Gulnora Karimova bilan tugamaydigan korrupsiya: Qaytarilgan pullar qayerda?

Гулнора Каримова.

Gulnora Karimova ishi doirasida Shveysariyadan yana 182 million dollar O‘zbekistonga qaytarilmoqda. Oldinroq Fransiyadan 10 million dollar qaytarilgani, yana 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar "O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor" ekani aytilgandi. Ammo bu pullarning taqdiri noma’lum.

Nima uchun Shveysariya bu pullarni Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, halqaro tashkilotning maxsus jamg‘armasi orqali o‘tkazyapti?

Korrupsiya, noqonuniy pul yuvish va davlatga yetkazilgan milliardlab zarar. Bu – marhum birinchi prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova nomi atrofidagi mojarolarning qisqa ta’rifi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, u davlat va fuqarolarga 1 trillion 270 milliard so‘m, 1 milliard 651 million dollar va 26 million yevro zarar keltirgan. Hukumat so‘rovi bilan uning 840 million dollar aktivlari Shveysariyadagi bankda muzlatib qo‘yilgan.

Qaytarilgan pullar qayerda?

Joriy yil 6-fevralda O‘zbekiston hukumati va Shveysariya federal kengashi o‘rtasida 182 million dollarni qaytarish bo‘yicha bitim imzolangani haqida Adliya vazirligi axborot bergan.

“Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi”, deb yozilgan xabarnomada.

2022-yilning fevralida O‘zbekiston Adliya vazirligi Karimova o‘zlashtirgan mulkni mamlakatga qaytarish doirasida Fransiyadan 10 million AQSH dollari O‘zbekistonga qaytarilgani, yana 131 million AQSH dollari qiymatidagi aktivlar "O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor" ekanini bildirgan. Ammo bu pullarning taqdiri noma’lum, ularning nimaga va qanday sarflangani borasida ochiq hisobot mavjud emas.

Alisher Ilhomov

“Shveysariya ushbu aktivlarni O‘zbekiston hukumatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazmayotgani, avvalgi 130 million kabi, hozirgi 182 million ham BMT agentligi orqali o‘tkazilayotgani haqidagi savol hamon ochiq qolmoqda. Buning sababi shundaki, agar ular to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatga berilsa, ushbu aktivlar yana o‘g‘irlanishi yoki noqonuniy korrupsion yo‘llar bilan o‘zlashtirilishi xavfi juda yuqori bo‘lib qolmoqda”, deydi Britaniyada istiqomat qiluvchi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov.

Rasmiy xabarlarda bu mablag‘ BMTning Uzbekistan Vision 2030 Fund jamg‘armasi orqali qaytarilib, ta’lim va sog‘liqni saqlashga sarflanishi aytilmoqda. Lekin bu pulning taqdiri shaffof bo‘ladimi? Yoki yana noqonuniy sxemalarga tushib ketadimi?

Britaniyadagi Ulster universiteti proffessori Kristian Lasslettning fikricha:

“Musodara qilingan mablag‘larni qaytarish jarayoni ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin. Biroq ushbu jarayonning to‘liq shaffof emasligi natijaga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi. Bilishimcha, mablag‘larning qanday sarflangani haqida ochiq hisobdorlik mavjud emas. Modomiki, bu ma’lumotlar ochiqlanmas ekan, mablag‘larning noto‘g‘ri ishlatilishi va talon-toroj bo‘lishi ehtimoli yuqori”.

Rafael Sattorov

Siyosiy ekspert Rafael Sattorov Karimovaga bog‘liq mablag‘larni qaytarish boshidanoq shaffof emasligini aytmoqda:

“Bu qaytarish jarayoni faqat sud yoki surishtiruvlarga bog‘liq emas. Bu bugungi kunda g‘arb elitalari bilan o‘zbek elitalaring munosabatlarining yaxshilanganining fonida ham sodir bo‘lmoqda. Bu rasman hech qayerda tan olinmasa ham, hozirda Yevropa yoki g‘arb elitalarining O‘zbekistonga yoki Markaziy Osiyo elitalariga munosabatlari o‘zgargan. Bu fonda Gulnora Karimova mablag‘larini qaytarish jarayoni O‘zbekiston rahbariyati uchun ancha yengillashtirilgan. Lekin O‘zbek jamiyati uchun bu umuman shaffof emas, avvaldan ham shaffof emas edi. Umuman, 2013-yili Gulnora Karimovaga qo‘yilgan ayblovlardan boshlab, barcha jarayon mavhum, u yoki bu sizdirilgan ma’lumotlarga, g‘iybatlarga bog‘liq edi”.

Korrupsiya va yangi "gulnora"lar

Sobiq prezident Islom Karimovning qizi, “O‘zbek malikasi” sifatida tanilgan Gulnora Karimovaning qamalganiga 12 yil bo‘ldi. Uning ismi nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham korrupsiya, noqonuniy pul aylanmasi va sud ishlari bilan bog‘liq holda tilga olinib kelyapti. Karimovadan musodara qilingan mol-mulklari va chet elda muzlatilgan pullari haqida Ozodlik ko‘p bora yozgan.

