Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi Strategik sheriklikka doir qo‘shma deklaratsiya, ikki tomonlama hamkorlikka doir qator bitimlar, jumladan, 6,5 milliard yevrolik hamkorlik dasturini imzolash bilan yakunlandi.
Tashrifning eng tantanali qismi Shavkat Mirziyoyevning Fransiya oliy mukofoti - Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanishi edi.
Fransuz matbuoti Mirziyoyev va Makron o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy mavzusi energetika sohasidagi hamkorlik ekani haqida yozdi.
Jumladan, Le Figaro nashriga ko‘ra, Fransiya dunyoga ochilayotgan O‘zbekistonning energetika bozorida Rossiya, Xitoy va Forz ko‘rfazi davlatlari bilan bir qatorda o‘z ulushiga ega bo‘lishni istaydi.
Nashr O‘zbekistonning mamlakatdagi energiya taqchilligi uchun eng ko‘p tanqid qilinadigan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning "fransuz kompaniyalari nafaqat investor, balki texnologik hamkor hamdir" degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.
Ammo Rossiyaning Gazprom shirkati bilan imzolangan va shaffof emas deb baholangan energetika kelishuvlarida janob Mirzamahmudovning imzosi turibdi.
Ozodlik surishtiruvlari gazga boy O‘zbekistonning millardlab zahiralari shubhali kelishuvlar orqali Kremlga yaqin oligarxlarga berib yuborilganini o‘rtaga chiqargan.
Yelisey saroyi tarqatgan xabarlarda o‘zbek tomoni tilga olmagan ikki jihat - inson huquqlari va so‘z erkinligi masalasi ham urg‘ulandi.
Inson huquqlari guruhlari Parij va Toshkent munosabatlarida geosiyosat va energetika bilan bog‘liq manfaatlar ustun kelayotganidan taassuf bildirishgan.
Inson huquqlari va erkinliklar va’dasi
Yelisey saroyi tarqatgan xabarda strategik sheriklik darajasidagi o‘zaro hamkorlik kelishuvidan, o‘zbek tomoni tilga olmagan va O‘zbekiston yillardan beri o‘nglay olmayotgan muhim masalalar, jumladan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurash ahdi ham o‘rin olgani aytildi:
“5. Fransiya va O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti asosiy rol o‘ynaydigan ko‘p tomonlama munosabatlarning muhim rolini ta’kidlab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga sodiqligini, xususan, har bir mamlakat taraqqiyoti, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi…
34. Axborot manipulyatsiyasiga qarshi kurashish maqsadida har ikki tomon ham axborotning yaxlitligi va so‘z erkinligiga sodiqligini ta’kidlaydi. Fransiya va O‘zbekiston media-ta’lim sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqadi hamda mustaqil jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi”.
O‘zbekiston matbuoti yoki prezident matbuot xizmati, Yevropa Ittifoqining yetakchi davlati bilan imzolangan strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaga kiritilgan va Mirziyoyev hukumati o‘z zimmasiga olgan bu majburiyatlar haqida lom-mim demadi.
Ammo Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR) va Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi (NHC) tomonidan 11-mart kuni yoyinlangan qo‘shma murojaatida hozir tomonlar o‘rtasida hal qilinishi kerak bo‘lgan birlamchi masala - aynan inson huquqlari va fundamental erkinliklarni ta’minlash ekanini urg‘ulaydi.
Bu tashkilot vakillari bir ovozdan - O‘zbekistondagi so‘z erkinligi vaziyati xavotirli tarzda yomonlashmoqda va ijtimoiy tarmoqlarda mustaqil sharhlovchilar ta’qib etilmoqda, degan xulosada:
“Islohotlar o‘tkazish borasidagi rasmiy majburiyatlarga qaramay, O‘zbekiston rasmiylari rejim tanqidchilarining ovozini o‘chirishga majbur qilish uchun jinoiy ta’qib va hatto majburiy psixiatrik muolajadan foydalangan holda, so‘z erkinligiga bosim o‘tkazishni davom ettirishmoqda. Korrupsiya, nepotizm yoki siyosiy jihatdan dolzarb bo‘lgan boshqa masalalarni yoritayotgan mustaqil jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlovchilar ta’qib-tazyiq, hibsga olinish va qamalish xatari qarshisida qolishlari mumkin”.
Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaning aytishicha, Parij yoki Toshkent rasmiylari faollarning bu chaqiriqlariga kutilgan javobni bermayotir.
Aksincha, Fransiya inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelgan harakatni sodir etdi - O‘zbekistonlik qochqinni hanuz qiynoqlardan voz kecholmagan va adolatli sudni ta’minlay olmagan Toshkentga berdi.
