Линклар

Шошилинч хабар
06 март 2025, Тошкент вақти: 20:33

Ukraina va AQSH nodir minerallar bo‘yicha kelishdi, xavfsizlik kafolatlari yo‘q


Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH prezidenti Donald Tramp.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH prezidenti Donald Tramp.

Ukrainadagi yerosti qazilma boyliklari so‘nggi haftalarda AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar markaziga aylandi.

Shuningdek, bu masala Rossiya, Yevropa Ittifoqi va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirokidagi diplomatik jarayonlarning muhim qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy juma kuni Vashingtonga kelib, “yirik kelishuv” imzolashini ma’lum qildi. Ushbu kelishuv ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlikka doir asosiy hujjat bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

“Biz hozir xavfsizlikni ta’minlashni istaymiz. Amerikalik soliq to‘lovchilar o‘z pullarini qaytarib olishadi, ustiga-ustak foyda ham ko‘rishadi”, dedi Tramp kelishuv tafsilotlarini ochiqlashdan bosh tortib.

Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari idorasi va Iqtisodiyot vazirligi muzokaralar borishi va kelishuv tafsilotlari bo‘yicha izoh berishni istamadi.

Biroq Ukraina hukumatidagi ismini oshkor qilishni istamagan manbalar kelishuv Ukrainadagi boshqa minerallar qatori neft va gaz kabi tabiiy resurslarni birgalikda o‘zlashtirishni nazarda tutishini bildirdi.

Bu bitim yerosti nodir metallarini qazib olish bilan birga Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni ham o‘z ichiga olishi aytilmoqda.

Hozircha kelishuvda AQSH tomonidan Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam ajratilishi yoki xavfsizlik kafolatlari berilishi nazarda tutilganmi yoki yo‘q – bu noma’lum. Ayrim manbalarga ko‘ra, bitim faqat iqtisodiy hamkorlik bilan cheklanishi mumkin.

AQSH prezidenti Donald Tramp ko‘zda tutilayotgan kelishuv doirasida Ukrainaga nima taqdim etilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Vashington Kiyevga allaqachon 350 milliard dollarlik yordam ko‘rsatgani va Kiyevga “harbiy uskunalar hamda kurashish huquqi” berilishini aytdi.

Trampning aytishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 28-fevral kuni Vashingtonga kelib, kelishuvni imzolaydi. U bitim “noyob yerosti minerallari va boshqa masalalarni” o‘z ichiga olishini qayd etib, muzokaralar deyarli yakunlanganini bildirdi.

CNN nashrining Ukraina hukumatidagi noma’lum manbaga tayanib xabar berishicha, Ukraina kelishuv matnidan nomaqbul bandlar olib tashlangandan keyin uni imzolashga rozi bo‘lgan.

Bu kelishuv Trampning 3-fevraldagi bayonotidan bir oy o‘tib paydo bo‘ldi. O‘shanda Tramp Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni kafolatlash maqsadida “noyob yerosti boyliklari va boshqa masalalar bo‘yicha” bitim tuzish ustida ish olib borayotganini bildirgandi.

Shundan so‘ng, kelishuv bo‘yicha bahslar 14-16-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Myunxen xavfsizlik anjumanida ham davom etdi.

Ukraina prezidenti dastlabki taklifni konkret xavfsizlik kafolatlari yo‘qligi sababli rad etgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni nodir tog‘-kon sanoatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Moskva AQSH bilan birgalikda Rossiyadagi yerosti konlarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

“Bizda bu turdagi resurslar Ukrainaga qaraganda ancha ko‘p”, dedi Putin.

Rossiyaning bu harakati Vashington va Kiyev o‘rtasida shakllanayotgan mineral hamkorlik bo‘yicha bitimni murakkablashtirishga qaratilgan diplomatik yurish sifatida ko‘rilmoqda.

Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Trampning Vashington va Moskva o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi. Putin nodir metallarni qazib olish bo‘yicha kelishuvlar Rossiya bosib olgan Ukraina sharqidagi tabiiy qazilmalarga boy Donbass mintaqasidagi konlarni ham qamrab olishi mumkinligini aytdi.

Bu masala urushni tugatish bo‘yicha har qanday muzokaralarda jiddiy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi aniq. Yaqinda Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Yuliya Sviridenko Rossiya bosib olgan hududlarda 350 milliard dollarlik strategik mineral zaxiralari mavjudligini bildirgan.

Rossiya yerosti boyliklari zaxirasi bo‘yicha dunyodagi beshinchi davlatdir. AQSH Geologiya xizmati Rossiya zaxiralarini 3,8 million tonnaga baholagan. Rossiyaning ushbu strategik sektoridagi asosiy konlar va ishlab chiqarish korxonalari Ukrainaga bosqindan keyin hozirda “Rosatom” davlat yadro shirkati nazorati ostida.

