Suriyada yuz berayotgan zo‘ravonliklar nimadan darak?

G‘arbiy Suriyada zo‘ravonlik avj olishi yangi hukumatning o‘ziga tobe guruhlarni nazorat qilish salohiyatiga shubha uyg‘otgan bo‘lsa-da, bu voqealar Rossiya va Eronning aralashuvini ham yaqqol namoyon etdi.

Suriyadagi vaziyatni kuzatib borayotgan inson huquqlari tashkilotlari 6-mart kuni hukumat kuchlari va ag‘darilgan prezident Bashar Asadga sodiq qurolli kuchlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanganidan beri 800 dan ortiq odam, jumladan, tinch aholi halok bo‘lganini qayd etdi.

Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi isyonchi guruhlar 2024-yil dekabr oyida hukumatni ag‘darib, Asad oilasining yarim asrlik hukmronligiga chek qo‘ydi.

Asad hukumati Rossiya va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Rossiya yangi hukumat bilan aloqalarni saqlab qolgan bo‘lsa-da, Eron butunlay chetlatildi.

Suhbatlar va ochiq manbalardagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali «Ozodlik» ichkarisida nima bo‘layotgani haqida aniqroq manzarani chizishi mumkin.



Otib o‘ldirilgan erkaklar

Inson huquqlari tashkilotlari ta’kidlashicha, halok bo‘lganlar orasida yuzlab tinch aholi vakillari bor, ularning ko‘pchiligi Asad mansub bo‘lgan alaviy ozchilik jamoasidir. BMT 11-mart kuni zo‘ravonlik paytida butun oilalar, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qildi.

«Ozodlik» radiosining Ukraina xizmatiga qarashli "Sxema" surishtiruv bo‘limi tahlil qilgan ijtimoiy tarmoqlardagi videolar ko‘rsatishicha, alaviy aholiga nisbatan eng shafqatsiz zo‘ravonliklar Rossiyaning Hmeymim havo bazasi joylashgan Latakiya port shahrida sodir bo‘lgan.

Ba’zi videolarda qurolsiz erkaklar orqadan otib o‘ldirilgani, boshqalarida esa qurbonlar jismoniy zo‘ravonlik va tahqirlarga duchor bo‘lgani, masalan, it kabi hurishga va murdalar ustida emaklashga majburlangani aks etgan.

Hozirda Gretsiyada istiqomat qilayotgan asli latakiyalik Nobil "Sxema"ga aytishicha, o‘tish davri hukumatiga aloqador guruhlar 6-martga o‘tar kechasi uning tug‘ilgan qishlog‘i Muzayraaga bostirib kirib, yuk mashinalariga o‘rnatilgan katta kalibrli pulemyotlar bilan uylarni tartibsiz o‘qqa tutgan.

Uning aytishicha, hujum oqibatida oilasining olti a’zosi, jumladan, ikki ammasi va ikki jiyani halok bo‘lgan, biroq akasi qochib qutulgan.

"Sxema" taxminiy hujumchilardan biri Abu Bakr Mork, ya’ni Talha nomi bilan tanilgan shaxsning Facebook'dagi akkauntini topdi. U G‘arbiy Suriyadagi hujumlar haqidagi xabarlarga to‘la edi.

Bir postda u erkaklarni bu yerga kelishga chaqirib, "ayollar beva qolgan, erkak zoti qolmagan", deydi. Boshqa birida u Asad hukumatiga ishora qilib, "halok bo‘lgan rejim qoldiqlarini tozalash kampaniyasi" haqida yozgan.

Rossiya aviabazasidan boshpana izlash

Planet Labs tomonidan taqdim etilgan va "Sxema" o‘rgangan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ko‘rsatishicha, 7-martdan boshlab odamlar Rossiya boshqaruvidagi Hmeymim aviabazasi yaqinida to‘planib, boshpana izlay boshlagan.

"Hozirgi vaziyatda hech bir tomon Rossiya bilan munosabatlarni buzishni istamasligini hisobga olsak, bu joy odamlar uchun yagona xavfsiz joy bo‘lishi mumkin," deydi Kiyevdagi Yaqin Sharqni o‘rganish markazi direktori Igor Semivolos "Sxema"ga.

Rossiya Asad kuchlari va Eron qo‘llab-quvvatlagan guruhlarni havodan dastaklagan. Ular nafaqat "Islom davlati" jangarilariga, balki Asad hukmronligiga qarshi bo‘lgan isyonchilarga qarshi ham kurashgan edi.

Hozirda aynan o‘sha isyonchilar hokimiyat tepasida, ammo Moskva o‘zini Suriyaning yangi hukmdorlari uchun muhim hamkor sifatida namoyon etishga erishdi. Yangi hukumat mahalliy valyutani chop etishda Rossiyaga tayanadi.

Ruslar o‘zlarining ikkita harbiy bazasida, ayniqsa, Hmeymimda sezilarli hozirligini saqlab qolgan.

«Ozodlik” radiosining Rossiyadagi surishtiruv bo‘limi "Sistema" 2024-yil dekabridan mart oyigacha bo‘lgan davrda yirik Antonov An-124 yuk samolyotlarining kamida 37 ta parvozini tasdiqladi. Ularning 22 tasi havo bazasiga yetib kelgani va 15 tasi havo bazasidan jo‘nab ketgani aniqlandi. Har bir samolyot 150 tonnagacha yuk tashishi mumkin, bu xodimlar yoki uskunalar ko‘chirilganidan dalolat beradi.

So‘nggi kunlardagi ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarni tahlil qilib, "Sistema" hozirda Rossiyaning Suriyadagi yarashuv va qochqinlar harakatini nazorat qilish markazi rahbari general-mayor Sergey Gashkov aviabazada ekanligini aniqladi.

Rossiyaning yangi rahbariyat davrida ham Damashq bilan mustahkam aloqalarni saqlab qolishga intilishi tabiiy, chunki Hmeymim havo bazasi va Tartusdagi harbiy-dengiz bazasi ustidan nazoratni saqlab qolish Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va O‘rta yer dengiziga strategik kirish imkonini beradi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Сурияда Асад режими қулади, унинг ўзи қочди

Eronning roli qanday?

Rossiya Suriyaning g‘arbiy sohillarida tartibsizlik qo‘zg‘atishda ishtirok etayotgani haqida aniq dalillar yo‘q, biroq ba’zilar Eronni bunga aloqador deb ayblamoqda.

Asadning ag‘darilishi bilan Eron o‘zining asosiy ittifoqchisidan ayrildi. U Eronga Iroq va Livandagi mintaqaviy guruhlarini bog‘lash uchun Suriyadan quruqlik yo‘lagi sifatida foydalanishga ruxsat bergan edi.

Suriyalik isyonchilar Asadni hokimiyatdan ag‘darganida, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy suriyaliklar bosh ko‘tarib, isyonchilar hukumatiga qarshilik ko‘rsatishini va’da qildi.

Eron hozirda Suriyaga mablag‘ yoki qurol-yarog‘ kiritish imkoniyatiga ega emas, ammo yangi hukumatga qarshi Asad tarafdorlari qarshiligini boshqarayotgan bir qancha asosiy shaxslar Tehronga yaqin va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) tomonidan tayyorlangan.

Asadning omon qolgan tarafdorlarini to‘rt kishi boshqarmoqda: general-mayor Suhayl al-Hasan (uning ona shahri Ayti birinchilardan bo‘lib to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lgan), "Sohil qalqoni" qurolli guruhi asoschisi Muqdad Fotiha, Suriya razvedkasining sobiq rahbari Ibrohim Havija va Suriyaning 4-zirhli diviziyasining sobiq ofitseri G‘iyos Dalla. Dalla IIQKga va AQSH tomonidan terrorchi deb e’lon qilingan Livanning "Hizbulloh" guruhiga aloqador.

Eron proksilari va shia jangarilari bo‘yicha ekspert Filipp Smitning "Ozodlik" muxbiriga aytishicha, Eron o‘tish davri hukumatidan "haddan tashqari reaksiya" kutgan va o‘z maqsadiga erishgan.

Smitning aytishicha, Tehron "bu voqealar yuz berganidan mamnun", ayniqsa, Eronning Suriyada "keng ko‘lamli tartibsizliklar keltirib chiqarishi mumkinligi"ni hisobga olsak.