Isroilning G‘azo sektoridagi vayronkor urushi AQSH va Yevropa Ittifoqi terrorchi deb tasniflagan HAMAS guruhining jangovar kuchini pasaytirdi.
Biroq, bu guruh Isroilning 15 oylik bombalashlari davomida katta yo‘qotishlarga uchragan bo‘lsa-da, G‘azoda hukmron kuch bo‘lib qolmoqda.
"HAMAS juda zaiflashgan bo‘lsa ham, asta-sekin nazoratni qayta qo‘lga olmoqda," dedi Quddus shahrida joylashgan Mitvim instituti rahbari Nimrod Goren.
Isroil HAMASni yo‘q qilmaguncha G‘azodagi urushni davom ettirishga va’da bergan edi. Ammo tomonlar 15-yanvarda o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
HAMAS 2023-yil 7-oktyabrda Isroilda hujum uyushtirib, taxminan 1200 kishini o‘ldirdi va 251 nafar odamni garovga oldi. Isroilning G‘azodagi javoban olib borgan urushi, HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 46 000 dan ortiq odamning yostig‘ini quritdi, infratuzilmaning katta qismini vayron qildi va 2,3 million aholining aksariyatini ko‘chirishga majbur etdi.
2007-yildan beri G‘azoni boshqarib kelayotgan HAMAS urush paytida o‘zining siyosiy va harbiy rahbariyatining katta qismini yo‘qotdi. Uning rahbari Ismoil Haniya iyul oyida Eronda Isroil tomonidan uyushtirilgani ehtimol hujumda halok bo‘ldi. Uning o‘rinbosari Yahyo Sinvar esa oktyabr oyida G‘azoda Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirildi.
Isroil urush paytida 20 000 ga yaqin HAMAS jangchisini o‘ldirganini ta’kidlamoqda, bu raqamga jangari guruh e’tiroz bildirmoqda, biroq o‘z a’zolarining qanchasi halok bo‘lgani haqida ma’lumot bermagan.
Muqobil yo‘q
Yo‘qotishlarga qaramay, HAMAS G‘azodagi hokimiyatni ushlab turibdi.
"HAMAS avvalgidek kuchli bo‘lishi shart emas, chunki unga teng keladigan boshqa muqobil kuch yo‘q," deydi Bryusselda joylashgan Xalqaro inqiroz guruhi katta tahlilchisi Jerom Drevon.
Shunday bo‘lsa-da, guruh o‘z saflarini to‘ldirayotgan ko‘rinadi.
AQSHning yuqori martabali amaldorlari aytishicha, HAMAS urush paytida yo‘qotgan jangchilar soni bilan teng yangi jangchilarni yollagan, ammo ular xali tajribali emas.
Drevonning fikricha, Isroilning HAMAS muammosini harbiy yo‘l bilan hal qilish strategiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Uningcha, buning muqobili falastinliklar bilan siyosiy kelishuvdir.
Biroq bunga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va uning hukmron koalitsiyasining o‘ng qanot a’zolari qarshi chiqmoqda.
"Ular uchun siyosiy murosa yo‘q, – deydi Drevon Isroilning o‘ta o‘nglari haqida. – Ular faqat to‘liq g‘alaba istashadi."
19-yanvar kuni Isroilning o‘ta o‘ng qanot milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azodagi otashkesim bitimiga norozilik bildirish uchun Netanyaxu hukumatidan iste’foga chiqdi. U kelishuv "Isroilning barcha yutuqlarini yo‘qqa chiqaradi" deb aytdi.