"Tepadan kelgan buyruq". Andijonda soqol va hijobga qarshi choralar kuchaytirildi

Surat illyustratsiya uchun ishlatildi

Andijon viloyatida ro‘mol o‘rash va Juma namozlariga borish bo‘yicha cheklovlar joriy etilayotgani aytilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning "topshirig‘i" asosida ta’lim muassasalari va davlat idoralarida shunday ko‘rsatmalar berilyapti. Qolaversa, erkaklarning soqollari majburan oldirilyapti. Ammo bunday buyruq haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Konstitutsiyada “dunyoviy davlat” ekani, din davlatdan ajratilgani belgilab qo‘yilgan O‘zbekistonda diniy e’tiqod masalasi hamisha davlat, uning xavfsizlik tizimlarining qat’iy nazoratida bo‘lib kelgan. Bu vaziyat turlicha baholanadi. Ayrimlar buni diniy erkinlikni cheklash desa, yana boshqalari ekstremistik oqimlarga qarshi kurash uchun zarur chora deb bilishadi.

2019-yilning sentyabrida diniy vaziyatni va dindor qatlamni nazorat qilish bo‘yicha prezident Mirziyoyevning maxfiy qarori chiqqandi. Uning ijrosiga bevosita aloqador tizimlardan biri mulozimi tomonidan Ozodlikka sizdirilgan xujjat nusxasida aynan libos va qiyofa masalasi yozilgan.

Ozodlikka Andijondagi ta’lim muassasalaridan birida yozib olingan audio kelib tushdi. Unda viloyat Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Madazimov ekani aytilgan shaxs o‘qituvchilarga hokim buyrug‘ini yetkazyapti:

"Har bitta ro‘mollilarning ro‘yxatini qilasizlar... Keyin har o‘ntaga bitta guruh rahbari, o‘sha joydagi rektor, bo‘lim boshlig‘i, zamdirektorlar, bitta-bitta mas’ul qo‘yasizlar. Uyiga boradimi, boshqa qiladimi, nima chora ko‘rildi, nima qilindi shu bo‘yicha, umumiy, kunma kun svodka ma’naviyatchilarga topshiriladi”.

Ozodlikda ushbu shaxs chindan ham Madazimov ekanligini aniqlash imkoniyati hozircha yo‘q. Lekin Ozodlikning bir-biridan mustaqil uch manbasi u chindan ham o‘sha amaldor ekani, oxirgi kunlarda bunday yig‘inlar bilim dargohlarida va davlat idoralarida tez-tez o‘tkazilayotganini ta’kidlashdi.

Shuhrat Abdurahmonov

Diniy e’tiqodini oshkora namoyish qilgan holda ro‘mol o‘ramaslik, ularga qarshi kurashish va ish vaqtida erkak xodimlarning "Juma namoziga" bormasligi haqida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning og‘zaki buyrug‘i bo‘lgan. Agar bu topshiriq bajarilmasa, direktorlar "boshi bilan javob berishi" haqida ogohlantirilgan.

“Davlatdan oylik olyaptimi, ish paytida soat birda (juma namoziga - tahr.) birortasi bormaydi. O‘zinglardan bosh... Bilaman, direktorlardan ham boradigani bor, boshqasi ham bor. Lekin juda qattiq bo‘layotgani uchun gapirishga majburman. Xavfsizlik shug‘ullanyapti, ularning qo‘lida familiyalari bilan bor. Mana bu maktab direktorining shuncha o‘qituvchisi, shuncha o‘quvchisi deb o‘tiribdi”, deyiladi audio davomida.

"Tepadan berilgan siyosiy buyruq"

Davlat xodimlariga bu kabi ogohlantirish berilgan yig‘inlarning ba’zilari amaldorlar ishtirokida, ayrimlari xavfsizlik xizmati xodimlari ishtirokida bo‘layotgani aytiladi. Ozodlikka Andijon tumanidagi maktablardan, kasalxona va poliklinikalardan yuborilgan xabarlar viloyatda bu borada chindan ham kurash kuchaytirilganini ko‘rsatyapti. Mana ularning ayrimlari:

“Men tug‘ruqxonada ishlayman. 3-fevral kuni o‘zini “Davlat xavfsizlik xizmati xodimi” deb tanishtirgan yosh yigit kelib, yig‘ilish o‘tkazdi. “Ro‘molni hijob shaklida o‘raganlar tez orada uni yechib, orqaga o‘rasin. Bu tepadan berilgan siyosiy buyruq” , dedi. Undan tashqari, Umraga borganlarning masalasi ko‘tarildi. Ularning orasida Suriyadan qochgan jangarilar bilan aloqa qilganlar borligi aytildi. Orasida shifokorlar ham bor, dedi”.

