"Falastinliklarni yo‘q qilishga teng". Trampning G‘azo rejasiga dunyo munosabati

Prezident Tramp Isroil bosh vaziri Netanyaxu bilan Oq uyda. 4-fevral, 2025, Vashington.

4-fevral kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarning G‘azo bo‘lgasini egallab olish rejasini e’lon qildi. Rejaga ko‘ra, falastinliklar Isroil tomonidan vayron qilingan hududni tark etishadi va AQSH bo‘lgani iqtisodiy jihatdan "fenomenal" hududga aylantiradi. Trampning rejasiga ko‘ra, kelajakda G‘azo bo‘lgasida boshqa ko‘plab millat vakillari tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirishi mumkin.

Tramp falastinliklar qayerga ko‘chirilishi mumkinligi haqida aniq gap aytmadi, ammo ularning boshqa mamlakatlarga "doimiy" joylashtirilishi g‘oyasini dastaklashini bildirdi.

Trampning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Vashingtonga tashrifi chog‘ida e’lon qilgan kutilmagan rejasi dunyoni larzaga soldi. Reyter agentligi ilk munosabatlarni jamlagan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Уруш анатомияси: Араб-Исроил урушлари, Исроил-Фаластин зиддияти тарихи

HAMASNING YUQORI MARTABALI AMALDORI SAMI ABU ZUHRIY

"G‘azo sektoridagi xalqimiz bu rejalar amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bizning xalqimizga nisbatan (Isroil tomonidan) ishg‘ol va tajovuzni to‘xtatish talab qilinadi, ularni o‘z yerlaridan haydab chiqarish emas."

SAUDIYA ARABISTONI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI

"Saudiya Arabistoni falastinliklarni o‘z yerlaridan ko‘chirish bo‘yicha har qanday urinishlarni qat’iyan rad etadi. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon qirollikning bu boradagi pozitsiyasini “aniq va ravshan” tasdiqladi, bu hech qanday vaziyatda boshqacha talqin qilinishi mumkin emas."

FRANSIYA TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI MATBUOT KOTIBI KRISTOF LЕMUAN

"Fransiya G‘azodagi Falastin aholisining har qanday majburiy ko‘chirilishiga qarshiligini yana bir bor ta’kidlaydi. Bu xalqaro huquqning jiddiy buzilishi, falastinliklarning qonuniy intilishlariga tajovuz, shuningdek, ikki davlat yechimi yo‘lidagi asosiy to‘siq va yaqin hamkorlarimiz Misr va Iordaniya, hamda butun mintaqa uchun asosiy beqarorlashtiruvchi omil bo‘ladi."

ISPANIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI XOSЕ MANUYEL ALBARЕS

"Bu masalada juda aniq gapiraman: G‘azo falastinliklarining vatani va ular G‘azoda qolishlari kerak.

G‘azo Ispaniya qo‘llab-quvvatlaydigan kelajakdagi Falastin davlatining bir qismi bo‘lib, u Isroil davlatining farovonligi va xavfsizligini kafolatlagan holda yonma-yon yashashi kerak."

IRLANDIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI SAYMON HARRIS

"Bu masaladagi yo‘nalish juda aniq: bizga ikki davlat yechimi kerak. Falastin xalqi ham, Isroil xalqi ham xavfsiz, yonma-yon davlatlarda yashash huquqiga ega va e’tibor aynan shunga qaratilishi lozim. G‘azo aholisini boshqa joyga ko‘chirish haqidagi har qanday g‘oya BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid keladi."

MISR TASHQI ISHLAR VAZIRI BADR ABDЕLATTIY

Abdelattiy Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafo bilan G‘azo sektorini tiklash loyihalarini falastinliklar G‘azo sektorini tark etmasdan amalga oshirish muhimligini muhokama qildi.

FALASTIN PRЕZIDЕNTI MAHMUD ABBOS VA FALASTIN RAHBARIYATI

Abbos falastinliklar o‘z yerlari, huquqlari va muqaddas joylaridan voz kechmasligini, G‘azo sektori G‘arbiy Qirg‘oq va Sharqiy Quddus bilan birga Falastin davlati hududining ajralmas qismi ekanligini ta’kidladi.

ERONNING YUQORI MARTABALI MULOZIMI

"Eron falastinliklarni ko‘chirishga oid har qanday harakatlarga qarshi va bu haqda turli kanallar orqali o‘z fikrini bildirgan."

KRЕML MATBUOT KOTIBI DMITRIY PЕSKOV

Rossiya Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish faqat ikki davlat yechimi asosida mumkinligini ta’kidlaydi. "Bu BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli qarorida mustahkamlangan qoida, bu muammoga ushbu ishga aloqador mamlakatlarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlaydigan g‘oya. Biz shunga asoslanamiz, uni qo‘llab-quvvatlaymiz va buni yagona mumkin bo‘lgan yechim deb hisoblaymiz."

