O‘zbekiston Ukrainada davom etayotgan urush tufayli xalqaro maydonda yakkalanib qolgan Rossiya bilan harbiy hamkorlikka oid ikki hujjat – 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi hamda 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturini imzoladi. Bu Toshkent uchun qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin?
Bitimlar mazmuni va ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar
Hujjatlar mazmuni rasmiy xabarlarda umuman yoritilgani yo‘q.
Rossiya Mudofaa vazirligi chiqargan qisqagina xabarda Rossiya va O‘zbekiston mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi 2025-yilga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasi “ikki mamlakat harbiy idoralari faoliyatining barcha yo‘nalishlari”ni qamrab oluvchi 50 ta qo‘shma tadbirni o‘z ichiga olishi aytiladi.
Rossiya nashrlari Mudofaa vazirligiga yaqin manbaga tayanib yozishicha, bu yerda gap delegatsiyalar almashish, qo‘shma mashg‘ulotlar, o‘quv-tayyorgarlik ishlari, qurollar bilan tanishuv va boshqa tadbirlar haqida bormoqda.
O‘zbekiston rasmiy matbuoti bo‘lajak hamkorlikka doir biron bir tafsilotni ochiqlamadi. Natijada ikki mamlakat harbiy sohada hamkorlikni chuqurlashtirayotgani haqidagi xabar internetda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Ўзбекистонни Россияга қўшиб олиш". Тошкент "чуқур ташвишда", аммо норозилик нотаси йўқ
Axborot taqchilligi sharoitida foydalanuvchilar faqat taxmin qilishlari mumkin, xolos. Shu bois ayrimlar mazkur kelishuvlar o‘zbeklarning Rossiya Ukrainada boshlagan va qariyb uch yildan beri davom etayotgan urush kabi qurolli mojarolarda ishtirok etishini ham nazarda tutarmikan, deya xavotir bildirishdi.
Bu mavzu O‘zbekistonda anchadan buyon kun tartibida turibdi. Yaqinda sud Rossiya tarafida Ukrainaga qarshi jang qilgan 39 yoshli andijonlikka chet mamlakatlardagi qurolli mojarolarda qatnashishga yollangani uchun 4 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Ba’zi kuzatuvchilar jazoni yetarli emas deb topib, mamlakatda Rossiya kuchlari safida Ukrainaga urushga borganlarni yengilroq jazolarga hukm qilish tendensiyasi kuzatilayotganini urg‘uladilar.
Geosiyosiy xatarlar: sanksiyalar va diplomatik izolyatsiya
Yana ba’zi o‘zbekistonliklarni mamlakatning Rossiya harbiy tizimiga integratsiyasi qanchalik chuqur bo‘lishi va bu qanday xavf-xatar tug‘dirishi mumkinligi qiziqtirdi.
Zero, taxminlarga ko‘ra, bitimlar harbiy texnologiyalar yetkazib berish ham nazarda tutilgan.
O‘tgan yilning may oyi oxirida, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat qayta qurollanish dasturiga oid katta bitim imzolashni rejalamoqda, degan xabarlar paydo bo‘lgan edi.
O‘shanda Rossiyaning Harbiy-texnik hamkorlik federal xizmati (HTHFX) rahbari Dmitriy Shugayev Rossiya OAVlariga bergan intervyusida shartnoma spektri juda keng bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Nima bo‘lganda ham bu harbiy-havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa va quruqlik qo‘shinlari texnikalariga taalluqli hujjat bo‘lishi shubhasiz. O‘zbek hamkasblardan yordamimizni ayamaymiz”, degan edi HTHFX direktori.
Yanvarning o‘rtalarida Global Firepower harbiy-tahliliy portali O‘zbekistonni dunyo mamlakatlari armiyalari reytingida 145 davlat ichida 58-o‘ringa qo‘ydi. Portal O‘zbekistonni ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘istondan orqada, lekin Markaziy Osiyoning qolgan barcha mamlakatlaridan kuchli deya baholagan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Ҳақиқий ўзаро дўстлик”. Путин Ўзбекистонда қолиб кетди
Rossiyaning qurollar eksporti-importida vositachilik qiluvchi “Rosoboroneksport” shirkati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston sovet davridan qolgan qurollar va texnikalardan hanuz faol foydalanadi va 2000-yillardan beri Rossiyadan o‘qotar qurollar, tunda ko‘rish jihozlari va maxsus vositalar xarid qilib kelmoqda.
O‘zbekistonlik sobiq diplomat va mustaqil jurnalist Alisher Taksanov ayni sharoitda hamkorlikning kengayishidan Toshkent naf emas, qaytaga zarar ko‘radi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, Rossiya harbiy texnologiyalari ilg‘orligi bo‘yicha G‘arbdagi analoglariga yutqazadi, binobarin Moskva bilan ushbu sohada hamkorlik O‘zbekiston qurolli kuchlarini raqobatga chidamsiz qilib qo‘yishi mumkin.
