Korrupsiyaga qarshi katta nutq. Mirziyoyev nimalar haqida gapirmadi?

5-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida gapirgan Mirziyoyev, jumladan, amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish bo‘yicha qonun qabul qilish vaqti kelganini aytdi.

Mirziyoyevning bu va boshqa tashabbuslari avval ham yangragan, ammo bu boradagi qonunchilik tashabbusi va aniq qadamlar kechiktirib kelinadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash koronavirus pandemiyasi avjida tuzilgan, ammo kengash biron marta jamoatchilikka hisobot bergani ma’lum emas.

Prezident Mirziyoyev administratsiyasi hokimiyatning yuqori doiralari, shaxsan prezident oilasi a’zolarining korrupsiya va nepotizmga aloqadorligiga doir xalqaro jurnalistik surishtiruvlar, jumladan, Ozodlik surishtiruvlarida ko‘tarilgan savollarni javobsiz qoldirib keladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Мирзиёевлар Амирлиги": Тармоқни титратган Озодлик суриштируви

"MAHALLA"DAGI KORRUPSIYA

5-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham Mirziyoyev hokimiyatning yuqori doiralaridagi korrupsiyaga to‘xtalgani yo‘q.

Prezident matbuot xizmatining davlat rahbaridan iqtibos keltirishicha, "korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda".

Mirziyoyev o‘zi sakkiz yil avval joriy qilgan "hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar tizimi" o‘zini oqlamaganini qisman tan olgan. U hokimiyat bo‘linish tamoyillariga zid va amalda ijro hokimiyati rahbarlari - hokimlarga cheksiz vakolat bergan ushbu tizim isloh qilinishiga ishora qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq shug‘ullanmaydi".

Mirziyoyev Bosh vazir Aripovga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlarni qo‘yish"ni topshirgan.

U shuningdek, "ayrim idoralar" tomonidan sudga ta’sir o‘tkazish urinishlarini tanqid qilgan, ammo hech qaysi idora nomini tilga olmagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan yig‘ilish hukumat, xususan, kuchishlatar tizimlardagi qator iste’fo va yangi tayinlovlar ortidan o‘tkazilmoqda. Ammo Mirziyoyev, xususan, mamlakatdagi ikki qudratli kuchishlatar tizim - DXX va IIV rahbariyatidagi o‘zgarishlar korrupsiya bilan biron shaklda aloqadorligiga ishora qilmagan. Oldinroq bu idoralarning iste’foga chiqarilgan rahbarlari Prezident Administratsiyasida yangi lavozimlarga tayinlangan edi.

Mirziyoyev ayrim rahbarlarni ortiqcha hashamat va dabdabaga berilgani uchun tanqid qilgan, ammo biron rahbar nomini tilga olmagan.

"Bu borada ayrim rahbarlar o‘zining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna bo‘lish o‘rniga, bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilayotgani ham bor gap”, degan u.

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirziyoyev oilasi a’zolari - kuyovlari va qizlarining hashamatli hayoti o‘zbekistonliklar tomonidan tanqid qilib kelinadi.

O‘tgan yil yozida Ozodlik surishtiruvi Shavkat Mirziyoyevning kichik qizi¸ Ijtimoiy himoya agentligi rahbari o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va uning eri¸ Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining endilikda sobiq o‘rinbosari Otabek Umarov Toshkentda qiymati o‘nlab million dollarga baholangan hashamatli qasr qurayotganini o‘rtaga chiqargan. Na Umarov va na Mirziyoyev administratsiyasi surishtiruv xulosalariga izoh bergan.

O‘zbekiston Transparency International tashkilotining 2024-yilda jahon davlatlaridagi korrupsiya darajasi bo‘yicha hisobotida (Corruption Perception Index) 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egallagandi.

Avvalroq ekspertlar Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston boshqaruv tuzilmalarida aksilkorrupsiyaviy qonunlarga qarshilik mavjudligi haqida gapirgandi.

SO‘Z ERKINLIGI HAQIDA SO‘Z

5-mart kungi yig‘ilishda prezident Mirziyoyev jurnalistlarga bosimlar kuchaygan va qator blogerlar qamoqqa tashlangan oxirgi bir yilda ilk bor so‘z erkinligi haqida gapirgan.

Prezident matbuot xizmatining iqtibos keltirishicha, Mirziyoyev ilgari korrupsiya mavzusi “jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq” bo‘lgani, endilikda “mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgargani”ni aytgan.

“Takror va takror aytaman: biz ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz!” degan O‘zbekiston rahbari.

Muqaddam hukumat so‘z erkinligini ta’minlashda sobit ekani haqida bot-bot bayonot bergan Mirziyoyev so‘nggi vaqtlarda bu masalani tilga olmay kelayotgandi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиёев VS Блогерлар. Таёқ, таҳдид ва таъма

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 2016-yilda prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin siyosiy motivlar sabab qamalgan huquq himoyachilari va jurnalistlar ozodlikka chiqqan va go‘yo yangi O‘zbekiston paydo bo‘layotgandek tasavvur uyg‘ongan edi. Ammo bu qisqa davr ortda qolib, ko‘p jabhalarda, jumladan, so‘z erkinligi bo‘yicha yana eski odatlar bo‘y ko‘rsata boshlagan.

Human Rights Watch tashkilotining dunyoda inson huquqlari ahvoliga doir so‘nggi hisobotida qayd etilishicha, O‘zbekiston hukumati so‘z erkinligiga qarshi repressiyani kuchaytirdi, tanqidiy fikrlovchi blogerlarni soxta jinoiy ayblovlar bilan qamoqqa tashladi va “prezidentni internetda haqorat qilgani” uchun fuqarolarni besh yilgacha ozodlikdan mahrum etdi.


“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkiloti 2024-yilgi hisobotida O‘zbekistonda matbuot erkinligi o‘tgan bir yil ichida 11 ta pozitsiyaga yomonlashib, 137-o‘rindan 148-o‘ringa tushib qolganini qayd etgandi.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan Article 19 huquqbonlik tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hali-hamon “so‘z erkinligi inqirozga yuz tutgan” mamlakatlar qatorida turibdi.