Ozodlikning rossiyalik surishtiruvchilar guruhi «Sistema»ning 25-fevraldagi hisobotiga ko‘ra, “Rosatom” kompaniyasi prezident Putinning yaqin hamkori Mixail Kovalchuk bilan chambarchas bog‘liq.

Ukraina ham tabiiy resurslarga boy mamlakatlardan biri hisoblanadi. Kiyev AQSH iqtisodiyoti va milliy xavfsizligi uchun muhim deb hisoblangan 50 ta mineralning yarmiga ega ekanligini bildiradi. Bu resurslar tarkibiga quyidagilar kiradi:

🔹 Litiy va titan – zamonaviy texnologiyalar va mudofaa sanoati uchun zarur

🔹 Ko‘mir va temir rudasi – sanoat ishlab chiqarishida asosiy unsurlardan

🔹 Neft va gaz – energiya xavfsizligi uchun muhim resurs

AQSH rasmiylari mineral resurslar bo‘yicha bitim Ukraina xavfsizligini mustahkamlashini ta’kidlamoqda.

Biroq, Vladimir Zelenskiy real xavfsizlik kafolatlarini so‘ramoqda.

Bundan tashqari Ukraina tomoni AQSHning moliyaviy talablari borasida ham noroziligini bildirdi. Donald Tramp shu oy boshida Ukrainadan “500 milliard dollarga teng nodir yerosti metallarini” talab qilgan edi. Dastlabki bitim loyihasida Ukraina ushbu mablag‘ yig‘ilgunga qadar AQSH tomonidan boshqariladigan jamg‘armaga pul o‘tkazib borishi ko‘zda tutilgan edi.

Biroq, Zelenskiy Ukraina bunday miqdordagi harbiy yordam olmaganini aytib, Trampning talablarini rad etdi.

AQSH Kongressi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil sentyabr holatida AQSH Ukrainaga 174,2 milliard dollar ajratgan, shundan 64 foizi AQSH Mudofaa vazirligi va qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yo‘naltirilgan.

“Financial Times” nashri 24-fevral sanasi bilan imzolangan yakuniy bitim loyihasida 500 milliard dollarlik talab bekor qilinganini xabar qildi. Yangilangan kelishuv matniga ko‘ra;

Kelajakda davlatga qarashli mineral resurslardan (neft, gaz va boshqalar) tushgan daromadning 50 foizi maxsus jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

✅ Bu jamg‘arma Ukrainadagi loyihalarga sarmoya kiritish uchun ishlatiladi.

✅ Bitim “Naftogaz” va “Ukrnafta” kabi davlat kompaniyalari ishlab chiqaradigan mavjud resurslarni qamrab olmaydi.

Biroq AQSH taklif qilgan bitimda aniq xavfsizlik kafolatlari yo‘q. AFP nashri ukrainalik yuqori martabali rasmiyga tayanib, bitimda AQSH “barqaror, mustaqil va farovon Ukraina uchun sarmoya kiritishi” va “mintaqada tinchlik o‘rnatish yo‘lida harakat qilishi”ga oid umumiy mazmundagi band borligini xabar qildi.

AQSH va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Ukrainaga yordam borasida muayyan kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa-da, Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 24-fevral kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainaga alohida bitim taklif etgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

“Yevropa ehtiyoj sezayotgan 30 ta strategik mineralning 21 tasini Ukraina yetkazib berishi mumkin. Biz Ukraina bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish niyatidamiz”, deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqining sanoat strategiyasi bo‘yicha komissari Stefan Sejurne.

Yevropa Ittifoqi vakillari AQSHdan farqli ravishda “hech qachon Ukrainaga foyda keltirmaydigan bitim talab qilmasligini” aytmoqda.

Biroq Yevropa Komissiyasi so‘zchisi Tomas Rene buni rad etib, Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga yangi taklif berilmaganini aytdi. Unga ko‘ra, 2021-yilda imzolangan hamkorlik memorandumi doirasidagi hamkorlik davom ettiriladi.

“Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ushbu memorandumni amalga oshirish va ikki tomonlama manfaatli sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi,” – dedi Rene.

U, shuningdek, bu tashabbusdan AQSH bilan raqobat emas, balki Ukraina bilan hamkorlikni chuqurlashtirish ko‘zlanganini urg‘uladi.

Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi ham Yevropa Komissiyasi AQSH bilan raqobatga kirishishi ehtimoldan yiroq ekanini aytdi.

XS
SM
MD
LG