Boz ustiga, O‘zbekiston qurol-aslaha va ehtiyot qismlar ta’minoti, harbiy mutaxassislarni o‘qitish bobida Rossiyaga tobe bo‘lib qoladi, deydi ekspert.
“Moskva bilan siyosiy yoki iqtisodiy kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda bu mamlakatni qaltis ahvolga soladi”, ta’kidlaydi tahlilchi.
Bunaqa bitimlar Rossiya uchun manfaatli. Sababi ma’lum: so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan sanksiyalar ostida qolgan ushbu mamlakat 2022-yilda Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng u bilan aloqalarni saqlab qolgan davlatlar bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda.
Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov 22-yanvar kuni Toshkentga ishchi tashrifi chog‘ida O‘zbekiston bilan harbiy sohadagi hamkorlikning muhimligini urg‘uladi.
“Birgalikda qilayotgan ishlarimiz Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligini ta’minlashga salmoqli ta’sir ko‘rsatmoqda”, dedi u.
Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari, chunonchi, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan farqli o‘laroq O‘zbekiston harbiy-siyosiy va iqtisodiy davlatlararo bloklardan masofalanishni ma’qul ko‘radi. Rossiya va Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlari a’zo bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabi birlashmalarda O‘zbekiston yo‘q. Mamlakat YOIIga to‘laqonli a’zo bo‘lmoqchi emas va bunaqa niyati yo‘qligini so‘nggi bor o‘tgan yilning oktyabrida, parlamentning quyi palatasi spikeri Akmal Saidov tili bilan ma’lum qildi.
“Biz ushbu tashkilotning mingdan ziyod hujjatlarini sinchiklab o‘rganib chiqqach, bugungi kunda O‘zbekiston YOIIda kuzatuvchi maqomida qolishdan manfaatdor, degan xulosaga keldik. Masalan, qozoq qo‘shnilarimiz YOIIga a’zo bo‘lib kirishdan juda kam manfaat ko‘rishdi”, degandi o‘shanda Saidov.
Biroq bunaqa yondashuv ikki tomonlama hamkorlikka tatbiq etilmaydi. O‘zbekiston o‘tgan yili may oyining o‘zida Rossiya bilan turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga doir 27 ta hujjat, shu jumladan, kichik atom stansiyasi qurish to‘g‘risida shartnoma imzolagan.
Berlindagi Karnegi markazi eksperti Temur Umarov Rossiya ko‘p yillardan beri O‘zbekiston uchun, umuman mintaqadagi barcha mamlakatlar uchun eng kamida “hukmron rejimning xavfsizlik kafolati” bo‘lib kelayotganini urg‘ulaydi.
“Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarga ta’sir qilmadi, ular avvalgidek mustahkamligicha qoldi. O‘zbekiston va Rossiya 1990-yillardan beri mavjud ikki tomonlama hujjatlar asosida harbiy hamkorlik qilib kelishadi. Shunday ekan, yangi imzolangan reja – ikki mamlakat va rejimning ko‘pdan beri ma’lum o‘zaro yaqinligini tasdiqlashdan boshqa narsa emas”, deydi Umarov.
Rossiya va O‘zbekiston harbiy sohadagi birinchi strategik hamkorlik dasturini (u ham besh yillik edi) qariyb to‘rt yil oldin imzolagan. O‘sha hujjat mazmuni ham ochiqlanmagan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ўзбекистон Россия томонида урушганларга енгил жазо бермоқда. Нега?
Sobiq diplomat Taksanovga ko‘ra, Toshkent ayni sharoitda Rossiya bilan harbiy hamkorlik chuqurlashtirishning risklari, jumladan G‘arb mamlakatlarining ikkilamchi sanksiyalariga yo‘liqish ehtimoli haqida o‘ylab ko‘rishi kerak. Chunki, deydi ekspert, G‘arbning cheklov choralari nafaqat harbiy sohani, balki iqtisodiyotni, ayniqsa zamonaviy texnologiyalar va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini ham qamrab oladi.
“Tajovuzkorligi uchun jahon hamjamiyatining katta qismi qoralagan Rossiya bilan bu qadar yaqin bo‘lish mamlakatning xalqaro imijiga putur yetkazadi. Bu kabi qadamlar jahon hamjamiyatiga integratsiya bo‘lishga xalal berib, yetakchi xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni chippakka chiqarishi mumkin. Qolaversa, Rossiya O‘zbekistonni turli harbiy yoki siyosiy mojarolarga tortib, undan o‘z geosiyosiy o‘yinlarida foydalanishi xavfi ham bor, bu esa O‘zbekistonning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi”, deya xulosa qiladi Taksanov.