O‘zbekiston va Gruziya o‘zaro savdo hajmini oshirmoqchi

Abdulla Aripov va Irakli Kobaxidze.

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi mamlakatlar salohiyatiga mos emas, deb ta’kidlandi Toshkentda 5-mart kuni bosh vazirlar Abdulla Aripov va Irakli Kobaxidze uchrashuvida.

O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati ma’lum qilishicha, muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi Erkin savdo kelishuvi imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yaqin yillarda savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish zarurligi qayd etilgan.

Bu natijaga to‘qimachilik, poyabzal va charm, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari, rangli va qora metallar, meva-sabzavot, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar oldi-sotdisiga keng yo‘l ochish orqali erishish mumkinligi bildirilgan.

Toshkent va Tbilisi asosiy e’tiborni uch yo‘nalish – savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiya va kooperatsiya loyihalari ko‘lamini kengaytirish hamda transport-logistika tizimini yaxshilashga qaratishga kelishgan.

Uchrashuvda, shuningdek, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikning yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama etilgan.

4-5-mart kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidze prezident Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

Mirziyoyev bilan muloqotda ham tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish muhimligi ta’kidlangan.