Vanuatuning oltin pasporti. Sobiq MXX rahbari Rustam Inoyatov kim?

O‘zbekistonning qudratli maxsus xizmatlari - sobiq MXX generali Rustam Inoyatov nomi yana trendda.

Dastlab Inoyatovning Vanuatu “oltin pasporti” olgani fosh bo‘ldi.

Uning ortidan esa tarmoqlarda Inoyatov go‘yoki vafot etganiga doir postlar paydo bo‘ldi.

Rasmiylar har ikkala xabarni ham izohlagani yo‘q.

Ammo Inoyatov Vanuatu pasportini olgani haqidagi xabarning ko‘p o‘tmay mahalliy nashrlardan olib tashlanishi uning qudrati va shaxsiga yana bir bor e’tiborni qaratdi.

Xo‘sh, o‘zbekistonliklarni chorak asr qo‘rquvda ushlab turgan va O‘zbekiston siyosatida hanuz katta ta’sirga ega deb ishoniladigan sobiq MXX rahbari Rustam Inoyatov kim?

KGBchining o‘g‘li

Rustam Inoyatov birinchi prezident Islom Karimov davrida mamlakatning qudratli maxsus xizmatlari - sobiq MXXga qariyb 23 yil rahbarlik qilgan.

Inoyatovning biografiyasi haqida to‘liq ma’lumot yo‘q.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rustam Rasulovich Inoyatov 1944-yilning 22-iyunida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Pashxurt qishlog‘ida tug‘ilgan.

MXX (DXX) sobiq raisi Rustam Inoyatovning otasi ham KGB polkovnigi bo‘lgan.

Uning otasi Rasul Inoyatov KGB polkovnigi bo‘lgan.

1968-yilda Toshkent davlat universitetining Eron filologiyasi fakultetini bitirgan. 1965-67-yillarda o‘qish bilan birga Toshkentdagi qurilish trestlaridan birida beton qoruvchi bo‘lib ishlagan.

Inoyatov tojik, fors, rus, ingliz tillarini yaxshi biladi.

U universitetdan so‘ng SSSR armiyasida xizmat qilgan va o‘sha yerda SSSR KGBga (Davlat xavfsizlik komiteti) ishga kirgan. SSSR va O‘zbekiston KGBsida bir qator mansablarda ishlagan.

SSSR armiyasi Afg‘onistonga bostirib kirishidan oldin KGBning kontrrazvedka xodimi bo‘lgan Rustam Inoyatov 1976-yilda Afg‘onistondagi elchixonada diplomatik niqob ostida ish boshlagan va bu xizmati 1981-yilgacha davom etgan.

Rustam Inoyatov 1995-yilning 27-iyunida pensiyaga kuzatilgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi G‘ulomjon Aliyev o‘rniga tayinlangan edi.

O‘sha paytda O‘zbekiston MXXsida ishlab yurgan Rustam Inoyatov mashina o‘g‘riligida nom chiqargan Shuhrat Dombrabadskiy guruhini qo‘lga olish tadbiri bilan Islom Karimov nazariga tushgani aytiladi.

Inoyatov haqidagi maxsus videodan kollaj

MXXdagi "islohotlar"

Inoyatov MXXga rahbarlik qilgan davr O‘zbekistonda siyosiy qatag‘on va qiynoqlar avjiga chiqqan davr sifatida bilinadi. Bu davrda 13 yil hukumatni boshqargan Shavkat Mirziyoyev keyinchalik Karimov va Inoyatov davrini 37-yildagi Stalin qatag‘onlari davriga qiyoslagandi:

"Bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamni nima qilsa, qilardi. Kerak bo‘lsa, stolbani ham borib qamardi…. Adolat baribir o‘rnatamiz".

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Шавкат Мирзиёев Бухоро МХХ ҳақида

Adolat o‘rnatishga va’da qilgan Mirziyoyev MXXni isloh qilishga kirishdi. Tashkilot nomi DXXga o‘zgartirildi.

Shavkat Mirziyoyev dastlab bu qudratli tashkilot vakolatlarini qisqartirdi. Rustam Inoyatov 2018-yilning 31-yanvarida iste’foga chiqarildi.

Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi muovini
Shuhrat G‘ulomov hiyonatda ayblanib, bir umrga ozodlikdan mahrum etildi.

Inoyatovning yana uchta muovini ishdan olindi. Aksar viloyatlardagi boshqarmalar raislari ham yo vazifalaridan chetlatildi yoki nafaqaga chiqarildi. Yana o‘nlab zobitlar ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Biroq Mirziyoyevning MXX tizimidagi "tozalashlari" asosiy shaxs Rustam Inoyatovni chetlab o‘tdi. Inoyatov ishdan olingani bilan uning daxlsizligi saqlab qolindi.

2018-yilning 31-yanvarida Rustam Inoyatov MXX raisi lavozimidan olingach, Mirziyoyev uni Oliy Majlis Senatiga o‘tkazib, unga daxlsizlik maqomini berdi. Qonunchilikka ko‘ra, senatorning jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki biror jazoga tortilishi mumkin emas. Buning uchun Senat roziligi talab qilinadi.

Shuningdek, keyingi uch yil davomida Inoyatov prezident maslahatchisi lavozimida bo‘ldi.

"Kulrang kardinal"

Rustam Inoyatov MXX raisligidan chetlatilganidan so‘ng ham avvalgi ta’sirini saqlab qolgan, deb ishoniladi. U rahbarlik qilgan maxsus xizmat, garchi nomi va rahbarlari o‘zgargan esa-da, hanuzgacha yopiq va qudratli tuzilma hisoblanadi.

Alisher Ilhomov.

"Lavozimdan bo‘shatilganiga qaramay, Inoyatov O‘zbekistonda yuz berayotgan voqealarga, tayinlovlarga ta’sir o‘tkazish salohiyatini saqlab qoldi, chunki Inoyatovning ixtiyorida ikkita muhim richag yoki omil bor edi. Birinchidan, u MXXni boshqargan davrida barcha muhim shaxslarga, nafaqat elita ichidagi, balki o‘rta qatlamga mansub juda ko‘p odamlarga nisbatan kompromatlar yig‘ib qo‘ygandi. Bu ma’lumotlar bilan xohlagancha manipulyatsiya qilish, odamlarni o‘z manfaatida qo‘llash va ishlatish mumkin edi. Ikkinchidan, Inoyatovning puli ko‘p edi. Uning davrida MXX xodimlari reyderlik va tovlamachilik yo‘li bilan xususiy biznesdan katta pul undirishardi. Men eng kamida bitta misolni bilaman. Menga tanish bir tadbirkorni MXX yerto‘laga tiqib qo‘yib, kattagina o‘lpon to‘laganidan keyingina bo‘shatgandi. Bu yagona holat emas, bunaqa ishlar MXXning aosiy daromad manbalaridan biri edi", deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Рамзий истеъфо: Иноятов кетди, тизим қолди

“Toshkent portlashlari”

Rustam Inoyatov nomi O‘zbekiston yaqin tarixida sodir bo‘lgan muhim voqealar bilan chambarchas bog‘lanadi. Jumladan, “Toshkent portlashlari”. 1999-yilning 16-fevralida Toshkent shahrining bir necha joyida sodir etilgan portlashlarni o‘sha paytda MXX raisi bo‘lgan Rustam Inoyatov avvaldan bilgani va bu portlashlarning oldini olmay, maxsus qo‘yib bergani haqida o‘sha portlashlarda ayblanib qamalgan, keyinchalik qamoqda o‘lgan Zayniddin Asqarov xorij jurnalistlariga aytib bergan edi.

Bu voqealardan so‘ng O‘zbekistonda boshqacha fikrlovchi shaxslarga va dindorlarga nisbatan bosim va ta’qib kuchaydi. Minglab odamlar qamalgani, yana yuzlab odamlar ta’qiblardan qochib, mamlakatni tark etgani haqida inson huquqi himoyachilari xabar bergan va bu holat xalqaro tashkilotlar ro‘yxatlarida qayd qilingan.

“Toshkent portlashlari”dan so‘ng Rustam Inoyatov general-polkovnik unvoni bilan taqdirlangan.