“Andijon tumanida maktab o‘qituvchisiman. Bizga ham kelishdi. O‘qituvchilar orasida, talabalar orasida ish va o‘qishni vaqtinchalik tashlab, Umraga ketib qolganlar bor ekan. Juma kuni ish vaqtida darsni tashlab, namozga ketib qolganlar bor ekan. Milliy xavfsizlikning xodimi “biz kutmagan, biz o‘ylamagan odamlar o‘zlari xohlamagan holatda turli oqimlarga qo‘shilib qolyapti” , dedi. Bu qanchalik rostligini bilmayman, lekin bu katta majlisda aytilgan gap”.

Andijon davlat tibbiyot institutida ishlagan o‘qituvchilardan biri talabalarga nazoratni kuchaytirish, soqol qo‘yganlarning ro‘yxatini tuzib, ularning soqolini oldirish haqida dotsent va professorlarga buyruq berilganini bildirdi.

Davlat xavfsizlik xizmati buni viloyat hokimiyati va mahalliy amaldorlar orqali ishga oshiryaptimi, yoki bizga murojaat qilganlarning aytishicha, aynan viloyat hokimining tashabbusimi, Ozodlikda hozircha buni aniqlash imkoni yo‘q.

“Men bozorda ishlayman, Jahon bozorida. Deyarli har kuni ko‘chadamiz. Militsiyalarni ham ko‘ramiz. Zapravkalardagi, gaz zapravkalardagi namozxonalar ham ishlayapti. Bemalol. Boshingizda ro‘molingiz bor ekan, uni yeching degan narsalarga hali duch kelmadim”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruvlar aynan davlat muassasalarida kuchaygan. Oddiy halq orasida bu kabi holatlar keng ravishda kuzatilmasa-da, soqolga qarshi reydlar uchrab turadi.

Surat illustratsiya uchun ishlatildi.

“Buni aytishim to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi bilmayman. Andijonlikman, ichki ishlar xodimlari majburan ushlab, olib kirib soqolimni qirdirishdi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Nimaga asoslanib bunday qilishyapti? Mening tanishimni ham olib kirib, majburlab oldirishdi. Lekin soqolimiz uzun emasdi. Nega bunday qilyapsizlar desak, “terrorizmga qarshi kurash” deyishdi”, dedi Ozodlikka murojaat qilgan 26 yashar yigit.

Yana bir 40 yashar erkak esa soqollilarni ushlashni qandaydir bir "missiyaga" o‘xshashtirdi:

“Shahrixonda ko‘chadanoq tutib ketishyapti. Qarshilik qilsangiz, majburlashadi. Ichki ishlar bo‘limiga olib borib, avval soqolingiz bilan suratga olishadi. Soqolingizni qirib tashlab, yana bir suratga olishadi. Keyin u rasmlarni qanaqadir gruppaga tashlashadi. Huddi bir missiyani bajargandek... Men soqolimni oldirmayman desam, 4-5 ta xodim bosib o‘tirdi, bittasi qirib tashladi”.

Qonunchilikka qaralsa, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir fuqaro vijdon erkinligiga ega ekani, xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqi kafolatlangani qayd etilgan. Ammo diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Ekspertlar ushbu nuqtai nazardan qaraganda, ro‘molni diniy shaklda o‘rashni taqiqlash yoki Juma namoziga borishni cheklash Konstitutsiya va inson huquqlariga zid deb hisoblashadi.

Human Rights Watch (HRW) halqaro huquq tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha sobiq tadqiqotchisi Stiv Sverdlov bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini aytadi:

Stiv Sverdlov

“O‘zbekiston hukumati ro‘mol o‘rashni va hijobni taqiqlash sabablarini kamdan-kam tushuntiradi. 2019-yilda Oliy sud Toshkent Islom akademiyasi talabasi Luiza Muminjanovaning ishini ko‘rib chiqqan edi – uni hijobini yechishga majburlashgandi. Shunga o‘xshash holat Andijonda ham yuz berishi mumkin. Bu masala hukumat uchun noqulay, chunki prezident maslahatchilaridan biri Akmal Saidov BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘lib, mantiqan olganda, xalqaro huquq me’yorlarini himoya qilishi kerak. Masalan, niqob taqishga qo‘yilgan cheklov ba’zi holatlarda asosli bo‘lishi mumkin, biroq hijob va ro‘molni taqiqlashning aniq sabablari tushuntirilmasa, bu O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga zid keladi”.

Maxfiy hujjat ijrosi davom etyaptimi?

2019-yildagi prezidentning PQ-4437m deb rasmiylashtirilgan qarorida muvofiq¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistondagi diniy siyosat va uning ijrosi uchun asosiy mas’ul tizim qilib belgilangan. Qo‘mita raisining maqomi esa DXX raisi o‘rinbosari lavozimiga tenglashtirilgan.

