Toshkent viloyatidagi “Angren” ko‘mir konida insoniy talafotga olib kelgan fojia ro‘y berdi.
“O‘zbekko‘mir” AJ matbuot xizmati xabarnomasiga ko‘ra, 5-mart kuni soat 10:15 larda “BelAZ” rusumli avtoag‘dargich tog‘ jinslarini to‘kish vaqtida orqaga sirpanib, ag‘darilib ketgan va alangalanish ro‘y bergan.
O‘t o‘chiruvchilari voqea joyiga tezlik bilan yetib kelib yong‘inni to‘liq o‘chirishgan. Hodisa oqibatida og‘ir jarohatlangan haydovchi A.Ahmedjonov shoshilinch ravishda shahar markaziy shifoxonasiga yetkazilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, u shifoxonada vafot etgan.
Hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan surishtiruv olib borilayotgani bildirilgan.
“O‘zbekko‘mir” AJ rahbariyati marhumning oila a’zolariga ta’ziya izhor etgan.
Ozodlik avval xabar berganidek, joriy yil yanvar oyida Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi “Qoraqo‘ton” tog‘ konidan noqonuniy ravishda oltin rudasini qazib olmoqchi bo‘lgan ikki fuqaro fojiali tarzda halok bo‘lgandi.
O‘tgan yilning sentyabrida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida ro‘y bergan avariya oqibatida Enter Engineering shirkati ishchilari halok bo‘lgani ma’lum.