“Oxirgi 8 yil ichida qiynoq amaliyotida ishtirok etganlarning jazoga tortilishiga oid birorta holat ma’lum emas. Bu borada mustaqil inson huquqlari faollari monitoring o‘tkaza olmasligi uchun hukumat qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. O‘z fikrini erkin ifoda qilishga uringan qariyb barcha tanqidchilar maxsus xizmatlarning nazorati ostida. Fuqarolik jamiyati vakillarining yoppasiga obro‘sizlantirilishi, siyosiy muxoliflarning bostirilishi, nodavlat tashkilotlar va muxolif partiyalarning ro‘yxatga olinishiga imkoniyat berilmayotgan bir pallada, Emmanuel Makron O‘zbekiston prezidentini oliy mukofot bilan taqdirlayapti. Vaholanki, prezidentlikka ham Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaga zid ravishda kelgan edi”, deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva.
Uran kelishuvi
Fransuz matbuoti hamda xalqaro ekspertlarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida strategik sheriklikka oid kelishuvning asosiy sabablaridan biri - energetik hamkorlikdir.
Ma’lumki, Fransiyada 18ta yirik atom elektr stansiyalari elektr energiyaning 65 foizini uran yoqib, ishlab chiqaradi.
Fransiya shu paytgacha zarur uranning beshdan bir qismini Nigerdagi "Orano" konidan olardi. Bu yerda davlat to‘ntarishi bo‘lgach, kon xunta qo‘liga o‘tdi va shundan beri Parij o‘zbek urani xaridoriga aylandi.
Fransiya matbuotining xabar qilishicha, 2023-yilda O‘zbekiston Fransiyaga zarur uranning 8 foizini yetkazib bergan. “Bu 1730 tonnaga teng, ya’ni 93 million yevro qiymatida”, deb yozmoqda jumladan Radio Frans.
Shuningdek tomonlar 2019-yildan buyon fransuzlarning "Orano" va “Navoiyuran” davlat tashkiloti o‘rtasida uran zaxiralarini o‘rganish ishlari olib borilayotganini ham alohida urg‘ulamoqda.
“Nodir qazilma metallari yoki O‘zbekistondagi mineral konlariga oshib borayotgan qiziqish – qaysidir ma’noda AQSH va Ukraina o‘rtasida hozirlanayotgan kelishuv bois yuzaga chiqdi. Hozir bu masala keskinlashib bormoqda. Yevropa Ittifoqi ham Ukrainadagi nodir qazilma manbalariga qiziqmoqda. Aftidan yana Fransiyani, o‘tgan yili O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya va AQSH o‘rtasida nodir minerallar va metallarni qazib olish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ham xavotirga solgan ko‘rinadi”, deydi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov.
Butunjahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turadi. Dunyoda qazib olinadigan uranning 3 yarim ming tonnasi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Zaxira bo‘yicha esa O‘zbekiston 11-o‘rinda turadi.
O‘zbekistonda qazib olingan uran qayta ishlanmaydi, balki to‘liq boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi.
Sarmoya va yana ko‘proq sarmoya
Albatta, rasmiy Toshkent uran berish evaziga Fransiya tomonidan nimalarni olishga umid qilmoqda, degan muhim savol o‘rtaga chiqadi.
Rasmiy bayonotlar mazmuniga qaralsa, yana sarmoya va imkon qadar ko‘proq sarmoya olish istagi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda yillardan buyon energetik ta’minotning asosi bo‘lib qolayotgan tabiiy gazni qazib olish hajmi yildan yilga qisqarmoqda. Hozir hukumat energiyaning muqobil yo‘llarini qidirishga zo‘r berib intilmoqda. Bu esa katta mablag‘ talab qiladi.
Mirziyoyev hukumati jami energiyaning 16 foizi qayta tiklanuvchi manbalar, jumladan shamol, quyoshdan olinayotganini aytib keladi va 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshirilishini va’da qiladi.
U Fransiyaga avvalgi tashriflarida ham yirik fransuz shirkatlarini muqobil energiya manbalari bo‘yicha loyihalarga sarmoya kiritishga chaqirgan.
Bu gal ham ikki tomondan 60 dan ortiq yetakchi kompaniya, investitsiya va bank-moliya instituti rahbarlari va vakillari qatnashganforumda Fransiya kompaniyalari bilan 2027-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan umumiy qiymati 6,5 milliard yevrolik loyihalar taqdim qilindi.
12-mart kungi muzokaralarda Fransiyaning Voltalia kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh, shamol stansiyalari va energiya saqlash tizimlaridan iborat gibrid klaster uchun elektr energiyasi sotish bo‘yicha 25 yillik shartnomani imzolagani rasman xabar qilindi.
Bu kompleks 126 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi, 300 MVt quvvatga ega shamol stansiyasi va 100 MVt / 200 MVt/soat quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimini o‘z ichiga olishi aytilmoqda.