Qarorga muvofiq¸ mamlakatdagi kuchishlatar va hokimiyat tizimlaridan tortib masjid imomlari va otinoyilarga qadar barcha Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga “barcha zarur ma’lumot va hujjatlarni taqdim etadi va diniy vaziyatga oid muntazam hisob berib boradi".

Prezidenting maxfiy qarorida “ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etuvchi” sakkizta omil tilga olingan. Ularning biri “kundalik hayotda ko‘zga tashlanayotgan noodatiy libos va qiyofa ko‘rinishlari¸ ayollar orasida milliy rasm-rusumlarga diniy tus berish” deya belgilangan. Demak, o‘z o‘zidan Andijondagi taqiqlar ushbu maxfiy qaror ijrosining bir ko‘rinishi emasmi, degan savol tug‘iladi.

Maxfiy qaror nusxasi

Xo‘sh, bu kabi cheklovlar nima uchun kerak? Ular jamiyatdagi muammolarni hal qiladimi? Nega O‘zbekistonda xotin-qizlarning ro‘moli asosiy muammoga aylanib qoldi?

Stiv Sverdlov taqiqlarni qo‘rqitish bilan amalga oshirmaslik kerakligiga to‘xtaldi:

“O‘zbekistonda davlat amaldorlari ko‘pincha o‘z vakolatlarini oshirib, din masalalariga aralashadi. DXX, mullalar, mahalliy amaldorlar, hokimiyat vakillari va hatto maktab direktorlarining ayrim taqiqlari o‘zbilarmonlikni kuchaytiradi. Bunday harakatlar ko‘pincha tashqi tahdidlardan qo‘rquv tufayli qabul qilinadi. Hukumat radikallashuv va tartibsizlikdan xavotirda, lekin din masalalari Konstitutsiya doirasida tartibga solinishi kerak. Aholiga aniq qonunlar va tushuntirishlar zarur, biroq hozircha bu borada chalkashlik hukm surmoqda. Hukumat shuni yodda tutishi lozimki, O‘zbekiston Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni imzolagan bo‘lib, u diniy erkinlikni kafolatlaydi. Ba’zi cheklovlar bo‘lishi mumkin, lekin juma namoziga taqiq jiddiy savollarni ham tug‘diradi. Davlat dunyoviylikni targ‘ib qilmoqchi, lekin bu mamlakat madaniyatiga mos emas. Odamlar masjidga borish huquqiga ega, ammo diniy erkinlik ba’zan faqat shaxsiy hayotni emas, balki jamoat joylarini ham qamrab oladi. Agar juma namozi ish jarayoniga halaqit bersa, cheklovlarni muhokama qilish mumkin. Ammo to‘liq taqiq faqat jamiyatdagi qo‘rquvni kuchaytiradi. Muhimi – odamlarga aniq tushuntirish berish kerak, qo‘rqitish emas”.

O‘zbekistonda avvaldan maktab, idora va davlat muassasalarida hijobga norasmiy taqiq amal qilib kelgan. Islom Karimov boshqaruvi davrida hijob yoki ro‘molni hijob shaklida o‘rashga umuman ruxsat berilmagan va doimo reydlar uyushtirilgan. Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin diniy cheklovlar yumshadi va ro‘molga kirganlar soni ko‘paygani kuzatildi. Ammo oxirgi paytlardagi soqolga taqiq yoki Andijondagi kabi ro‘molga ruxsat bermaslik kabi vaziyatlar Karimov davridagi kabi odamlarni e’tiqodi uchun siquvga olish siyosatining davomi o‘laroq baholanyapti.

Ekspertlar fikricha, ayniqsa an‘anador Farg‘ona vodiysida turli oqimlar tuzog‘iga tushish xavfi kuchaygan. Shu bois O‘zbekistonda diniy targ‘ibot nazoratga olinishi kerak, deydiganlar bor.

Fotojurnalist Umida Ahmedovaning bu borada fikri quyidagicha:

Umida Ahmedova

"Lekin biz xozir XXI asrda yashaymiz. Plyus tomonlari ham, minus tomonlari ham bor. Mayli, deylik dinning plyus tomonlari olindi... o‘g‘irlama, birovni aldama, yomon yo‘lga kirma, ichma, chekma, ota-onani xurmat qil. Hamma dinning yaxshi tomonlari bor. Lekin har xil ma’ruzalar ko‘payib ketdi. Bilar bilmas, qanaqadir to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi, har xil tomonga yo‘rg‘alab ketishyapti. Endi mayli, qizlar o‘ranibdi. O‘zining e’tiqodi. Hech kim majburlashi kerak emas. Eng yomoni majburlagani. Sen o‘ranishing kerak, o‘ranishing kerak deb majburlash ham noto‘g‘ri, degan situatsiya ham noto‘g‘ri, yo‘q, sen nega o‘randing, yech ro‘molingni, deyish ham noto‘g‘ri”.

