"Ikkiyuzlamachilik". Afg‘on ayollari amerikalik pornoyulduz sayohatidan g‘azabda

Uitni Rayt Afg‘onistonda.

Afg‘onistonning islomiy Tolibon hukumati afg‘on ayollari uchun ta’lim olish va ko‘pchilik sohalarda ishlashni taqiqladi, shuningdek, ularga bog‘lar, sport zallari va hammomlarga kirishni man etdi.

Ular erkak hamrohisiz uydan chiqmasligi va tolibonning qattiq axloq qonunlariga bo‘ysunishi lozim.

Shunday cheklovlar mavjud bo‘lgan bir paytda, amerikalik porno aktrisaning mamlakatga sayohati haqidagi surat va videolar tarqalgach, afg‘on ayollari g‘azabga keldi.

Tolibon bu sayohatni rasman tan olmagan bo‘lsa-da, pornoyulduz Uitni Rayt o‘zining Instagram sahifasida Afg‘onistonning sayyohlik maskani tasvirlarini joylashtirdi.

"Bu mohiyatan ikkiyuzlamachilik," dedi afg‘on ayollari huquqlari va ta’lim faoli Vajma Toxi.

"Afg‘on ayollari o‘z vatanlarida qamoqqa tushgan bo‘lsa, chet ellik mehmonlar – kelib chiqishidan qat’i nazar – mehmondo‘stlik bilan kutib olinmoqda," deya qo‘shimcha qildi u.

So‘nggi yillarda Rayt asosan musulmon davlatlar – Eron, Iroq, Suriya va Livanga borgan.

Ozodlik radiosi "Tolibon" va Raytdan izoh ololmadi.

AQSH Davlat departamenti hozirda amerikaliklarga "Afg‘onistonga bormaslikni" maslahat bermoqda, chunki "Afg‘onistonda ko‘plab terrorchilik guruhlari faoliyat yuritmoqda va AQSH fuqarolari odam o‘g‘irlash va garovga olish xavfi ostida".

Tolibon hukumati Afg‘onistonning AQSHdagi elchixonasi yoki konsulliklarini nazorat qilmasa-da, Rayt AQSH fuqarosi sifatida viza olishi kerak.

Tolibon 2021-yil avgustida hokimiyatga qaytganidan beri mamlakatda zo‘ravonlik sezilarli darajada kamayganini ko‘rsatish va xalqaro obro‘sini oshirish uchun xorijlik sayyohlarni jalb qilishga intilmoqda.

Ba’zi afg‘on ayollari fikricha, Tolibon sayyoh ayollardan ijobiy qiyofa yaratish va mamlakat hatto chet ellik ayollar uchun ham xavfsiz ekanligini ta’kidlash uchun foydalanmoqda.

"Bu erkinlik faqat chet elliklar uchun, eng asosiy huquqlaridan mahrum bo‘lgan afg‘on ayollari uchun emas," dedi Afg‘oniston ayollar huquqlari faoli Nasima Bidargar Ozodlik radiosiga.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Толибон Афғонистонда мусиқага қарши курашни давом эттирмоқда

"Gender aparteid"

2021-yil avgust oyida hokimiyatga qaytgach, Tolibon darhol o‘smir qizlarning maktabga borishini taqiqladi. 2022-yil dekabr oyida esa universitetlar va boshqa oliy o‘quv yurtlari eshiklarini ayollar uchun yopdi. Shuningdek, bu guruh ayollarga xalqaro nodavlat tashkilotlar va boshqa sohalarda ishlashni man etdi.

Hatto faqat ayollar uchun mo‘ljallangan jamoat bog‘lari, ayollarga tegishli yoki ular tez-tez boradigan restoran va kafelar ham Tolibon rejimi tomonidan yopib qo‘yildi.

2024-yil avgust oyida Tolibon harakati ayollarga qaratilgan yangi axloq qonunini qabul qilib, ulardan jamoat joylarida yuzini yopgan holda erkak hamroh bilan yurishni talab qildi. Shuningdek, ayollarga jamoat joylarida qo‘shiq aytish yoki hatto ovozini ko‘tarishni taqiqladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali amaldorlari va afg‘on ayol faollari Tolibonning afg‘on ayollariga munosabatini "gender aparteid" deb atadi.

2024-yil yanvar oyida Xalqaro jinoyat sudi Tolibonning oliy rahbari mulla Haybatulloh Oxundzoda va Tolibon bosh qozisi Abdul Hakim Haqqoniyni "insoniyatga qarshi jinoyat - gender asosidagi ta’qiblar uchun jinoiy javobgarlikka tortish" maqsadida hibsga olish uchun order so‘radi.

Qora niqob kiygan Rayt Facebook'da Bandi Amir yaqinidagi qorda sayr qilayotgani aks etgan videoni joylashtirdi. Mashhur moviy ko‘llar va baland qoyalari bilan tanilgan bu joy Afg‘onistonning markaziy Bomiyon viloyatidagi eng mashhur milliy bog‘lardan biridir. 2023-yil avgust oyida Tolibon afg‘on ayollariga bu bog'ga kirishni taqiqlagan edi.

"Afg‘onistonlik ayol sifatida bu vaziyat meni qattiq tashvishga solmoqda," dedi Bomiyonda yashovchi ayol "Ozodlik" radiosiga.