSH-Rossiya muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Vashington va Moskva rasmiylari o‘rtasida bu kabi yuzma-yuz uchrashuv uzoq vaqtdan beri kuzatilmagan edi.
Vashington Ukraina va Rossiyani muzokara stoliga olib borish uchun ikki vektorli yondashuvini e’lon qildi. Biroq, Rossiya bilan aloqalar faqat Ukraina mavzusi bilan cheklanmayotgan ko‘rinadi.
Har holda ar-Riyoddagi uchrashuvdan so‘ng, AQSH va Rossiya o‘zaro diplomatik vakolatxonalar faoliyatini qayta tiklash va iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida gapira boshlashdi.
Bunday shiddatli diplomatik o‘zgarishlar Ukraina va Yevropa davlatlarini jiddiy tashvishga solib qo‘ydi. Ular AQSH va Rossiya parda ortida Ukrainaga nisbatan kutilmagan qarorlar qabul qilishidan xavotirda. Shu bois, Ukraina va Yevropa davlatlari o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun faollashishga majbur bo‘lmoqda.