Xabarlarga ko‘ra, vodiyda ayniqsa maktabda ishlaganlarning tashqi ko‘rinishiga ko‘proq e’tibor qaratilyapti.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yilning 15-avgustidagi qaroriga muoviq, Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari belgilangan. Ushbu hujjatda “o‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim, ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno” deb yozilgan. Bu cheklovlar faqat o‘quvchilarga taalluqli.

“Hukumat har qanday asosiy huquqlarni cheklashga oid qarorlarni yozma ravishda asoslab berishi kerak. 2021-yilda qabul qilingan yangi Din to‘g‘risidagi qonun uzoq va murakkab jarayon bo‘ldi, ammo yakuniy versiya shafqatsizroq bo‘lib, Islom Karimov davridagi siyosatni eslatadi. O‘zbekiston xalqaro me’yorlarga rioya qilishga harakat qilmoqda, biroq aholining katta qismi chuqur diniy e’tiqodga ega bo‘lgani sababli muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Agar Andijonda hijob norasmiy tarzda taqiqlanib, odamlarga tahdid qilinayotgan bo‘lsa, bu jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi. Lekin masalaning yana bir tomoni bor, so‘nggi yillarda nafaqat ayollar, balki erkaklarga ham niqob taqqani uchun jarimalar solingan holatlar kuzatilgan. Shuning uchun ba’zi hollarda cheklovlar mumkin, biroq hijob yoki ro‘mol taqiqlanishi qaysi bir amaldorninsh og‘zaki buyrug‘i bo‘lmasligi lozim. Har qanday harakat hukumat tomonidan izohlanishi kerak. Agar bunday cheklovlarning zarurati tushuntirilmasa, bu Mirziyoyev hukumatining “yumshoqroq yondashuv siyosatiga” zid keladi. Andijonda taqiqlar qayta joriy etilishi inson huquqlari buzilishi hisoblanadi”, deya fikrini yakunladi Stiv Sverdlov.

Lekin bunday cheklovlar faqat Andijonga hos emas. Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham bu kabi taqiqlar borligi haqida ma’lumotlar oldik. Boshqa hududlarda, poytaxt Toshkentda ham huquq idoralari ro‘molli ayollar va soqol qo‘ygan erkaklarga qarshi tez-tez ommaviy reydlar o‘tkazadi. Ba’zan ayollar ichki ishlar idoralariga keltirilib, hijobni yechishga majbur qilinadi, erkaklarning esa soqoli qirtishlab olinadi.

Muammo mintaqada ham bor

Dindorlarga nisbatan diskriminatsiya tufayli Amnesty International va Human Rights Watch tashkilotlarining hisobotlarida o‘zbek hukumati tanqid qilingan edi.

Rasmiy Toshkent diniy erkinliklarni ta’minlashga doir ayrim va’dalari ustidan chiqqan bo‘lsa-da, ko‘plab va’dalar amalga oshmay qolayotgani haqida AQSH Davlat departamenti tomonidan 2023-yil uchun jahondagi diniy erkinliklar vaziyati yuzasidan hisobotda yozilgan. An’anaviy hisobotda qariyb 200 davlat, jumladan, O‘zbekistondagi diniy erkinlik holati tahlil qilingan.

AQSH hukumati hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistonda 35 million sunniy va 122 ming shia musulmon, 822 ming pravoslav nasroniy hamda 540 mingdan ziyod boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchi aholi istiqomat qiladi.

31-yanvarda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi” Oliy majlisning Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda tasdiqlandi. Hali qabul qilinmagan ushbu hujjatning 3-bobidagi 14-bo‘limda “Fuqarolarga biror-bir dinga e’tiqod qilishi yoki e’tiqod qilmasligidan kelib chiqib imtiyozlar berishga yoki ulardan mahrum qilishga yo‘l qo‘yilmaydi” deb yozilgan.

Qonun loyihasining 6-bobida esa “davlat boshqaruviga oid qarorlarni qabul qilishda fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari va turli ijtimoiy guruhlar vakillarini keng jalb qilish” kerakligi yozilgan.

Umuman olganda kiyimdagi va tashqi ko‘rinishdagi diniy ramzlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham cheklash va taqiqlash kuzatiladi.

Joriy yilning 1-fevralidan Qirg‘izistonda niqob, ya’ni yuzni berkituvchi parda bilan yurish qonunan taqiqlandi. Unga rioya qilmaganlar uchun 230 dollar barobarida jarima solinadi. Tojikistonda niqob “milliy qadriyatlarga zidligi” tufayli taqiqlangan.

Qozog‘istonda 2009-yildan beri maktablarda o‘qituvchilarga va o‘quvchilarga hijob o‘rashga ruxsat berilmaydi. Ammo jamoat joylarida niqobga rasman taqiq yo‘q.

Maqolaning videosi: