Qo‘l berib ko‘rishmagan Rahmon va Japarov quchoq ochib ko‘rishmoqda. Bishkekdagi tarixiy kelishuv

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bishkek aeroportida Tojikiston rahbari Emomali Rahmonni kutib olmoqda. 12-mart, 2025

2022-yildagi to‘rt kunlik chegara urushidan bir necha hafta o‘tgach, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston rahbari Emomali Rahmon qo‘l berib ko‘risha olmagan edi. Endi esa chegara mojarosini hal qilishga tayyorlanayotgan ikki rahbar hatto quchoq ochib ko‘rishmoqda.

Dunyo Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinini to‘xtatish uchun muzokaralar bilan ovora bir paytda, Markaziy Osiyoning ikki davlati uzoq va ba’zan qonli chegara mojarosiga butkul barham berish uchun tinchgina ishlamoqda.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi taxminan 1000 kilometrlik chegara bo‘yicha kelishuv loyihasi "tarixiy" deb atalishga loyiqdek ko‘rinadi. Bu mojaro Sovet Ittifoqining dastlabki davrlariga borib taqalgani va ikki davlat oxir-oqibat Moskva nazorati ostidagi tuzilmalar bo‘lgani uchungina emas.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Қирғиз-тожик чегарасида яна қуролли тўқнашув

Aksincha, yutuqning ko‘lami shundaki, uch yil oldin ham chegaraning yarmiga yaqini bahsli bo‘lgan va 2021 va 2022-yillarda ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ikkala tomonda o‘nlab odam o‘lgan, milliy ruhiyatda o‘chmas iz qolgandi.

Ikkinchi mojarodan bir necha hafta o‘tgach, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va uning qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarov Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachiligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hatto qo‘l berib ko‘rishmagan edi.

Ammo 12-mart kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Rahmonni an’anaviy raqqosalar va musiqachilar kutib oldi, ikki rahbar uzoq qo‘l siqishdi, uch marta quchoqlashdi. Kamiga, Rahmonning tasvirini aks ettirgan va "janobi oliylari"ni eng samimiy so‘zlar bilan kutib olgan katta tasvir ham o‘rnatilgan edi.

Agar jiddiy muammolar yuzaga kelmasa, Rahmon Qirg‘izistondagi ayrim norozilik belgilariga qaramay, ikki davlat parlamentlari nomiga ratifikatsiya qilib qo‘yadigan chegara shartnomasini imzolab ketadi.

Shundan so‘ng, mintaqaning suv tanqis, aholi zich joylashgan qismida uzoq vaqtdan beri azob chekayotgan jamoalar uchun hayot qanday o‘zgarishi masalasi ko‘tariladi.

Yaqinlashuv

2021-yilgacha chegaradagi voqealar asosan past darajadagi mojarolar edi. Ular vaqti-vaqti bilan qirg‘iz va tojiklarning suv talashishi ortidan kelib chiqar, ikki mamlakat chegarachilari to‘qnashuviga sabab bo‘lardi.

Biroq 2021-yilgacha bo‘lgan voqealar shunchaki otishmalar darajasida edi.

Og‘ir artilleriyadan, keyin esa xorijda ishlab chiqarilgan dronlardan foydalanish – masalan, Qirg‘iziston Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar TB2 ni sotib olgani bilan maqtangan edi – 2021 va 2022-yillardagi mojarolarda qurbonlar soni oshishiga olib keldi.

Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch tashkiloti 2022-yilda Qirg‘izistonda 100 mingdan ortiq odam ko‘chirilgan to‘rt kunlik mojaroni ko‘rib chiqib, "har ikki tomon urush qonunlarini jiddiy buzganini" ta’kidladi.

Hisobotda fuqarolik transport vositalari va tez yordam mashinalariga hujumlar, portlovchi moddalardan "ajratib o‘tirmay" foydalanish, harbiy kuchlar tomonidan suddan tashqari qotilliklar, uylar va fuqarolik infratuzilmasiga o‘t qo‘yish va o‘nlab tinch aholi o‘limi bilan yakunlangan hodisalar qayd etilgan.

O‘sib borayotgan vayronagarchiliklar, hech bir tomonga hal qiluvchi g‘alaba keltirmagan mini-qurol poygasi mintaqadagi eng qashshoq ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarga qo‘shimcha turtki bergan bo‘lishi mumkin.

Ammo bu ularni osonlashtirmaydi, ayniqsa, Kreml hech qachon mustaqil bo‘lishiga qo‘yib bermagan bu respublikalar o‘rtasidagi chegaralar noaniqligini hisobga olsak.

Hozircha kelishuv haqidagi ma’lumotlar rasmiylar ochiqroq gapiradigan Qirg‘izistondan kelmoqda.

O‘tgan oyda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Kamchibek Tashiyev parlamentdagi batafsil ma’ruzasida 21-fevral bayonnomasiga qadar bo‘lgan muzokaralar "juda qiyin" bo‘lganini aytdi.

Uning aytishicha, Vorux eksklavi – butunlay Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan Tojikistonning bir qismi – atrofidagi Tojikistonga ajratilishi kerak bo‘lgan yaylov yerlari miqdorini belgilash qiyinchilik tug‘dirgan.

Yana bir muammo Qirg‘izistonning janubi-g‘arbiy Botken viloyatidagi ikki tuman o‘rtasida to‘siqsiz harakatlanish imkonini beruvchi atigi 20 metr uzunlikdagi strategik ko‘prik maqomi bo‘ldi.

