Vengriyada ro‘yxatdan o‘tgan WizzAir aviakompaniyasi o‘zbek tilida xizmat ko‘rsata boshlaydi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Oldinroq jamoat faoli Rasul Kusherboyev kompaniya ustidan prezident portaliga murojaat yo‘llagandi. U 2024-yilning 9-noyabrida “Samarqand-Abu-Dabi” yo‘nalishida uchayotganda ekipaj a’zolari havfsizlik haqidagi ma’lumotlarni o‘zbek yoki rus tilida berishdan bosh tortgani xaqida aytib chiqqan. Kusherboyev masala Abu-Dabi politsiyasigacha yetganini bildirib, O‘zbekistonda ishlagan yoki hamkorlik qilgan kompaniyalar davlat tilini hurmat qilishi kerakligini so‘ragan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 6-martda tarqatgan xabarga ko‘ra, Transport vazirligiga tegishli so‘rov xati yuborilgan.
"Aviakompaniya 2025-yilda O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatuvchi har bir havo kemasida bort kuzatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi personallar o‘zbek tilida faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yilishi ta’minlandi", deyiladi qo‘mita xabarnomasida.
WizzAir sahifalarida bu voqea yuzasidan hozircha xabarlar berilmagan.
WizzAir aviakompaniyasi O‘zbekistonga halqaro parvozlarni 2023-yildan buyon amalga oshiradi.