"Adolatli tinchlikka tahdid". Oval kabinetdagi falokatdan xulosalar

Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp. 28-fevral, 2025

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Oq uyga tashrifi ko‘plab imkoniyatlar va’da qilgandi. Xususan, u Ukraina bilan AQSHni rasman bog‘layajak va Rossiya hujumidan himoyalanishda Kiyevni dastaklash uchun prezident Donald Trampga qo‘shimcha rag‘bat berajak nodir metallar bo‘yicha bitim tuzilishiga olib kelishi mumkin edi. Qolaversa, bu uchrashuv, agar Rossiya bilan sulh tuzilgudek bo‘lsa, Vashington Kiyevga aynan qanday xavfsizlik kafolatlarini taqdim eta olishini aniqlashtirib bergan bo‘lardi.

Bulardan hech biriga muvaffaq bo‘linmagan taqdirda ham, Zelenskiy va Tramp eng kamida urush boltasini ko‘mib, achchiq bayonotlaridan so‘ng o‘rtada paydo bo‘lgan gina-kuduratni unutishlari mumkin edi.

Biroq buning o‘rniga urush boltasi qayta yalang‘ochlandi va badtar o‘tkirlashdi. Zelenskiy Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Nodir metallarga doir shartnoma imzolanmay qoldi, qo‘shma matbuot anjumani bekor qilindi, Zelenskiyning o‘zi esa Oval kabinetda, jurnalistlar ko‘z o‘ngida kechgan o‘ta asabiy uchrashuv chog‘ida Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens tarafidan keskin tanqid qilindi.

Bu sahna nafaqat tabiiy resurslar bo‘yicha bitim taqdirini so‘roq ostiga qo‘ydi. Shuningdek, AQSHning Ukrainaga kelgusi yordamiga hamda urushni to‘xtatishi yoki yakunlashi mumkin bo‘lgan har qanday muhtamal kelishuv istiqboliga doir shusiz ham katta mavhumlikni kuchaytirib yubordi.

Mazkur uchrashuvning ehtimoliy oqibatlari xususida to‘rtta taxmin bor.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Украинага босқин: 1101-кун | Трамп билан тортишувдан сўнг Зеленский Оқ Уйни тарк этди

Zarar jiddiy bo‘lishi mumkin

Tramp bilan Zelenskiy imzolashi kutilgan nodir metallar to‘g‘isidagi bitim bor-yo‘g‘i dastlabki kelishuv bo‘lib, tahlilchilar “hujjat ushbu bosqichda ko‘proq ramziy ma’noda bo‘lur edi”, deyishmoqda. Biroq mazkur bitim ikkala prezidentga o‘z diplomatik g‘alabasi haqida gapirish, xususan Tramp ma’muriyatiga Ukrainaga hozirgacha taqdim etilgan va kelgusida berilajak yordamning maqsadga muvofiqligini isbotlash uchun bir imkoniyat edi.

Tramp ushbu loyihani Ukrainada tinchlikka erishish yo‘lidagi muhim qadam deb atagandi. Binobarin, uning oxir-oqibat imzolanishi yoki imzolanmasligi va qachon imzolanishi masalasi Kiyev hamda Vashington Rossiya bilan muhtamal yarashuv yoki tinchlik shartnomasi ustida birga ishlay olishi yoki olmasligini ko‘rsatuvchi indikator vazifasini o‘taydi.

Biroq bundan ham muhimrog‘i – AQSH Ukrainaga nisbatan siyosatini tubdan o‘zgartira oladimi, masalan, hozircha davom etib turgan yordamni to‘xtatadimi yoki keskin qisqartiradimi yoxud Rossiya bilan muhtamal sulh muzokaralarini faollashtirib, Kiyevni dastaksiz qoldiradimi, degan masaladir.

Uzilish uzoq davom etishi mumkin, uzoq davom etmasligi ham mumkin

Oval kabinetdagi uchrashuv Zelenskiy prezident lavozimiga o‘tirgan 2019-yildan beri uning Tramp bilan bo‘layotgan o‘zgaruvchan munosabatlarida navbatdagi keskin qulash bo‘ldi.