"Andijon qirg‘ini"

Toshkent portlashlaridan 6 yil o‘tib, Andijonda askari qurolsiz namoyishchilar hukumat kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi.

2005-yilning may oyidagi qonli voqealardan so‘ng Rustam Inoyatov Yevropa Ittifoqi tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan Andijondagi qirg‘in uchun mas’ul 12 nafar o‘zbek hukumati amaldorlaridan biri bo‘ldi.

O‘zbekiston rasmiylari qonli voqealarda aksariyati terrorchilardan iborat 187 kishi halok bo‘lganini aytgan.

​Norasmiy manbalar qurbonlar soni bir necha yuz kishini tashkil etishini aytishgan.

Nadejda Atayeva

" Rustam Inoyatov Karimov diktaturasi davrida shakllangan O‘zbekiston jazolash tizimining ramzi bo‘lib qolgan. U ayniqsa yigirma yil muqaddam – Andijon qirg‘inidan so‘ng taniqli odamga aylangan edi. Davlat sodir etgan va insoniyatga qarshi jinoyat o‘laroq tavsiflanadigan jinoyatlar dalillarini yo‘q qilish bilan aynan Inoyatov rahbarligidagi idora – MXX shug‘ullangan", deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva.

Inoyatov va Almatov

Tahlilchilarga ko‘ra, Andijon voqealari ortidan Inoyatovning asosiy raqibi - Zokirjon Almatov va umumiyatla, Ichki ishlar vazirligining mavqeyi zaiflashgan. Almatov Ichki ishlar vazirligidan iste’foga chiqarilgach IIVning maxsus qo‘shinlari MXX tarkibiga o‘tkazildi. Chegara qo‘shinlari ham qaytadan xavfsizlikka berildi.

" Islom Karimov hokimiyat butoqlari o‘rtasida emas, balki ijro hokimiyati ichida checks and balances, ya’ni tiyib turish va muvozanatda tutish tizimini amalga oshirishga uringan. Masalan, u bir paytlar Jo‘rabekov bilan Alimovning o‘zaro raqobatini qo‘llab-quvvatlagan. Inoyatovga nisbatan ham shunaqa raqobatchi figura bor edi – ichki ishlar vaziri Almatov. Karimov nuqtai nazaridan bu nazorat qilishning ishonchli usuli edi: o‘zaro raqobatchi tuzilmalar odatda bir-biriga kompromat yig‘ib, bir-birining ustidan chaqimchilik qilib, prezidentga kimni jazolash, kimni zararsizlantirish bo‘yicha o‘z vaqtida qarorlar qabul qilish imkonini berardi. Ammo bu “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” tizimi Andijon voqealaridan so‘ng barham topdi. O‘shanda Inoyatov Almatovni ishdan oldirishga, vakolatlari va nufuzidan, prezidentga “dostupi”dan mahrum qilishga muvaffaq bo‘lgandi", deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov.

Inoyatovning kuch tuzilmalari va davlat idoralariga ta’siri yanada kuchaydi. Repressiyalar avjiga chiqdi. Toshkentda MXX kuchlari ishtirokida maska shoular odatiy holga aylandi.

MXX bilan bog‘liq jinoyatlar ro‘yxatida narkobiznes ham tilga olinadi. Ozodlik surishtiruvlarida Rustam Inoyatov davrida MXXning narkotrafik savdosiga aralashgani ham o‘rtaga chiqqan.

“MXX va narkotrafik” nomli surishtiruvimizda Milliy xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimli amaldorlari Afg‘onistondan O‘zbekistonga narkotiklar kontrabandasini nazorat qilgani haqidagi iddaolar o‘rganilgan.

Inoyatovning "oltin pasporti"

50 yil davomida SSSR KGBsi va O‘zbekiston MXXsida ishlagan chekist Rustam Inoyatov shaxsi o‘ta sirli hisoblanadi. Inoyatov biror marta matbuotga intervyu bermagan. Aksincha matbuot u haqdagi ma’lumotlardan muttasil tozalab kelingan.

Biroq Inoyatov shaxsi matbuotdan qanchalik yashirilmasin, vaqti vaqti bilan u va oilasiga oid ma’lumotlar sizdirilgan.