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ғазо Исроил қуршовида

XITOY TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI

"Xitoy barcha tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish va mojaroni hal qilgach, Falastin masalasini ikki davlat yechimi asosida siyosiy yo‘l bilan hal etish to‘g‘ri yo‘lga qaytarish imkoniyati sifatida qabul qilinishiga umid qiladi."

TURKIYA TASHQI ISHLAR VAZIRI HOQON FIDAN

AQSH prezidenti Donald Trampning G‘azoni nazorat qilish rejasi haqidagi fikrlarini "qabul qilib bo‘lmaydi". Falastinliklarni "hisobga olmagan" har qanday reja yanada ko‘proq mojarolarga olib keladi.

FALASTIN OZODLIK TASHKILOTI BOSH KOTIBI HUSAYN ASH-SHAYX

"Falastin rahbariyati xalqaro qonuniylik va xalqaro huquqqa muvofiq ikki davlat yechimi xavfsizlik, barqarorlik va tinchlik kafolati ekanligi to‘g‘risidagi qat’iy nuqtayi nazarini tasdiqlaydi."

ISLOMIY JIHOD

"Trampning pozitsiyasi va rejalari arab va mintaqaviy milliy xavfsizlikka tahdid soladigan xavfli keskinlashuvdir, ayniqsa AQSH ma’muriyati Falastin xalqi va uning huquqlariga qarshi qo‘ymoqchi bo‘lgan Misr va Iordaniyada."

BUYUK BRITANIYA ATROF-MUHIT VAZIRI STIV RID

"Buyuk Britaniya hukumati pozitsiyasi shuki, Falastin tinch aholisi o‘z uylariga qaytib, hayotini qayta qurishi kerak. Bu odamlar uchun so‘nggi oylar dahshatli bo‘ldi va ular bundan keyin uyga qaytib, hayotlarini qayta qurishlari juda muhim.

"Buning uchun ularga xalqaro hamjamiyatning katta yordami kerak bo‘ladi, ammo bu barcha muammolar uchun uzoq muddatli yechimga va ikki davlat yechimi orqali uzoq muddatli tinchlikka erishishning yagona yo‘lidir."

AVSTRALIYA BOSH VAZIRI ENTONI ALBANIZ

"Avstraliyaning pozitsiyasi bugun ertalabgidek, o‘tgan yilgidek o‘zgarmasdir. Avstraliya hukumati ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlaydi."

DЕMOKRAT VA KЕLIB CHIQISHI FALASTINLIK AMЕRIKALIK AQSH KONGRЕSSI A’ZOSI RASHIDA TLAIB

"Falastinliklar hech qayerga ketmaydi. Bu prezident faqat Kongressda genotsid va etnik tozalashni moliyalashtirishni ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlovga tayanib, bu soxta gaplarni aytmoqda. Ikki davlat yechimini qo‘llab-quvvatlovchi hamkasblarimning balandroq gapirish vaqti keldi."

AMЕRIKA ISLOM ALOQALARI BO‘YICHA KЕNGASHI (AQSH MUSULMON HUQUQLARINI HIMOYA QILISH TASHKILOTI)

"G‘azo Qo‘shma Shtatlarga emas, Falastin xalqiga tegishli va Prezident Trampning falastinliklarni o‘z yerlaridan haydab chiqarishga chaqirig‘i mutlaqo maqbul emas."

"Agar Falastin xalqi qachondir G‘azodan majburan ko‘chirib yuborilsa, bu insoniyatga qarshi jinoyat keng ko‘lamli mojarolarni keltirib chiqaradi, xalqaro huquqni butkul poymol qiladi va davlatimizning xalqaro obro‘si va mavqeining qolgan-qutganini ham yo‘q qiladi ."

POL O' BRAYЕN, XALQARO AMNISTIYA TASHKILOTI AQSH BO‘LIMI IJROCHI DIRЕKTORI

"Barcha falastinliklarni G‘azodan chiqarib yuborish ularni xalq sifatida yo‘q qilish bilan barobar. G‘azo ularning vatani. G‘azodagi o‘lim va vayronagarchilik Isroil hukumatining minglab tinch aholini, ko‘pincha AQSH bergan bombalar yordamida o‘ldirishi natijasida yuz bermoqda."

DЕMOKRAT AQSH SЕNATORI KRIS MYORFI

"U butunlay aqldan ozibdi... AQSHning G‘azoga bostirib kirishi minglab AQSH askarlarining halok bo‘lishiga va Yaqin Sharqda o‘n yillab davom etadigan urushga olib keladi. Bu qandaydir bemaza, ko‘ngilni aynitadigan hazilga o‘xshaydi."