Ammo bu hali yo‘lning adog‘i emasdir balki. Chunki Oval kabinetdagi voqea ikki prezidentning bir-biriga qilgan ta’nalari oqibatlari birmuncha yumshagan pallaga to‘g‘ri keldi. Esingizda bo‘lsa, avvalroq Tramp Zelenskiyni “diktator” deb atagan, Zelenskiy esa Tramp Rossiya propagandasiga uchganini pisanda qilgandi. Zelenskiy tashrifi arafasida Trampdan: “Ukraina prezidentini rostdan ham diktator deb ataganmisiz?” deb so‘raganlarida, u pinagini buzmay: “Shunaqa debmanmi? Bu gapni aytganimga ishongim kelmaydi”, deb javob berdi.

Boshqa tarafdan, Zelenskiy uchrashuvda qizishib ketganlariga qaramay, hanuz AQSHdan qo‘shimcha yordam va Amerika qudratiga tayanuvchi xavfsizlik kafolatlari olishga intilmoqda. Shunday ekan, Oq uydagi voqeadan qat’i nazar, yarashuv uchun kichikroq bo‘lsa ham imkon bor.

AQSH va Yevropa ayrilig‘i chuqurlashuvi mumkin

Tramp Oq uyga qaytgan 20-yanvardan beri Yevropa Ittifoqining aksar mamlakatlari bilan munosabatlar tarang bo‘lib turibdi. Tomonlar asosan Ukraina va Rossiyaga nisbatan tutumlarida, undan keyin esa savdo, liberal qadriyatlar masalalarida sira til topa olishmayapti.

Vitse-prezident Vensning 14-fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida “Yevropaning ichki muammolari unga Rossiya, Xitoy yoki boshqa tashqi omillardan ko‘ra ko‘proq tahdid soladi” degan gapidan so‘ng ayriliq yanada yaqqolroq ko‘rindi.

Zelenskiy bilan uchrashuvdan bir hafta oldin Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Oq uyga tashrif buyurib, kelishmovchilikni, ayniqsa Rossiya bosqini va Ukrainadagi urush masalasidagi ziddiyatni kamaytirishga urindilar.

Zelenskiy bilan Tramp uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda u AQSH va Yevropani jipslashtirgan bo‘lur edi. Ammo aksi bo‘ldi: Transatlantika aloqalarida keskinlik yanada ortdi, chunki aksar Yevropa liderlari Ukrainani qo‘llab-quvvatladilar.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen X ijtimoiy tarmog‘ida ukrain tilida: “Kuchli bo‘ling, jasur bo‘ling, dovyurak bo‘ling”, deb yozdi va Ukraina “hech qachon yolg‘iz qolmayajagini”, YI “adolatli va mustahkam tinchlik” ustida ishlashda davom etajagini qo‘shimcha qildi.

“Adolatli tinchlik” xavf ostida

Zelenskiy va Yevropa liderlari “adolatli va mustahkam tinchlik” deganda Rossiya foydasiga xizmat qilmaydigan, Ukrainani Moskva ta’siri ostida qoldirmaydigan va yangi hujum oldida uni zaif qilib qo‘ymaydigan tinchlikni nazarda tutadilar.

Biroq Tramp 12-fevral kuni Putin bilan telefonda so‘zlashib, 18-fevralda o‘z vakillarini Rossiya mulozimlari bilan uchrashish uchun Ar-Riyodga jo‘natishi Kiyevda va Bryusselda “Ukrainaga manfaatsiz bitimni tiqishtirishlari mumkin”, degan xavotir uyg‘otdi.

Zelenskiy bilan Tramp uchrashuvi yaxshi o‘tganida edi, u mana shu xavotirlarni aritgan bo‘lur edi. Zero, Ukraina prezidenti “Tramp avvalo Putin bilan emas, men bilan uchrashishi juda muhim”, deb bir necha bor aytgan. Biroq voqealar butkul boshqacha tus oldi, endi esa muhtamal adolatsiz kelishuv borasidagi xavotirlar qaytadan kuchaymoqda.