Ekspert Alisher Ilhomov pullar bilan bog‘liq surishtiruv ishlari haqida quyidagilarni aytdi:

“Shveysariyada hali ham taxminan kamida 440 million dollar yoki frank mavjud bo‘lib, ular hozirgi paytda ko‘rib chiqilmoqda. Bu mablag‘lar bo‘yicha prokuraturaga da’vo kiritilgan va sud ularning konfiskatsiyasi to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilishi kerak. Shundan so‘ng, ularni O‘zbekistonga qaytarish masalasi qaraladi. Umuman olganda, korrupsiya, pora olish va noqonuniy yo‘llar bilan o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish jahon antikorrupsiya konvensiyasiga muvofiq nazarda tutilgan. Biroq, afsuski, mazkur konvensiyada qaytarish mexanizmi aniq belgilab qo‘yilmagan. Shu sababli xalqaro tashkilotlar ishtirokida jamoatchilik faolligi oshdi va keng qamrovli fuqarolik jamiyati harakati yo‘lga qo‘yildi. Men ham bu jarayonda ishtirok etdim, hatto Shveysariya ushbu aktivlarni shunchaki qaytarib bermasdan, ular yangi korrupsiya sxemalariga tushib ketmasligini ta’minlaydigan mexanizm orqali qaytarishini talab qilgan koalitsiyani tuzishda qatnashdim. Chunki O‘zbekistondagi korrupsiya tizimi hali ham aniq shakllanmagan va uning qanday tartibda o‘zgarayotgani noaniq qolmoqda”.

Gulnora Karimova — O‘zbekiston tarixidagi eng ziddiyatli shaxslardan biri. Bir paytlar otasining ehtimoliy siyosiy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan Karimova 2000-yillar boshida mamlakatdagi muhim iqtisodiy resurslar va telekommunikatsiya sohasini nazorat qiluvchi shaxsga aylangan. 2010-yillarga kelib, uning tovlamachilik, pul yuvish va davlat mulkini talon-toroj qilishdagi faoliyati yuzaga chiqa boshlagan. 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Uning davlatga keltirgan milliardlagan zarar haqida esa davlat organlari otasining o‘limidan keyingina ochiq ayta boshladi.

Kristian Lasslett

“Asosiy muammo shundaki, korrupsiya siyosat va hukumatning eng yuqori darajalariga qadar chuqur ildiz otgan. Bunday holatda “mafiya davlati” iborasi juda mos tushadi. Bugungi kunda ham davlat mablag‘lari hisobidan ulkan boylik to‘playotgan “yangi” “Gulnora Karimovalar” yetishib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Bu tendensiyani o‘zgartirishning yagona yo‘li – O‘zbekistonda siyosiy elitaning doimiy almashinuvini ta’minlaydigan demokratik mexanizmlarni joriy etishdir. Ya’ni, hech kim cheksiz muddatga lavozimda qolmasligi kerak”, deydi Kristian Lasslett.

Ekspert Rafael Sattorov o‘zbekistonliklar elitada "yangi Gulnoralarning" paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlaydi:

“Gulnora Karimovanikiga o‘xshash holatlarning kelajakda qaytarilmasligi haqida gapiradigan bo‘lsak… Bu hozir takrorlanyapti. Hozirgi kunda o‘zbek jamiyati o‘zi uchun beradigan savoli: O‘zbekistonning resurslari, O‘zbekistonning mablag‘lari yana nechta "Gulnora"larni boqishga yetadi? Yana ularning qanday ambitsiyalarini va ishtahalarini qondirishga yetadi? Kelajak avlod ham yangi "gulnoralar"ga xizmat qilishi kerakmi yoki yo‘qmi? Shu savol o‘rtada turishi lozim. Jarayon Gulnora Karimova bilan tugadi deyishning o‘zi xato”.

Gulnora Karimovani so‘roqqa olish paytidagi olingan rasm. 2014-yil.

Yashirin aktivlar bo‘lishi mumkinmi?

Gulnora Karimova 2020-yilda Toshkent shahar sudi tomonidan 13 yil-u 4 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2024-yil oxirida uni Toshkentdagi ayollar qamoqxonasidan manzil koloniyaga o‘tkazilishi esa jamoatchilikda yangi savollar uyg‘otgan. Gulnora Karimovaning yashirin mulklari yoki kapitallari hali ham xalqaro moliyaviy tizimda saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinmi? Tahlilchi Kristian Lassletning fikricha, bu ehtimoldan holi emas.

“Hozirga qadar faqat telekommunikatsiya sohasidagi poraxo‘rlik sxemasi bilan bog‘liq aktivlar musodara qilingan. Biroq men ko‘rgan Shveysariyadagi tergov hujjatlarida Gulnora Karimova foydasiga Zeromax kompaniyasi to‘lovlar amalga oshirilgani qayd etilgan. Zeromax avval neft-gaz sektorida katta daromad qilgan, keyinchalik esa tugatilgan offshor kompaniya edi. Sud faqat yetarli dalillarga asoslanib aktivlarni musodara qilishi mumkin. Agar sudga bunday dalillar taqdim etilmasa, fuqarolik yoki jinoiy jarayonlar orqali aktivlarni qaytarishning iloji yo‘q. Menimcha, katta ehtimol bilan bu aktivlarning bir qismi allaqachon uchinchi shaxslar tomonidan olib qo‘yilgan. Ular zaruriy hujjatlarga ega bo‘lish orqali offshor mablag‘larga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkin”.

Alisher Ilhomov esa prezident atrofidagilarning javobgarligiga e’tibor qaratdi.

“Hozirgacha korrupsiya O‘zbekistonda tizimli muammo bo‘lib qolmoqda. Asosiy masala – qonun ustuvorligining yo‘qligi, sudlarning hali ham prezident hokimiyatining to‘g‘ridan to‘g‘ri nazorati ostida ekanligi va eng muhim masalalar bo‘yicha qarorlar yuqoridan tushirilayotganidir. Markaziy hokimiyat, prezidentga yaqin shaxslar, shu jumladan, prezidentning o‘zi va uning atrofidagilar amalda qonun oldida javobgar emas”.

Gulnora Karimova ishi – faqat yaqin o‘tmishga oid mojaro emas. U hanuzgacha xalqaro moliyaviy tizim, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi siyosati va davlat mablag‘larining shaffof sarflanishi borasidagi katta sinov bo‘lib qolmoqda.