Rasmiy xabarda aytilishicha, bu gibrid klaster yiliga qariyb 2,5 million o‘zbekistonlikni elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatiga ega bo‘ladi.
Korrupsiya va nepotizm ayblovlari
Mirziyoyevning xorij safarlarida imzolanayotgan milliardlab dollarlik kelishuvlarga qaramasdan O‘zbekiston energetika sohasi abgorligicha qolmoqda. Hukumat har yili qishda gazga boy mamlakat aholisining eng tamal ehtiyojlarini qondirishga qodir emas.
Faollar buning asosiy sababi mamlakatdagi korrupsiya hamda shaffoflik va hisobdorlikning yo‘qligi ekanini aytishadi.
“Aql bovar qilmaydigan darajada korrupsiya avj oldi. Prezident oilasining a’zolari ham korrupsiyaviy sxemalarda ochiq ishtirok etmoqda hamda ularning hammasi jazosiz qolmoqda. Ya’ni, O‘zbekistondan tashqarida yashayotgan fuqarolik jamiyati vakillarining aytadigan gaplari bor. Shuning uchun, bu uchrashuvga, ham O‘zbekiston va afsuski, ham Fransiya tomonidan mana shunday yashirin, zimdan hozirlik ko‘rilishi - inson huquqlari masalasi O‘zbekistonga nisbatan Makronning tashqi siyosatida kutilgani kabi muhim emasligini ko‘rsatmoqda. Bu esa juda afsuslanarli hol”, deydi jumladan Nadejda Atayeva.
Ukraina masalasi
Mirziyoyevning Parijga safari arafasida fransuz matbuoti muzokaralarda Ukraina va Afg‘oniston masalasi ham muhokama qilinishini yozgan edi.
Ammo, tomonlar rasmiy bayonotlarida Ukrainadagi bugungi vaziyat, ya’ni Rossiyaning 2022-yildan beri davom etayotgan bosqini muzokaralarda tilga olingani haqida hech qanday xabar berilmadi.
Mirziyoyevning 2022-yil Parijda o‘tgan uchrashuvlarida ham Ukraina masalasi muhokama qilingan, o‘shanda bu haqda O‘zbekiston rasmiylari Ozodlikka aytgan edi.
Ozodlik bu muzokaralarni Parijdan yoritgan va Ozodlikka mikrofonsiz gapirgan mulozimlar, Ukraina masalasi uchrashuvlarda tilga olingani, tomonlar O‘zbekiston tomoni so‘rovi bilan bu masalada sukut saqlaganini bildirgan edi.
O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, Toshkent o‘sha muzokaralarda G‘arbning mislsiz sanksiyalari orstida qolgan Rossiyaning Markaziy Osiyoga ortib borayotgan bosimini urg‘ulagan. Kremlning istalgan paytda, Rossiyada yurgan millionlab mehnat muhojiri yoki energetik resurslar ustidan Toshkentni qisuvga olishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Ozodlikka anonim shaklda ma’lumot bergan rasmiylar, Parij rahbariyati bu vaziyatga tushunish bilan yondashganini aytgan edi.
2023-yil noyabr oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi va o‘shanda ikki davlat rahbarlari orasida o‘zaro iliq ko‘ringan uchrashuvlar Parij hanuz Toshkentga chuqur anglashuv bilan yondashayotganini ko‘rsatdi.
2025-yildagi davlat tashrifi davomida Makron Mirziyoyev ko‘ksiga qadagan orden esa o‘zaro chuqur aloqalarning ramziy timsoli sifatida tarixga muhrlandi.
“Bu O‘zbekiston uchun qaysidir ma’noda Rossiyaning ta’siridan chiqish, ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritish imkonini beradi. Bunday vaziyatda shu kabi aloqalar katta rol o‘ynaydi. Shuningdek, mamlakatga kiritilayotgan 8 milliard dollardan oshiqroq sarmoya ham O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlari uchun quvonarli hol. Bu yerda O‘zbekiston GSP+ umumlashtirilgan imtiyozlar tizimidan ham foydalanishga urinmoqda. Bu - Yevropa ittifoqi ayrim rivojlanayotgan va ittifoqqa eksport qilishga uringan davlatlarga nisbatan boj to‘lovidan to‘liq yoki qisman ozod qilish uchun qo‘llayotgan tizim”, deya umid bildiradi Alisher Ilhomov.
Ayni paytda O‘zbekiston Fransiya va umumiyatla Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini ilgarilatadigan ikkita muhim tadbirga hozirlanmoqda. Biri aprel oyida O‘zbekistonda bo‘ladigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo ilk sammiti.
Yana biri esa joriy yil kuzida Samarqandda o‘tadigan UNЕSCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi. Bu so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta UNЕSCOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkazilgan sessiyasi bo‘ladi va bu tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri keladi.