“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan Hindistondan Qozog‘istonga birinchi konteyner poyezdi harakati amalga oshirildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.
12 ta konteynerdan iborat birinchi poyezd Mundra (Hindiston) portidan Sorokovaya (Qozog‘iston) stansiyasiga jo‘nab ketgan. Yuklar Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududi bo‘ylab, dengiz (1585 km) va temiryo‘l (4300 km) orqali manzilga yetkaziladi.
Loyiha “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ, “TULM” OAJ (Turkmaniston transport-logistika markazi) va “Kedentransservis” OAJ (Qozog‘iston logistika terminallari operatori) hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida (Mundra–Sirg‘ali yo‘nalishida) konteyner tashish amalga oshirilgan edi. Yangi qatnov Hindiston–O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagi Qozog‘istongacha uzaytirilganidan dalolat beradi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” boshqaruvi raisi Mirziyod Mirhamidov ham kompaniya endilikda Hindiston–Markaziy Osiyo multimodal yo‘lagi bo‘ylab konteyner poyezdlarini muntazam jo‘natishini bildirgan.
So‘nggi vaqtlarda mintaqa davlatlari temir yo‘l orqali yuk tashish imkoniyatlarini oshirishga harakat qilmoqda.
Ozodlik avval xabar berganidek, 2024-yil 27-dekabr kuni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berildi.
486 kilometrlik yangi yo‘lak Yevrosiyo qit’alararo ko‘prigining janubiy tarmog‘iga aylanishi va Janubiy-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlari, shu jumladan, Turkiya, keyin esa Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqishi kutilmoqda.
Rasmiy Toshkentga ko‘ra, joriy yilda Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar transafg‘on temir yo‘li qurilishi ham boshlanadi.