Bu Qirg‘iziston foydasiga hal bo‘lishi uchun to‘liq olti oy kerak bo‘ldi, dedi Tashiyev.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Қирғиз-тожик чегарасидаги зиддият: Икки томон ўт очишни тўхтатишга келишди

"Do‘stlik" deb nomlangan qishloq

Qirg‘iziston, shuningdek, Tojikistonni 1920-yillardagi xaritalardan – Markaziy Osiyoda Stalin chegaralari belgilangan davrdan muzokaralar pozitsiyasi sifatida foydalanmaslikka ko‘ndira oldi, dedi Tashiyev.

Ammo Bishkek bir vaqtning o‘zida ancha katta yon berdi.

"Do‘stlik" qishlog‘i bunga misol bo‘la oladi.

Kelishuvga ko‘ra, ushbu qirg‘iz qishlog‘i to‘liq Tojikiston tomoniga o‘tkazildi.

Parlamentda deputat Sultonboy Ayjigitov shunday dedi: ushbu transfer Tojikistonni o‘zining uzoq yillik maqsadi – o‘tmishda ko‘plab to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan muammoli Voruxni olish sari bir qadam yaqinlashtiradi.

"Agar faqat yo‘l neytral bo‘lib, yer bizda qolganida, bu boshqa masala edi," dedi Ayjigitov, Vorux va uning 40 mingga yaqin aholisiga foyda keltirgan yana bir imtiyozni ta’kidlab.

"Ammo bu yerda yo‘l ham, yer ham neytral bo‘ladi. Neytral yerni esa kim kuchli bo‘lsa, o‘sha egallab olishi mumkin," deya ogohlantirdi u.

Keyinchalik Ayjigitov o‘zining hukumatparast partiyasi "Iymon Nuru"dan chiqarib yuborildi. Partiya rahbari Dinara Ashimova uning fikrlari partiya yo‘nalishiga mos emasligini aytdi.

Populist Prezident Japarov davlat ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotida Ayjigitovni demagogiyada aybladi.

Do‘stlikda yashagan 70 ga yaqin xonadon taqdiri nima bo‘ldi?

2021-yilgi mojaroda qishloqdagi o‘nga yaqin uy vayron bo‘lib, keyinchalik qayta qurilgan edi.

2022-yilda qishloq bundan ham ko‘proq zarar ko‘rdi.

Biroq uylar ham, muhim ijtimoiy infratuzilma ham yana qayta tiklandi.

Aholi va Botken hokimi Oybek Shamenov o‘rtasidagi muzokaralar keskin tus oldi, ayniqsa Do‘stlik aholisi ko‘chirilayotgan Bujum qishlog‘ida har bir xonadonga ko‘proq yer so‘ralganda Shamenov g‘azab bilan javob qaytardi.

Japarov hokimga hayfsan e’lon qildi, Shamenov esa Do‘stlik aholisiga qo‘shimcha yer berilishini va’da qildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ҳужжатли фильм: Суви камайиб қолган дарёлар, қуриб ётган далалар

Suv taqsimoti, savdoni rivojlantirish

Hukumatning asosiy vazifalaridan biri ratifikatsiyadan oldin kelishuv bo‘yicha har qanday qarshilikni bartaraf etish bo‘ladi.

Bu borada uning tajribasi bor.

2022-yilda O‘zbekiston bilan nisbatan kamroq bahsli chegara kelishuviga qarshilik Japarov rejimiga birinchi jiddiy sinov bo‘ldi, shundan so‘ng rejim yanada avtoritar tus oldi.

O‘sha qatag‘onda o‘nlab odamlar hibsga olindi, bu esa siyosiy muxolifat uchun yangi "qizil chiziq" o‘rnatilganini ko‘rsatdi.

Tojikistonda hukmron Rahmonlar oilasiga chegara kelishuvi kabi masalada qarshi chiqish deyarli imkonsiz ko‘rinadi. So‘nggi o‘n yil ichida u yerda siyosiy muxolifat butunlay yo‘q qilindi.

Ammo Markaziy Osiyoda avtoritarizm kuchayishi bir tendensiya bo‘lsa, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikka e’tibor ortishi ijobiy o‘zgarishdir.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara kelishuvi "neytral yo‘llar" bilan bir qatorda Qirg‘iziston tomonidan Oq-Suv, Tojikiston tomonidan Isfara deb ataladigan daryodan suv oladigan Golovnoy suv olish inshootidan suvni taqsimlash uchun asos yaratdi.

Tojiklar va qirg‘izlar shlyuzdan suvni allaqachon bo‘lishib olishgan, ammo bu 2021-yildagi uch kunlik chegara urushi paytida yana bir nizo manbaiga aylangan edi. Yangi kelishuvga ko‘ra, har bir tomon suv olish joyida bittadan darvozaga ega bo‘ladi va uchinchisini teng bo‘lishadi.

Bu va boshqa umumiy infratuzilmalar qanday boshqarilishi hali noma’lum.

Ammo niyat bor va ikki davlatning dushmandan do‘stga aylanishi 31 mart kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston bilan bo‘ladigan misli ko‘rilmagan uch tomonlama sammitda yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.

Har ikki davlat uchun O‘zbekiston bir paytlar muammoli qo‘shni bo‘lgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev marhum Islom Karimov o‘rniga davlati rahbari bo‘lganidan beri bu holat butunlay o‘zgardi. U qo‘shni davlatlarga tahdid emas, imkoniyat sifatida qarab, o‘z mamlakatining chegara nizolarini tezkor hal etishga kirishdi.

BMT Inson huquqlari kengashi yig‘ilishida Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov sammitni "mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim qadam" deb atab, o‘z mamlakati va Tojikistonning "diplomatik va siyosiy irodasi tarixiy g‘alabasi"ni olqishladi.