Jumladan, yaqinda Rustam Inoyatov va oilasi a’zolari Vanuatu vatandoshligini olgani ma’lum bo‘ldi.

Intelligence Online nashri Rustam Inoyatov “oltin pasport” dasturi doirasida Vanuatu davlati fuqaroligini olganini aniqlagan.

Inoyatov nomi 2022 va 2023-yillarda sarmoya evaziga Vanuatu pasportini olgan shaxslar ro‘yxatida. Bu ro‘yxatda 1961 kishi bo‘lib, ularning aksariyati Xitoy va Rossiya fuqarolaridir. Ular orasida sanksiyaga tushgan milliarderlar hamda razvedka va uyushgan jinoiy guruhlarga aloqador shaxslar ham bor.

Ayrim o‘zbeklar shu paytgacha hatto nomini ham eshitmagan Vanuatu davlatining pasporti Inoyatovga nima uchun kerak bo‘lgani noma’lum. Inoyatovning Tinch okeanidagi orol davlatlaridan birining vatandoshligini olgani tarmoqlarning o‘zbek segmentida keskin tanqidga uchradi.

Xavfsizlik tizimi oligarxlari

Intelligence Online aniqlashicha, Rustam Inoyatovning o‘g‘li Sharif Inoyatov ham Vanuatu “Oltin pasport”i sohibi bo‘lgan.

Ota-bola Inoyatovlarning har biri bu pasport uchun 130 ming dollardan pul to‘lashgan.

O‘zbekistonning qashshoq aholisi tushiga ham kirmaydigan bu miqdordagi pul, Inoyatovlar uchun sariq chaqa kabi deyish mumkin. Boisi Rustam Inoyatovning mamlakat ichkarisida va xorijda katta biznes-imperiyasi borligi ma’lum.

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet

" Rustam Inoyatov va uning biznes manfaatlarini mamlakatning so‘nggi tarixida kuzatilgan ikki muhim tendensiya asosida tahlil qilish lozim, deb o‘ylayman. Birinchisi shundaki, Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan davlat nazoratida bo‘lib, xususiy sektorning iqtisodoyotdagi ulushi juda kam bo‘lgan. Ikkinchi tendensiya esa mamlakatda kuch tuzilmalari mustaqillik davridan buyon sezilarli ta’sir kuchiga ega hamda ular hukumat va biznesning barcha jabhalariga chuqur singib ketgan. Natijada, bu ikki tendensiya bir-biriga qo‘shilib, Inoyatov boshchiligidagi “xavfsizlik tizimi oligarxlari” deb atash mumkin bo‘lgan qatlam yuzaga kelishiga olib keldi", deydi Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet.

Open source investigations jurnalistik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Rustam Inoyatovning biznes saltanatini uning o‘g‘li Sharif Inoyatov yuritadi:

“Toshkent davlat sharqshunoslik institutini bitirgan Sharif Inoyatov MXX generali Rustam Inoyatovning o‘g‘lidir. U iqtisod fanlari bo‘yicha ta’limni horijda, jumladan, Qohiraning Al-Azhar universitetida oldi. Bundan tashqari, u otasi bilan Milliy xavfsizlik xizmatini oilaviy biznesga aylantirdi".

Rustam Inoyatovning asosiy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan Sharif Inoyatov jamoatchilik ko‘zidan shunchalik ustalik bilan yashirilganki, internetda uning hatto suratini ham topish amrimahol.

Inoyatovning boyliklari

Jurnalistik surishtiruvlarda Rustam Inoyatov oilasining butun dunyo bo‘ylab ko‘chmas mulk va biznes hissalarga egaligi aniqlangan.

Ozodlik surishtiruvlari Rustam Inoyatov va uning oilasi O‘zbekistonda keng iste’mol mollari importi bilan shug‘ullanishi va birgina Toshkentning o‘zida 2003-yilda unga tegishli 20 dan oshiq supermarket borligini o‘rtaga chiqargan.

