Xitoyning Temu platformasi ma’muriyati O‘zbekiston soliq idoralarida ro‘yxatdan o‘tish va yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishdan bosh tortgan. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (ILMA) elektron tijorat bo‘limi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Gazeta.uz nashriga intervyusida ma’lum qildi.
“ILMA ham, Soliq qo‘mitasi ham Temu bilan rasman bog‘langan. Murojaatda ular soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tish yoki yuridik shaxs ochish niyatlari yo‘qligi, ya’ni hech qanday soliq to‘lashni istamasliklari haqida rasman javob berdi. Kompaniya xalqaro platforma ekanini, ular bu yerda ishlamasligini va go‘yoki foyda keltirmayotganini aytdi”, deydi Kamronbek Muhammadiyev.
ILMA mulozimiga ko‘ra, aslida katta savdo hajmiga ega Temu shirkati narxlarni tushirish va agressiv marketing kampaniyalarida juda faol ishtirok etmoqda.
Ozodlik avval xabar berganidek, O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi joriy yil 20-martdan e’tiboran Temu platformasidan foydalanish cheklanishini ma’lum qilgandi.
Qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, platforma O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotgani aniqlangan.
ILMA vakili Kamronbek Muhammadiyev Spot nashriga ma’lum qilishicha, Temu shirkati so‘nggi besh oy ichida O‘zbekistondan soliq to‘lamagan holda 50 million dollarlik mablag‘ni olib chiqqan.