Bryusselda 17-mart kuni bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Ukrainadagi urush, Yaqin Sharqdagi vaziyat va boshqa masalalar bilan birga, AQSH Kongressi tomonidan ma’qullangan va Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi faoliyatini moliyalashtirgan grantning tugatilishi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyat ham muhokama qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Ozodlik muxbiri xabar bermoqda.
Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy yakshanba kuni Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi va "Amerika ovozi" faoliyatining ahamiyati haqida gapirib, ularni avtoritarizm sharoitida yashovchi mamlakatlar aholisi uchun "mayoq" deb atadi.
Chexiya vakillari YIdagi hamkasblari o‘rtasida bayonot loyihasini tarqatdilar. Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan bayonotda Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi moliyalashtirilishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan jiddiy tashvish bildirilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, o‘nlab yillar davomida "temir parda" ortidagi mamlakatlar aholisiga obyektiv ma’lumot yetkazib kelgan ushbu media-tashkilot "hozir ham erkin matbuot yo‘q yoki cheklovlar bilan faoliyat ko‘rsatayotgan hududlarda o‘n millionlab kishilarga ishonchli, mustaqil yangiliklar yetkazib berishda davom etmoqda".
Shuningdek, Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi o‘z faoliyati orqali Yevropa xavfsizligini mustahkamlashi ta’kidlangan va uning yopilishi "Yevropa raqiblari uchun sovg‘a bo‘lishi" aytilgan.
Loyihada RSЕ/RS faoliyatini davom ettirishga imkoniyat yaratadigan moliyalashtirish manbalarini topish niyati bildirilgan. Ammo batafsil ma’lumot berilmagan. YIning necha davlati bu bayonotga qo‘shilishi mumkinligi hozircha noma’lum.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Озодлик суриштируви: Отабек Умаров ўнлаб миллион долларлик қасрни қайси пулига қуряпти?
"RЕALLIKKA TUTILGAN OYNA"
Ko‘plab amerikalik va xalqaro matbuot tashkilotlari, jumladan, Milliy matbuot klubi, Chegara bilmas muxbirlar va Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi va "Amerika ovozi" himoyasiga bayonot bilan chiqdi.
Ayni paytda ko‘plab inson huquqlari guruhlari, faollar va tadqiqotchilar Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosining Markaziy Osiyo xizmatlari bilan birdamlik izhor qilishmoqda.
"O‘zbekiston fuqarosi va avtoritar davlatlarda yashagan inson sifatida ayta olaman: Ozodlik radiosi doimo real voqelikka tutilgan oyna bo‘lib kelgan. Davlat OAV lari yillar davomida farovonlik va taraqqiyotni madh etib kelgan O‘zbekistonda, aynan Ozodlik radiosi 2005-yildagi Andijon voqealari haqida xabar bergan, Karimov rejimi jinoyatlarini tergov qilgan va Mirziyoyev oilasidagi korrupsiya holatlarini yoritishda davom etmoqda. Axborot qattiq nazorat qilinadigan mamlakatda, Ozodlik haligacha voqelikni real aks ettiradigan asosiy manba hisoblanadi", — deydi o‘zbekistonlik siyosatshunos Galiya Ibragimova.
"Agar Azattik (Ozodlik qozoq xizmati) o‘z faoliyatini to‘xtatsa, mamlakatda «qonun va tartib diktaturasi» o‘rnatiladi. Bu degani, hozirda umidsiz holda bo‘lgan o‘ttizga yaqin siyosiy mahbusning holati yaqin orada butun Qozog‘iston jamiyatiga ta’sir qiladi. Balki shundagina biz, mamlakat sifatida, so‘z erkinligining haqiqiy qadrini tushuna boshlaymiz", — deb yozdi qozog‘istonlik siyosatshunos Shalqar Nurseitov.
VOQЕALAR XRONOLOGIYASI
AQSH prezidenti Donald Tramp 7 ta federal agentlik, jumladan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi, Amerika Ovozi va boshqa bir qancha ommaviy axborot vositalarini boshqaruvchi AQSHning Global Media agentligi (USAGM) faoliyatini qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatda aytilishicha, 7 kun ichida har bir agentlik rahbari Prezident byudjeti boshqarmasiga Tramp farmoniga muvofiqligini tasdiqlovchi hisobot taqdim etishi va agentlikning qaysi tarkibiy qismlari yoki funksiyalari “qonun bilan majburiy va qay darajada” ekanligini tushuntirib berishi kerak.
Farmon chiqqanidan bir necha soat o‘tib, ABC News telekanalining sobiq muxbiri, jurnalist Tara Palmeri Ozodlik radiosi uchun Kongress tomonidan ma’qullangan grant mablag‘lari to‘xtatilgani haqidagi USAGM maktubini e’lon qildi.
Maktub Keri Leyk tomonidan imzolangan bo‘lib, u o‘zini (USAGM) bosh direktor vazifasini bajaruvchisining yetakchi maslahatchisi sifatida tanishtirgan.
Leyk Tramp tomonidan "Amerika Ovozi" rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, ammo uning tayinlanishi Teleradioeshittirishlar bo‘yicha xalqaro maslahat kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi Prezidenti va Bosh ijrochi direktori Stiven Kapus grant bitimining bekor qilinishi "Amerika dushmanlariga katta sovg‘a" bo‘lishini aytdi.
"Ozodlik radiosining grant shartnomasini bekor qilish Amerika dushmanlari uchun katta sovg‘a bo‘ladi. Eronning oyatullohlari, Xitoyning kommunistik rahbarlari, Moskva va Minskdagi avtokratlar Ozodlik radiosining 75 yillik faoliyatidan so‘ng yopilganini nishonlaydilar. Bu ularni kuchli, Amerikani esa kuchsiz qiladi", deyiladi Kapusning bayonotida.
Ozodlik radiosi tarixi davomida tashkilot AQSHning ikkala yirik siyosiy partiyasi tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlangan, deydi Kapus.
“Bizsiz yopiq jamiyatlarda yashovchi 50 millionga yaqin odam har hafta AQSH va dunyo haqidagi ishonchli yangiliklar va ma’lumotlardan mahrum bo‘ladi”, - deya xulosa qildi u.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Алламжоновга суиқасд. Буюртмачи ким?
Vashingtondagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) AQSH Kongressi rahbarlarini USAGMni Trampning buyrug‘idan himoya qilishga chaqirdi.
“Butun dunyo bo‘ylab avtoritar rejimlarning hikoyalariga qarshi kurashuvchi mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlovchi Kongress tomonidan moliyalashtiriladigan agentlikni yo‘q qilishga Oq uyning urinayotgani g‘azablanarli”, dedi qo‘mitaning dastur direktori Karlos Martines de la Serna 15-mart kuni qilgan bayonotida.
USAGM har hafta taxminan 361 million kishiga 50 ga yaqin tilda yangiliklar va ma’lumotlarni uzatishni muvofiqlashtiruvchi AQSHning mustaqil davlat agentligi hisoblanadi.
USAGM 2025-yil uchun Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi, Amerika Ovozi, Ozod Osiyo Radiosi, Marti Radiosi (Kuba), Yaqin Sharq radioeshittirish tarmog‘i (MBN) va Internet loyihalarini ishlab chiquvchi “Ochiq texnologiyalar” jamg‘armasi kabi ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirish maqsadlariga 950 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ so‘ragan.