" Rustam Inoyatov O‘zbekiston xavfsizlik xizmatidagi, ehtimol, eng qudratli shaxs bo‘lgani sababli, xavfsizlik xizmatidagi ko‘zga ko‘ringan oligarxlardan biri sifatida ko‘riladi. Shaxsiy tadqiqotlarim shuni ko‘rsatdiki, uning o‘g‘li Sharif Inoyatov katta biznes manfaatlariga ega. U o‘z biznesini ikki yaqin hamkori bilan birgalikda boshqaradi. Bu shaxslardan biri Ravshan Obidov bo‘lib, uning otasi xavfsizlik xizmatida general bo‘lgan. Ikkinchi shaxs esa gaz sanoatidagi yirik tadbirkor Baxtiyor Fozilov. Bu uchovlon Rossiya va O‘zbekistonda katta agro-sanoat bizneslariga egalik qiladi", dedi Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet.

Inoyatov-Parpiyev tandemi

Karimov davridagi eng qudratli amaldorlar - MXX raisi general Rustam Inoyatov va Davlat Soliq qo‘mitasi raisi¸ general Botir Parpiyevlarning qudaligi ularning ham iqtisodiy, ham siyosiy kuchini oshirgan jiddiy omillardan biri sifatida ko‘riladi.

Tahlilchilar, Inoyatov-Parpiyev tandemini pul va siyosiy hokimiyatning "qo‘rqinchli" sintezi, deya ta’riflashadi.

Manbalar ta’kidicha, Rustam Inoyatov qudasi Botir Parpiyev bilan birgalikda Orient Group oilaviy biznes imperiyasini yaratgan. Ozodlik o‘z surishtiruvlarida so‘nggi yillarda qudratli generallar biznes imperiyasida prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovning ukasi Oybek Umarov o‘z ulushini oshirayotganiga e’tibor qaratgandi.

Rustam Inoyatovning kuyovi Bobur Batirovich Parpiyev 2013-yildan “Oriyent Finans” bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari¸ 2016-yildan 2020-yilga qadar esa¸ boshqaruv raisi bo‘lgan. Hozirda bank kuzatuv kengashi raisi.

Inoyatovning gaz biznesi

Sharif Inoyatov ismi Ozodlikning O‘zbekiston gaz-kon sohasiga oid surishtiruvlarida ham tilga olingan. Jumladan, O‘zbeklarni gazsiz qoldirgan maxfiy kelishuvlarda ham Inoyatov ismi bor.

"Menga kelib tushgan maxfiy hujjatlarda Baxtiyor Fozilov gaz sanoatidagi aksiyalarining bir qismini Sharif Inoyatov nomidan boshqarishi yozilgan. Biroq, buni bevosita isbotlaydigan ishonchli shartnoma hujjatlari menda yo‘qligi bois, aniq dalil keltira olmayman. Shunga qaramay, O‘zbekiston xavfsizlik xizmatida oligarxlar guruhi shakllanganiga ortiqcha shubha yo‘q. Rustam Inoyatov hamda uning oilasini ushbu elita guruhning muhim a’zolari sifatida ko‘rish mumkin", dedi Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet.

Inoyatovning xorijdagi mulklari

Ota-bola Inoyatovlarning xorijdagi bizneslarining ham sanog‘i yo‘q. 2005-yilning 23-noyabrida Avstriyada ro‘yxatga olingan Benif Handels GmbH shirkatining 60 foizi, Vena shahridagi 600 kvadrat metrli, 2 qavatli qasr Sharif Inoyatov nomida ekanligi haqidagi yuridik hujjatlar Ozodlikda mavjud.

Inoyatovning Dubaydagi uyi

Open Source Investigations jurnalistlari 2018-yilning 22-yanvar kuni Inoyatovlar oilasining Dubayda 12 million dollar sarflab, turarjoy inshooti qurgani haqida xabar qilgan.

Rustam Inoyatovning o‘g‘li Sharif Inoyatov Ozodlikning qator surishtiruvlari “qahramoni” oligarx Baxtiër Fozilovning yaqin biznes sheriklaridan biri. Ularning Rossiyada hamkorlikda yo‘lga qo‘ygan bir qancha bizneslari bor. Jumladan, 2015-yilda ular Tuladagi Volovskiy broyler parrandachilik fabrikasini sotib olib, unga 100 million dollar yotqizgani ma’lum.

Sharif Inoyatovning Rossiyadagi bizneslaridan Ozodlikka ma’lumlarini sanaymiz:

NЕVA ALYANS GRUPP MCHJ - 75 %

VOLOVSKIY MASLOEKSTRAKSIONNIY ZAVOD - 30%

VOLOVSKIY KOMBIKORMOVIY ZAVOD - 30%

VOLOSKIY BROYLЕR PARRANDACHILIK FABRIKASI -30% ulushi bor.

AKSUS GRUP MCHJ -hozirda yopilgan

Shuningdek, Rustam Inoyatovning o‘g‘li Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi qonli urushni boshlaganidan uch oy o‘tmay¸ Leningrad oblastida TRIAR INVЕST AJ deb nomlangan yangi kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazgan.

" Rustam Inoyatov lavozim vakolatlari va Patrushev bilan yaqin aloqalaridan o‘z nafsi uchun va o‘zbek xalqining milliy manfaatlari zarariga foydalanib, O‘zbekistonning Rossiyaga to‘liq energetik qaram bo‘lishiga olib keldi", deydi “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva.

Open source investigations jurnalistik guruhi ochiqlagan ma’lumotlarda Uzgardens shirkati ham Inoyatovlar oilasiga tegishli ekani aytiladi.

Uzgardens – Rossiyaga O‘zbekistondan meva-sabzavot yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik shirkatdir.

2016-yilda "Re:Baltica" nashri surishtiruvida Rustam Inoyatovning Latviyada ham bizneslari borligini aniqlangan edi.

Latviyalik jurnalistlar qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Inoyatovning Lavtiyadagi biznesi uning o‘sha paytdagi o‘rinbosari Hayot Sharifxo‘jayev bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lgan. General-mayor Hayot Sharifxo‘jayev 2015-yilning mayida lavozimidan olinib, unvonlaridan mahrum etilgan. 2019-yilda Sharifxo‘jayev "mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish", "jinoiy guruh tuzish", "tovlamachilik", "qiynoqlar qo‘llash", "begunoh insonlarni javobgarlikka tortish" singari qator jinoyatlarda ayblanib, 6 yilga qamalgan, biroq oradan bir yil o‘tib, Mirziyoyev Sharifxo‘jayevni afv qilib, ozodlikka chiqargan. Uning ukasi, MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev ham 2016-yilda qator jinoyatlarda ayblanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Hozirda u qamoq jazosini o‘tamoqda.

Gulnora Karimova va MXX "jangi"

O‘zbekiston MXXsining yuqori lavozimli mulozimlarining, jumladan, Rustam Inoyatov kirdikorlari haqida ilk bor marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2014-yilda fosh qilgan edi.

O‘sha paytda Gulnora Karimovaning o‘z biznes imperiyasiga qarshi reydlar ortidan Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov va general Hayot Sharifxo‘jayev kabi amaldorlarga qarshi Twitter jangi boshlagan. Tahlilchilar, Gulnora Karimova va MXX o‘rtasidagi o‘sha jangni vorislik uchun kurash deya, baholagan.

“O‘zbekistonda hokimiyat uchun kurash boshlandi. MXX raisi Rustam Inoyatov otamning o‘rnini egallamoqchi”, deya yozgandi Gulnora Karimova.

Oradan ko‘p o‘tmay Karimovaning Twitter jangi to‘xtatilib, u qamoqqa tashlandi.

Tahlilchilar, Mirziyoyevning hukumatga kelishi ortida aynan Rustam Inoyatov turganini ta’kidlashgan.

" Inoyatov qariyb 30 yil O‘zbekiston kadrlar siyosatini belgiladi; jismoniy yo‘q qilish, siyosiy qotilliklar, qiynoqlar, total kuzatuv singari qizil terror usullari yordamida fuqarolik jamiyati va ijtimoiy fikr yetakchilari faoliyatini batamom mahv etdi. Hozircha jamoatchilikka uning ayrim jinoyatlarigina ma’lum. Rustam Inoyatov yovuzlik va adolatsizlik timsoli sifatida uzoq vaqt yodda qolishi uchun tarixchilar, huquq himoyachilari va surishtiruvchilar uni hali ko‘p o‘rganishlari kerak bo‘ladi", deydi “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva.